Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-157-son)
14.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy hamda IT-xizmatlar koʻrsatish sohasini jadal rivojlantirish, ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-37-son Farmoni bilan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Belgilansinki, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi oʻrinlarda — IT-park) rezidentlariga quyidagi qoʻshimcha faoliyat turlari boʻyicha xizmat koʻrsatishga ruxsat beriladi:
axborot texnologiyalari sohasida tashkil etiladigan taʼlim xizmati doirasida, ushbu xizmatdan yillik umumiy daromadining 40 foizidan oshmagan holda, ingliz tili bilan bir qatorda boshqa xorijiy tillarni ham oʻqitish;
Internet jahon axborot tarmogʻi orqali axborot xizmatlarini (biznes-jarayonlari autsorsingi) eksport qilish faoliyati doirasida, ushbu xizmatdan yillik umumiy daromadining 40 foizidan oshmagan holda, biznes-jarayonlar autsorsingi yoʻnalishi boʻyicha taʼlim faoliyatini amalga oshirish;
Internet jahon axborot tarmogʻi orqali bilim jarayonlari autsorsingi (Knowledge Process Outsourcing) xizmatlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish.
2. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2025-yil 1-fevraldan boshlab 2030-yil 1-yanvarga qadar eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSh dollaridan oshgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini (shu jumladan, royalti toʻlanadigan) koʻrsatgan, Oʻzbekiston Respublikasi bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslarini ushbu kalendar yil yakuniga qadar foyda soligʻidan ozod etish;
b) 2025-yil 1-fevraldan boshlab 2040-yil 1-yanvarga qadar jami daromadi tarkibida eksporti hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan IT-park rezidentlarining taʼsischilari (ishtirokchilari) — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari singari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hamda foyda soligʻining 5 foiz stavkasini tatbiq etish;
v) 2028-yil 1-yanvardan boshlab 2040-yil 1-yanvarga qadar quyidagi mezonlardan biriga toʻgʻri keladigan IT-park rezidentlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5099-son Farmonida nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlarini uzaytirish (qoʻshilgan qiymat soligʻi bundan mustasno):
kalendar yil davomida jami daromadi tarkibida IT-park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari boʻyicha eksporti hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar;
kalendar yil davomida oʻn sakkiz yoshdan oshgan bitiruvchilarining 50 foizdan ortiq qismi IT-park rezidenti boʻlgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi mazkur banddan kelib chiqib, 2025-yil 1-yanvarga qadar Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar tajriba-sinov tariqasida IT-park rezidentlariga quyidagi barcha shartlar bajarilgan hollarda korporativ bank kartalari orqali reklama xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirishga ruxsat etiladi:
100 milliondan ortiq auditoriyaga ega Internet jahon axborot tarmogʻidagi xorijiy axborot resurslari va tizimlari (shu jumladan, veb-saytlar, platformalararo resurslar, ijtimoiy tarmoqlar va messendjerlar) reklama xizmatlaridan foydalanilganda;
kalendar yil davomida eksport tushumlarining 10 foizi doirasida, biroq 100 ming AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda;
reklama xizmatlari boʻyicha toʻlovlar haqidagi maʼlumotlar Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimiga kiritilgan taqdirda.
Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan tajriba-sinov natijalari asosida korporativ bank kartalari orqali reklama xizmatlari uchun toʻlovlarning ruxsat etiladigan yuqori miqdorlari kelgusida Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida belgilab boriladi.
4. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 1-apreldan boshlab oliy taʼlim muassasalarining axborot texnologiyalari sohasidagi fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega boʻlgan xorijlik professor-oʻqituvchilari, shuningdek, IT-park rezidenti maqomini olgan yuridik shaxsning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning oʻrinbosarlariga ham “IT-visa” berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Belgilansinki, raqamlashtirish sohasidagi eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar faoliyatini rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratish maqsadida 2028-yil 1-yanvarga qadar Raqamli texnologiyalar sohasida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.
Bunda Dastur ishtirokchilariga IT-park rezidenti maqomi beriladi va ular tomonidan koʻrsatilgan tegishli xizmatlar hajmidan kelib chiqib:
zamonaviy ofislar, kovorking markazlari, sport majmualari, tibbiyot va taʼlim xizmatlaridan foydalanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi yoxud ular boʻyicha hamkorlik dasturlari asosida chegirmalar taqdim etiladi;
hududlarda tashkil etilayotgan “IT-shaharcha”lar kovorking maydonlaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi hamda huquqiy maslahat xizmatlari koʻrsatiladi;
professional koʻnikmalarni rivojlantirish uchun xalqaro nufuzli platformalarda imtiyozli shartlarda taʼlim olish uchun sharoitlar yaratiladi;
tajriba almashish, ijtimoiy va biznes aloqalarni rivojlantirish maqsadida uchrashuv, forum va boshqa tadbirlar oʻtkazib boriladi.
6. Raqamli texnologiyalar sohasidagi xizmatlar eksportini oshirish va mamlakatimizga ushbu sohadagi xorijiy kompaniyalarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) quyidagilar Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi takliflari asosida tasdiqlanadi:
mazkur Farmonning 3-bandida koʻzda tutilgan 100 milliondan ortiq auditoriyaga ega boʻlgan Internet jahon axborot tarmogʻidagi xorijiy axborot resurslari va tizimlari roʻyxati;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-fevraldagi “Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-87-son qarorining 9-bandi “v” kichik bandida nazarda tutilgan prodyuserlik, reklama, reportaj va boshqa roliklarni tayyorlash hamda translyatsiya qilish xizmatlarini koʻrsatuvchi chet el kompaniyalari (shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar), xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalari, shuningdek, chet elda tadbirlar (koʻrgazmalar, anjumanlar, davra suhbatlari va seminarlar) tashkil qilish va ularda ishtirok etish xizmatlarini koʻrsatuvchi xorijiy kompaniyalar roʻyxatlari;
b) IT sohasidagi korxonalar faoliyatini rivojlantirish boʻyicha dasturlar va loyihalar asosida koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlash choralari yuzasidan maʼlumotlar (tashkilotlar kesimida) 2025-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi;
v) IT-park rezidentlari uchun imtiyozlar toʻgʻri qoʻllanishini taʼminlash hamda ularning samaradorligini monitoring qilib borish maqsadida 2027-yil 1-iyunga qadar:
Raqamli texnologiyalar vazirligi mavjud platformalarda IT-taʼlim xizmatini koʻrsatuvchi IT-park rezidentlarida tahsil olib, oʻquv kurslarini tamomlagan hamda IT-park rezidenti boʻlgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan bitiruvchilar reyestri yuritilishini tashkil qiladi;
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ushbu platforma soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
Soliq qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotini shakllantirishda ularning shaxsiy kabinetida ushbu platforma maʼlumotlarini onlayn koʻrib borish imkoniyatini yaratadi.
8. Raqamli texnologiyalar vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-oktabr,
PF-157-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PF-157-son FarmonigaILOVA
Raqamli texnologiyalar sohasidagi xizmatlar eksportini oshirish va mamlakatimizga ushbu sohadagi xorijiy kompaniyalarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
