49715-modda. Xususiy shikoyat va protestlarni hal qilish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, xoʻjalik protsessual va Fuqarolik protsessual kodekslariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (163-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Xususiy shikoyat yoki protest apellatsiya shikoyatlari yoki protestlari bilan bir vaqtda koʻrib chiqiladi.
Xususiy shikoyat yoki protestni hal qila turib, raislik qiluvchi sud muhokamasi barcha ishtirokchilarining fikrini soʻraydi, zarur hollarda jinoyat ishining berilgan shikoyat yoki protestga aloqador materiallarini oʻqib eshittiradi. Xar bir xususiy shikoyat yoki protest boʻyicha sud oʻsha erning oʻzida yoki maslahatxonada ajrim chiqaradi.
Ish yuzasidan faqat xususiy shikoyat yoki protest tushgan boʻlsa, hukm chiqargan sud apellatsiya shikoyati berish yoki protest bildirish uchun belgilangan muddat tugashi bilan ishni yuqori sudga yuboradi.
Xususiy shikoyat yoki protestni hal qilish sud tomonidan shikoyat yoki protest bergan shaxsni, shuningdek uning tomonidan kelishi soʻralgan shaxslarni yoxud sudning oʻzi lozim deb topgan shaxslarni taklif etgan holda amalga oshiriladi.
Xususiy shikoyat yoki protest boʻyicha chiqarilgan sud ajrimi qatʼiy hisoblanadi.
