Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida (F-53-son)
17.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi oʻttiz ikki yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, Asosiy qonunimizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish, “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov):
Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanishini taʼminlasin;
barcha hududlarda aholining keng qatlamlari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini samarali oʻtkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va sanʼat arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlarini amalga oshirsin.
3. Joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, taʼlim va mehnat jamoalarida maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish;
soʻnggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning oʻrni va rolini yoritish;
“Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga oʻtilganligini ochib berish;
mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini taʼminlash, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng targʻib qilish;
“Konstitutsiya oyligi” doirasida umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida barcha oʻquvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslarini oʻtkazish.
4. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan;
Toshkent shahrida — Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining va Toshkent shahar hokimligining zaxira jamgʻarmalari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-oktabr,
F-53-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi F-53-son farmoyishiga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi F-53-son farmoyishiga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.
