Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-357-son)
14.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Joriy yilning 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, barqaror startap loyihalar ekotizimini shakllantirish va venchur kapital bozorini kengaytirish orqali mamlakatimizga xorijiy venchur investitsiyalarini jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Raqamli startaplar dasturini amalga oshirish (keyingi oʻrinlarda — Dastur) toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Dasturda quyidagi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin:
a) quyidagi talablarga mos keluvchi startap loyihalar:
faoliyat davomiyligi — 5 yilgacha;
kalendar yilida jami daromadi — 10 milliard soʻmdan oshmagan;
raqamli texnologiyalarga asoslangan, yuqori oʻsish va xorijiy bozorlarga chiqish salohiyati boʻlgan biznes modelga ega;
startap loyihalar ekotizimi platformasida roʻyxatdan oʻtgan;
b) startap ekotizimi ishtirokchilari — venchur jamgʻarmalar va xususiy investorlar hamda startap loyihalar uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini tashkillashtirish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari.
3. Belgilansinki, Dastur ishtirokchilariga quyidagi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari qoʻllanadi:
a) boshqaruvi ostidagi investitsiya aktivlari qiymati 50 million AQSH dollaridan koʻp boʻlgan xorijiy venchur jamgʻarmalardan investitsiya jalb qilgan startap loyihalarga mazkur investitsiyaga teng miqdorgacha boʻlgan, biroq 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda investitsiya mablagʻlarini ajratish;
b) quyidagi xarajatlarni qoplab berish:
5 yildan ortiq muddat davomida faoliyat yuritayotgan hamda kamida 100 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan yetakchi xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq tadbirkorlik, biznes va korporativ boshqaruv yoʻnalishlaridagi kurslarda oʻqish va sertifikat olish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizigacha boʻlgan, biroq 20 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;
inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizigacha boʻlgan, biroq 50 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;
patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlari;
v) Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi oʻrinlarda — IT-park) huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan garov taʼminotisiz, Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 300 million soʻmgacha miqdorda startap loyihalarga qarz mablagʻlarini ajratish;
g) IT-Visa berish amaliyotini startap loyihalarning taʼsischilari (ishtirokchilari) va mutaxassislariga ham tatbiq etish.
4. Raqamli texnologiyalar vazirligining Dastur uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan IT-park huzurida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida ustav fondi 10 million AQSH dollari ekvivalentiga teng boʻlgan raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur jamgʻarma tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda “UzVC” milliy venchur fondi butun moddiy-texnika bazasi bilan birga va uning ustav kapitalidagi davlat ulushi nominal qiymatda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. “UzVC” milliy venchur fondi faoliyati venchur jamgʻarmalarni moliyalashtiruvchi “Fondlar fondi” sifatida qayta tashkil etilsin, uning vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
investitsiya portfellarini shakllantirish va ularga mahalliy hamda xorijiy investorlarni jalb etish;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grant mablagʻlari hamda qoʻshma moliyalashtirish mexanizmlarini jalb qilish;
ajratiladigan resurslardan kam boʻlmagan miqdorda moliyaviy resurs ajratish sharti bilan xorijiy va mahalliy venchur jamgʻarmalarga talab qilib olish mexanizmi asosida oʻz moliyaviy resurslarini ishonchli boshqaruvga berish.
7. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 50 million AQSH dollari miqdorida foizsiz kredit ajratilishini taʼminlasin.
Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan kredit mablagʻlari:
2025-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligining soʻrovlariga muvofiq ajratiladi;
manzilli ravishda Dasturni amalga oshirish va raqamli texnologiyalar sohasidagi venchur jamgʻarma faoliyatini yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltiriladi;
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi, startap loyihalardagi ulushlarni sotishdan tushgan daromadlar, shuningdek, qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
8. Ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tijorat banklari va xoʻjalik jamiyatlariga quyidagilarga ruxsat berilsin:
venchur jamgʻarmalar tashkil etish, venchur investitsiyalarni amalga oshirish hamda ishonchli boshqarish shartnomasi asosida boshqa venchur jamgʻarmalarga oʻz mablagʻlarini berish;
startap loyihalarga ulush bilan kirganda oʻziga tegishli boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektlarini va texnik vositalarni tekin foydalanishga berishni nazarda tutgan holda startap-studiyalar tashkil etish;
startap-studiyalarni boshqarish huquqini IT-park, uning filiallari va startap ekotizimi ishtirokchisi boʻlgan boshqa tashkilotlarga berish;
oʻziga tegishli koʻchmas mulk obyektlarini startap loyihalar ekotizimi platformasida roʻyxatdan oʻtgan startap loyihalarga davlat mulki obyekti uchun belgilangan ijara stavkasining minimal miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish;
axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish (qoʻllab-quvvatlash) boʻyicha bir moliya yili davomida umumiy qiymati 500 million soʻmgacha boʻlgan bitta shartnoma doirasida startap loyiha bilan, ushbu startap loyihaning ustav fondi (kapitali)da 5 foizdan kam boʻlmagan ulushiga egalik qilish sharti bilan xarid jarayonlarini toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish;
2 million soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdordagi, biroq bir moliya yilida 200 million soʻmgacha, bir martalik xizmatlar (ishlar) boʻyicha Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat asosida oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslar uchun moʻljallangan mahalliy raqamli platformalarda toʻgʻridan-toʻgʻri buyurtmalarni rasmiylashtirish.
9. 2025-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar Dastur doirasida 1-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmonida belgilangan tartib asosida raqamli startaplar sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi (keyingi oʻrinlarda — maxsus huquqiy rejim) joriy etilsin.
Raqamli texnologiyalar vazirligi 2027-yil 1-yanvarga qadar maxsus huquqiy rejim natijalari toʻgʻrisida tahliliy maʼlumot, zarurat tugʻilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan joylashtiriladigan hamda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xususiyatiga ega, shu jumladan, turli qatlamdagi aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan startap loyihalar toʻgʻrisidagi reklama ijtimoiy axborot sifatida eʼtirof etilsin.
12. 2024 — 2026-yillarda startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-oktabr,
PQ-357-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-357-son qaroriga 1-ILOVA
Raqamli startaplar sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish
JADVALI
Maxsus huquqiy rejim ishtirokchilari Ishtirokchilarga beriladigan huquqlar Muvofiqlashtiruvchi davlat organi Davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan venchur jamgʻarmalar va startaplar Startap loyihalarga, jumladan, rentabellikka erishish ehtimoli kam boʻlgan loyihalarga investitsiya kiritish hamda ularning ustav fondida ulush asosida ishtirok etish Raqamli texnologiyalar vazirligi Oʻz mablagʻlarini yangi ishlanmalarni amalga oshirish uchun garovsiz, kafilliksiz va kafolatsiz qarz sifatida berish Qarz yoki kreditni kelgusida startap loyiha ulushining (aksiyalari) bir qismiga aylantirish imkonini beruvchi ayirboshlanadigan qarz toʻgʻrisidagi shartnoma tuzish Startap loyiha rivojlanishning maʼlum bir bosqichiga yetganida yoki ustav fondini (kapitalini) oshirganida ulush olish huquqini beruvchi kelajakdagi kapital toʻgʻrisidagi shartnoma tuzish Ishonchli boshqarish shartnomasi asosida oʻz mablagʻlarini ishonchli boshqaruvga berish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-357-son qaroriga 3-ILOVA
2024 — 2026-yillarda startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh: Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan mazkur “yoʻl xaritasi”ga aniqlik kiritilishi mumkin.
