Oʻzbekiston Respublikasida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi faoliyati toʻgʻrisida
25.10.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlarning oʻzaro doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash istagida,
oʻzaro tenglik va manfaatdorlik tamoyillari asosida iqtisodiy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni yanada takomillashtirish uchun Tomonlarning oʻzaro intilishlarini inobatga olgan holda,
ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitimning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi Dasturlar muvofiqlashtiruv ofisining (keyingi oʻrinlarda — TIKA ofisi) ushbu Bitimda koʻrsatilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishdagi faoliyati tartibi va shartlarini belgilashdan iborat.
2-modda
2.1. Tomonlar ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor yoʻnalishlar va ehtiyojlarni hisobga olgan holda quyidagi sohalarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
atrof-muhitni muhofaza qilish;
suv, sanitariya, oʻrmon xoʻjaligi va geologiya;
qishloq xoʻjaligi, agrar sanoat, oziq-ovqat sanoati;
sogʻliqni saqlash;
madaniyat va turizm, tarixiy yodgorliklarni taʼmirlash;
infrastrukturani rivojlantirish;
qishloq va shahar hududlarini rivojlantirish;
kichik va oʻrta hajmli korxonalarni rivojlantirish;
energiya;
davlat va xususiy boshqaruv tuzilmalarni qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash;
iqtisodiy rivojlanish loyiha va dasturlari;
fan va taʼlim;
makroiqtisodiy boshqaruv;
transport;
qashshoqlikni bartaraf etish;
gumanitar yordam;
oʻzaro manfaatli boshqa sohalar.
2.2. Rivojlanish maqsadidagi hamkorlik loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda zarur boʻlgan texnik yordam koʻrsatish, uskuna va materiallar taqdim etish, oʻquv va konsalting xizmatlarini koʻrsatish, axborot va tajriba almashish shaklida amalga oshirilishi mumkin.
2.3. Muhim loyiha va dasturlar alohida kelishuvlar asosida amalga oshirilishi mumkin.
3-modda
3.1. Tomonlar TIKA ofisi yuridik shaxs ekanligini va oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi va mazkur Bitimga asosan amalga oshirishini hamda quyidagi huquqlarga egaligini tan oladilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan mulkiy va shaxsiy huquq va majburiyatlarga ega boʻlish va amalga oshirish;
b) muzokara olib borish hamda bitimlar va kontraktlar tuzish;
v) banklarda hisob raqami ochish va yuritish;
g) Oʻzbekiston Respublikasining har qanday sudlarida daʼvogar yoki javobgar sifatida ishtirok etish hamda Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlariga murojaat qilish.
3.2. TIKA ofisining rahbari va kerakli miqdordagi xorijlik xodimlari uning vakillari sifatida TIKA Bosh qarorgohi tomonidan tayinlanadilar.
4-modda
4.1. Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga muvofiq, TIKA ofisi iqtisodiy va texnikaviy hamkorlikni amalga oshiruvchi xorijiy davlat hukumat tashkiloti vakolatxonasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtadi.
4.2. TIKA ofisi rahbari va uning xorijlik xodimlari iqtisodiy va texnikaviy hamkorlikni amalga oshiruvchi xorijiy davlat hukumat tashkiloti vakolatxonasi rahbari va xodimlari sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtadilar.
4.3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati TIKA ofisiga quyidagi imkoniyat, imtiyoz va immunitetlarni taqdim etadi:
TIKA ofisi loyihalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan import qilingan jihoz va buyumlarni bojxona toʻlovlari va soliqlardan ozod qilish;
TIKA ofisi ehtiyojlari uchun “vaqtincha import” bojxona rejimi ostida kiritilayotgan transport vositalarini davriy bojxona toʻlovidan ozod etish;
TIKA ofisining xorijlik xodimlariga toʻlanadigan ish haqi va bonuslar bilan bogʻliq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlardan ozod qilish.
4.4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati TIKA ofisi xorijlik xodimlari va ularning oila aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasining hududiga kirishi va undan chiqishi, unda boʻlishi, roʻyxatdan va akkreditatsiyadan oʻtishiga koʻmaklashadi.
4.5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati TIKA ofisi xorijlik xodimlari va ularning oila aʼzolarini quyidagilar bilan taʼminlaydi:
shaxsiy ehtiyoj uchun import qilingan tovarlarni bojxona toʻlovi va soliqlardan ozod qilish;
TIKA ofisi har bir xorijlik xodimining shaxsiy foydalanishi maqsadida “vaqtincha import” bojxona rejimi ostida kiritiladigan transport vositalarini davriy bojxona toʻlovidan ozod etish;
jismoniy shaxslarning rasmiy majburiyatlarini amalga oshirish natijasida olingan toʻlov va bonuslar bilan bogʻliq daromadlariga solinadigan soliqlardan ozod qilish.
4.6. TIKA ofisi Oʻzbekiston Respublikasining hududida oʻz faoliyatini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasining mehnat, ijtimoiy taʼminot va tibbiy sugʻurta sohasidagi qonun va qoidalariga amal qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi shaxslarni ishga qabul qilishi mumkin.
5-modda
5.1. TIKA ofisi va uning xodimlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga amal qilishlari va davlatning ichki ishlariga aralashmasliklari shart.
5.2. TIKA ofisi faoliyati davomida huquqbuzarlik sodir etilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zarur hujjat va maʼlumotlarni talab qilishga, shuningdek, aniqlangan huquqbuzarlikni bartaraf etish haqida xabarnoma yuborishga haqli.
5.3. Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi buzilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi hamda xalqaro huquqiy normalarga muvofiq choralar koʻrishga haqli.
6-modda
6.1. Ushbu Bitimning 2-moddasi qoidalarini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining soʻrovlari TIKA ofisi orqali Turkiya Respublikasining tegishli organlariga yuboriladi. TIKA ofisi loyiha va dasturlarni amalga oshirish va nazorat qilish uchun masʼul boʻlgan Oʻzbekiston va Turkiya organlari oʻrtasidagi aloqani taʼminlaydi, shuningdek, loyiha va dasturlarni amalga oshirishda zarur maxfiy boʻlmagan axborotlarni soʻrab Oʻzbekiston organlariga murojaat etishga haqli.
6.2. Tomonlar loyiha va dasturlar takrorlanishining oldini olish maqsadida hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish uchun zarur choralarni koʻradilar.
6.3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati loyiha va dasturlarning turli bosqichlari samarali amalga oshirilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq zarur litsenziya va ruxsatnomalarni berishda koʻmaklashadi.
7-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan nizolar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan ushbu Bitimning 9-moddasiga muvofiq kuchga kiradigan va mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
9.1. Mazkur Bitim Tomonlar tarafidan Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki protseduralar bajarilganligi toʻgʻrisidagi oxirgi xabarnomani diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab oʻttiz (30) kun oʻtgach kuchga kiradi.
9.2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va bir Tomonning boshqa Tomondan Bitimni bekor qilish istagi toʻgʻrisida yozma xabarnomani olgan kundan boshlab olti oy muddatgacha amal qiladi.
9.3. Mazkur Bitimning bekor qilinishi amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan faoliyatga taʼsir qilmaydi.
Anqara shahrida 2017-yil 25-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
