Oʻzbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-345-son)
30.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Milliy malaka tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va taʼlimning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash, malakaga boʻlgan talablarni huquqiy va institutsional jihatdan tartibga solish hamda barcha uchun hayoti davomida taʼlim olish va mehnat faoliyatini izchil davom ettirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar Milliy malaka tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
Milliy malaka tizimining normativ-huquqiy, institutsional va uslubiy asoslarini takomillashtirish;
xalqaro standartlar asosida Mashgʻulotlar, kasb va lavozimlar milliy klassifikatorini ishlab chiqish va rivojlantirish;
malaka ramkalari, kasbiy standartlar va malaka talablarini ish beruvchilar talablari asosida ishlab chiqish, joriy qilish va rivojlantirish;
yangi avlod kasbiy standartlar asosida mehnat munosabatlarini tartibga solish, oliy va professional taʼlim dasturlarini takomillashtirish hamda kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish;
malakalarning xalqaro miqyosda tan olinishini, milliy malaka darajalarining ilgʻor xorijiy davlatlar malaka darajalari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash;
norasmiy va informal orttirilgan koʻnikma va malakalarni tan olish (“Recognition of Prior Learning”) tizimini joriy qilish;
koʻnikmalarni prognozlashtirish (“skills anticipation”), koʻnikmalarga boʻlgan ehtiyojlarni tahlil qilish (“skills needs analysis”), koʻnikmalar bilan bogʻliq kamchiliklarni oʻrganish (“skills gap analysis”) vositalari va metodologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
Milliy malaka tizimini toʻlaqonli yoʻlga qoʻyish boʻyicha strategik rejalar ishlab chiqish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;
Milliy malaka tizimini rivojlantirish jarayonlarini monitoring qilish, jamoatchilik fikrini oʻrganish va axborot almashinuvini samarali yoʻlga qoʻyish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasining milliy malakalar ramkasi 1-ilovaga muvofiq;
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashining asosiy vazifalari 3-ilovaga muvofiq;
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlari (keyingi oʻrinlarda — tarmoq kengashlari) faoliyatini tashkil etish uchun masʼul vazirlik va idoralar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlarining asosiy vazifalari 5-ilovaga muvofiq;
2025-2026-yillarda kasbiy standartlarni ishlab chiqish reja-jadvali 6-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida Milliy malaka tizimini tubdan modernizatsiya qilish hamda ushbu sohada ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi):
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari institutining 40 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga Loyiha ofisi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish;
Mehnat bozori tadqiqotlari instituti moddiy-texnika bazasi, bino va inshootlari hamda avtotransport vositalarining qisqartirilayotgan shtat birliklariga mutanosib qismini Institutga berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
4. Belgilansinki:
Institut yuridik shaxs maqomiga ega davlat muassasasi hisoblanadi;
Institut faoliyatini moliyalashtirish 2024-yilda Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan ajratiladigan maqsadli ajratmalar hisobidan, 2025-yildan boshlab esa Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasiga tegishli miqdordagi budjetdan ajratmalarni qisqartirish orqali Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
Toshkent shahri Olmazor tumani Talabalar shaharchasi 5/1-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida Institutga oʻtkaziladi.
5. Quyidagilar:
Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutining faoliyatini tashkil etish tartibi 8-ilovaga muvofiq;
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti faoliyatining 2025-2026-yillar uchun asosiy maqsadli koʻrsatkichlari 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (B. Yuldashev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) 2025-yil 1-fevralga qadar Institutda Milliy malaka tizimini rivojlantirish boʻyicha malaka oshirish kurslarini yoʻlga qoʻysin;
b) 2025-yil 1-sentabrga qadar:
mehnat bozori va taʼlim integratsiyasini taʼminlash maqsadida koʻnikmalarga boʻlgan ehtiyoj boʻyicha tahliliy maʼlumotlar va takliflar tayyorlasin;
kasbiy standartlar asosida natijaga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqsin;
malakalarni baholash markazlarini uslubiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida asosiy baholash mezonlarini ishlab chiqsin;
v) 2025-yil 1-noyabrga qadar, shu jumladan, quyidagi imkoniyatlarni taqdim etuvchi Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasi ishlab chiqilishini va amaliyotga kiritilishini taʼminlasin:
tarmoq kengashlari, milliy va tarmoq malaka ramkalari, Mashgʻulotlarning milliy klassifikatori, tasdiqlangan kasbiy standartlar, ekspertizadan oʻtkazilgan va amalga kiritilgan taʼlim dasturlari reyestri, malakalarni baholash markazlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Milliy malaka tizimini rivojlantirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va uslubiy qoʻllanmalar bilan erkin tanishish va ulardan foydalanish;
kasbiy standartlar loyihalarini ishlab chiqish, muhokamadan oʻtkazish va manfaatdor tomonlar bilan kelishish;
talabgorlar tomonidan malakani baholash va tan olish uchun ariza berish, imtihon natijalari toʻgʻrisida maʼlumot olish hamda malakalarni baholash markazlari qarori ustidan apellyatsiya berish;
kasbiy malakani baholash va tan olish toʻgʻrisida berilgan yoki bekor qilingan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan erkin tanishish;
g) 2026-yil 1-dekabrga qadar ilgʻor xorijiy tajriba asosida 1 800 ta kasbni qamrab oluvchi kasbiy standartlar ishlab chiqilishini va amaliyotga kiritilishini taʼminlasin.
7. Belgilansinki:
tarmoq kengashlarining ishchi organi inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmalari, yirik tarmoq korxonalari, sohaga oid ilmiy-tadqiqot va taʼlim tashkilotlari boʻlishi mumkin;
ishchi organ tarmoq kengashlari bilan kelishilgan holda ishlab chiqilayotgan kasbiy standartlar va boshqa hujjatlarning xususiyatlarini inobatga olib, ekspertlar ishchi guruhlarini tashkil etishga haqli;
tarmoq kengashlarining faoliyatini tashkil etish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar ekspertlar ishchi guruhlarining ishlariga jalb etiladigan xodim va ekspertlarga oʻz mablagʻlari hisobidan mukofot puli toʻlashi mumkin.
8. Tarmoq kengashlari faoliyatini tashkil etish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar ikki hafta muddatda oʻzlarining markaziy apparati tuzilmasida umumiy shtat birliklari doirasida ushbu qarorga 4-ilovaga muvofiq kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha alohida bosh mutaxassis (keyingi oʻrinlarda — masʼul mutaxassis) lavozimini kiritsin.
Masʼul mutaxassis zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
tarmoq kengashi kotibi vazifasini bajarish, uning ish rejasini shakllantirish va amalga oshirish masalalari boʻyicha materiallar va takliflarni umumlashtirish;
tarmoq kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan materiallar va hujjatlarning ekspertiza uchun taqdim etilishini taʼminlash;
tarmoq kengashi aʼzolari bilan hamkorlikda tarmoq malaka ramkalari va kasbiy standartlarni ishlab chiqish boʻyicha kichik ishchi guruhlarni tashkil etish;
ekspertlar, manfaatdor taʼlim tashkilotlari va ilmiy muassasalar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
tarmoq kengashlariga biriktirilgan masʼul xodimlar va ekspertlar faoliyatini muvofiqlashtirish.
Belgilansinki, masʼul mutaxassislar uchun ajratilgan shtat birliklarini qisqartirish Respublika kengashi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
9. Respublika kengashi (A. Aripov):
bir oy muddatda tarkibining kamida 50 foizi ish beruvchilarning vakillaridan iborat boʻladigan tarmoq kengashlari tarkiblari tasdiqlanishini;
ikki oy muddatda tarmoq kengashlariga sohaviy taalluqliligi boʻyicha yirik ish beruvchi tashkilotlar, xoʻjalik birlashmalari hamda tayanch taʼlim muassasalarining biriktirilishini;
2024-yil yakuniga qadar ilgʻor xorijiy tajriba asosida tarmoq malaka ramkalari ishlab chiqilishi va amaliyotga kiritilishini;
2025-yil yakuniga qadar barcha tarmoqlar kesimida ehtiyoji eng yuqori boʻlgan kasbiy faoliyat sohalari (turlari) boʻyicha kasbiy standartlar ishlab chiqilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (A. Jumanazarov) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Zaxidov), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Loyiha ofisi (A. Xudaykulov), boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2024-yil 1-dekabrga qadar xalqaro tajriba va standartlar asosida Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorining qayta koʻrib chiqilishini va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanishini;
2025-yil 1-avgustga qadar Mashgʻulotlarning xalqaro standart klassifikatori (MXSK-2008)dan kelib chiqib Mashgʻulotlarning milliy klassifikatori ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.
Belgilansinki, ushbu klassifikatorlar tarmoq kengashlari takliflari hamda mehnat bozori tahlili asosida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan yangilab boriladi.
11. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (O. Fozilkarimov) ikki oy muddatda Mashgʻulotlarning milliy klassifikatorini ishlab chiqish hamda Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasini yaratish uchun davlat ilmiy dasturlari doirasida grantlar ajratish choralarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Djurabayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari orqali mazkur qaror amalga oshirilishi toʻgʻrisida aniq koʻrsatkichlar va natijalarni ifodalagan holda, axborot-tahliliy sharhlarni tizimli ravishda tayyorlash va eʼlon qilish choralarini koʻrsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4939-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori B.Gʻ. Yuldashev, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-sentabr,
PQ-345-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining milliy malakalar ramkasi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasining milliy malakalar ramkasi (keyingi oʻrinda — Milliy malakalar ramkasi) mehnat bozori va taʼlim tizimini bogʻlovchi vosita boʻlib, malaka darajalarining umumlashtirilgan tavsifi va ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida erishishning asosiy yoʻllarini belgilaydi.
2. Milliy malakalar ramkasi Oʻzbekiston Respublikasi milliy malaka tizimining tarkibiy qismi boʻlib, oʻqitish natijalarini milliy baholash tizimini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
3. Milliy malakalar ramkasi tarmoq malaka ramkalarini, kasbiy standartlar va taʼlim dasturlarini hamda milliy va xalqaro darajadagi taʼlimning barcha darajalari uchun malakalarga erishish va tan olish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
2-bob. Milliy malakalar ramkasining mazmuni
4. Milliy malakalar ramkasini joriy qilish quyidagilar uchun imkon yaratadi:
kasbiy standartlar va taʼlim dasturlarini yagona uslubiy asosda ishlab chiqish;
oʻqitish natijalari, malaka va kompetensiyalarga qoʻyiladigan talablarni yagona nuqtai nazardan tavsiflash;
ishga qabul qilish, xodimlarni tashkilot ichida va tashkilotlararo vertikal va gorizontal harakatlantirish jarayonida malaka talablarini belgilash;
baholash vositalarini va taʼlimning barcha bosqichlaridagi bitiruvchilar malakasini aniqlash tartibini ishlab chiqish;
mehnat bozori va taʼlim tizimini rivojlantirishning umumiy strategiyasini shakllantirish, shu jumladan, muayyan malaka olishga, malaka darajasini oshirishga va martaba oʻsishiga olib keladigan turli taʼlim trayektoriyalarini rejalashtirish.
5. Milliy malakalar ramkasi Yevropa malakalar ramkasiga va Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq boʻlgan sakkizta malaka darajasini, shuningdek, mos malakalar darajalariga erishishning asosiy yoʻllarini oʻz ichiga oladi.
6. Milliy malakalar ramkasi jadval koʻrinishida shakllantirilgan boʻlib, unda har bir malaka darajasi boʻyicha kasb faoliyatini amalga oshirish uchun talab qilinadigan bilimlar, mahorat va koʻnikma, masʼuliyat va mustaqillik, shuningdek, tegishli malaka darajasiga erishish yoʻllari belgilanadi, ularning batafsil tafsilotlari esa tarmoq malaka ramkalari va kasbiy standartlarda aks ettiriladi.
7. Milliy malakalar ramkasi quyidagi prinsiplarni hisobga olgan holda qoʻllanadi:
keng qamrovlilik — taʼlimning barcha turlarini, shu jumladan, norasmiy va informal oʻqitish jarayonlarini qamrab olishi va zamonaviy malaka turlarini aks ettirishi;
shaffoflik va taqqoslanuvchanlik — xalqaro taqqoslash uchun qoʻllanma vazifasini bajarishi;
oddiydan murakkabga — quyi bosqichdan yuqori darajaga oʻtishda oʻqitish natijalarining ortishi va murakkabligini aks ettirishi;
moslashuvchanlik — mehnat bozorida paydo boʻladigan malakalarning yangi turlarini ishlab chiqish va malaka ramkasiga oson integratsiya qilish imkonini berishi.
8. Milliy malakalar ramkasidagi koʻrsatkichlar quyidagicha tavsiflanadi:
a) “bilimlar” koʻrsatkichi kasbiy faoliyatda foydalaniladigan bilimlarga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi hamda quyidagilar bilan ifodalanadi:
foydalanilayotgan axborotning hajmi va murakkabligi;
qoʻllanayotgan bilimlarning innovatsiyaviyligi;
nazariy va amaliy bilimlar nisbati;
b) “koʻnikma (mahorat)” koʻrsatkichi koʻnikmalarga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi hamda quyidagilar bilan ifodalanadi:
kasbiy vazifalarni hal qilish yoʻllarining xilma-xilligi (variativligi);
kasbiy vazifalarni hal qilish yoʻllarini tanlash yoki ishlab chiqish zarurati;
v) “masʼuliyat va mustaqillik” koʻrsatkichi xodimning umumiy kompetensiyasini belgilaydi hamda quyidagilar bilan ifodalanadi:
rahbarlik ostidagi faoliyat;
mustaqil ijro intizomi;
rahbarlik faoliyati;
faoliyat koʻlami — vakolat va masʼuliyatning kengligi, javobgarlik, kasbiy faoliyatdagi ehtimoliy xatoning oqibatlari;
g) “malaka darajasiga erishish yoʻllari” koʻrsatkichi kasbga oʻqitish, taʼlim va amaliy ish tajriba bilan bogʻliq holda tegishli malaka darajasiga erishish yoʻllarining moslashuvchanligi va xilma-xilligini taʼminlovchi sifatida ifodalanadi.
9. Milliy malakalar ramkasi asosida kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlari ish beruvchilar birlashmalari bilan hamkorlikda tarmoq malaka ramkalarini hamda kasbiy standartlarni ishlab chiqadi.
3-bob. Milliy malakalar ramkasining tuzilishi
Izoh:
1) 2005-yilga qadar texnikumlarda olingan taʼlim, shuningdek, kasb-hunar kollejlari, oʻrta hunar-texnika bilim yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlarida olingan taʼlim oʻrta professional taʼlimga, texnika bilim yurtlarida olingan taʼlim esa — boshlangʻich professional taʼlimga, tugallanmagan bakalavriat bosqichi — oʻrta maxsus professional taʼlimga tenglashtiriladi;
2) Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashiga mazkur jadvalga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 2-ILOVA
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi
tarkibi
1.A.N. Aripov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Respublika kengashi raisi2.B.Gʻ. Yuldashev—Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori, Respublika kengashi raisi oʻrinbosari3.M.I. Xodjayeva—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi4.K.M. Rafikov—Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi5.D.A. Vaxobov—Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi6.M.B. Nurmuratov—Markaziy bank raisi7.K.A. Sharipov—oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri8.X.U. Umarova—maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri9.B.E. Zaxidov—kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri10.L.Sh. Kudratov—investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri11.A.J. Tashkulov—adliya vaziri12.A.A. Xudayarov—sogʻliqni saqlash vaziri v.b.13.Sh.X. Shermatov—raqamli texnologiyalar vaziri14.Sh.S. Xidoyatov—qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri v.b.15.I.Yu. Abduraxmonov—qishloq xoʻjaligi vaziri16.Sh.R. Xamrayev—suv xoʻjaligi vaziri17.J.T. Mirzamahmudov—energetika vaziri18.O.A. Nazarbekov—madaniyat vaziri19.A.I. Ikramov—sport vaziri20.I.R. Maxkamov—transport vaziri21.A.A. Abduxakimov—ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri22.B.F. Islamov—togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri23.S.S. Abdullayev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori oʻrinbosari24.Sh.D. Kudbiyev—Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi raisi25.I.I. Norqulov—iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari26.A.R. Jumanazarov—Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori27.S.T. Zuparov—favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari28.U.U. Rozukulov—“Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruv raisi29.T.R. Muxamedjanov—“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisi v.b.30.M.M. Sultonov—“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi v.b.31.M.M. Yunusov—“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi32.A.A. Sultonov—“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi v.b.33.B.B. Boboqulov—“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi v.v.b.34.E.S. Margeshvili—Oʻzbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi ijrochi direktori35.M. Umarov—Oʻzbekiston iqtisodiyot assambleyasi raisi36.F.N. Jurayev—“WORLDSKILLS UZBEKISTAN” Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi boshqaruv raisi37.Lavozimiga koʻra—Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori, Respublika kengashi kotibi
Izoh:
1. Respublika kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
2. Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha Respublika kengashi raisiga mazkur kengash tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 3-ILOVA
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashining
asosiy vazifalari
a) Milliy malaka tizimini joriy etish va rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatini belgilash;
b) Milliy malaka tizimi joriy qilinishini monitoring qilish, baholash va strategik rejalashtirish;
v) Milliy malaka tizimini rivojlantirish va joriy qilish jarayoniga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, ish beruvchilar, oliy va professional taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar hamda jamoat birlashmalarini jalb qilish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;
g) kasbiy malakalar boʻyicha tarmoq kengashlarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;
d) tarmoq malaka ramkalari va kasbiy standartlar maketlari va loyihalarini tasdiqlash, ularning ishlab chiqilishini monitoring qilish hamda yangilab borilishini muvofiqlashtirish;
e) ish beruvchilar talablarining taʼlim dasturlari mazmuni bilan oʻzaro integratsiyasini kuchaytirish, taʼlim sifatini oshirishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
j) malakalarni baholash markazlari faoliyatini akkreditatsiyadan oʻtkazishni tashkillashtirish;
z) Milliy malaka tizimining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash choralarini koʻrish;
i) Milliy malaka tizimini raqamlashtirish va tizimga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
k) kasbiy standartlar sifatli ishlab chiqilishi va amaliyotda qoʻllanishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 4-ILOVA
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlari faoliyatini tashkil etish uchun masʼul vazirlik va idoralar roʻyxati
Izoh: Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashiga tegishli vazirlik va idoralarning takliflariga binoan ularning umumiy shtat birliklari soni doirasida mazkur roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 5-ILOVA
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlarining asosiy vazifalari
a) mehnat bozori monitoringi asosida tarmoqlarning malakalarga boʻlgan ehtiyojlari va tendensiyalarini aniqlash;
b) mehnat bozori talablari va oʻqitish natijalarini (learning outcomes) inobatga olgan holda tegishli sohalar boʻyicha tarmoq malaka ramkalarini ishlab chiqish, joriy etish va takomillashtirib borish;
v) kasbiy standartlarni ishlab chiqish va takomillashtirib borish;
g) tarmoqda malakalarni baholash markazlarini tashkil etish, shuningdek, malakalarni baholash vositalarining ishlab chiqilishini taʼminlash hamda ekspertizadan oʻtkazish;
d) malakalarni baholash jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish choralarini koʻrish;
e) taʼlim dasturlarining kasbiy standartlarga muvofiqligini baholash va takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
j) mehnat bozorini oʻrganib borish, unda paydo boʻlishi kutilayotgan kasblarni klassifikatorga kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
z) Tarmoq kengashi faoliyatida, tarmoq malaka ramkalari va kasbiy standartlarni ishlab chiqish jarayoni hamda muhokamalarida xususiy sektor vakillari bilan hamkorlikni tashkil etish;
i) Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 6-ILOVA
2025-2026-yillarda kasbiy standartlarni ishlab chiqish
REJA-JADVALI
Izoh: Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashiga mazkur reja-jadvalga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Milliy malaka tizimini tubdan modernizatsiya qilish hamda ushbu sohada ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh: Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashiga mazkur “Yoʻl xaritasi”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 8-ILOVA
Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutining faoliyatini tashkil etish tartibi
1. Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut)ning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashining (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) ishchi organi vazifasini bajarish;
Respublika kengashi, tarmoq kengashlari va malakalarni baholash markazlari faoliyatini tashkiliy-uslubiy, ekspert va tahliliy jihatdan taʼminlash;
tarmoq malaka ramkalari, kasbiy standartlar va baholash vositalarining ishlab chiqilishi boʻyicha umumiy nazoratni amalga oshirish, ularni ekspertizadan oʻtkazish va joriy etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish;
taʼlim dasturlarini tegishli kasbiy standartlar yoki malaka talablariga muvofiqligi boʻyicha xulosalar berish;
malakalarni baholash markazlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, faoliyatini monitoring qilish, ularning reyestrini yuritish va zarur hollarda ularga uslubiy yordam koʻrsatish;
Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasini joriy etish, texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash, boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilish, shuningdek, Milliy malaka tizimi masalalari boʻyicha maʼlumotlarni kiritish, tahlil qilish va qayta ishlashni amalga oshirish;
Milliy malaka tizimini rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda bu borada metodologik xizmatlar koʻrsatish;
tarmoq kengashlari aʼzolari va malakalarni baholash markazlari xodimlarining malakasini oshirish;
tasdiqlangan malakaga ega shaxslar milliy reyestrini hamda kasbiy standartlar reyestrini shakllantirish va yuritish;
vazirlik va idoralardagi kasbiy malakalarni rivojlantirishga masʼul boʻlgan mutaxassislar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga amaliy yordam berish.
2. Belgilansinki:
Institutning Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv va ilmiy xodimlarining umumiy cheklangan shtatlari soni 40 nafar etib belgilanadi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari institutining shtat birliklari hisobidan butlanadi;
Institut direktori va uning oʻrinbosari Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Agentlik direktoriga, zarur hollarda, Institut xodimlarining tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Institut tuzilmasiga oʻzgartishlar kiritish huquqi beriladi;
Institut xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi;
Institutga oʻz vazifalarini bajarish maqsadida tegishlicha oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning professor-oʻqituvchilarini, yosh olimlar va isteʼdodli talabalarni, shuningdek, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda vaqtinchalik ilmiy guruhlarni tashkil etish vakolati beriladi;
Institut tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buyurtmalari boʻyicha shartnoma asosida tarmoq malaka ramkalari, kasbiy standartlar va baholash vositalarini ekspertiza qilish hamda malakalarni baholash markazlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatiladi. Bunda ushbu xizmatlar uchun toʻlov miqdorlari Agentlik bilan kelishilgan holda Institut tomonidan oʻrnatilgan tartibda belgilanadi.
3. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
2024-yilda Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan ajratiladigan maqsadli ajratmalar;
2025-yildan boshlab (Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasiga tegishli miqdordagi budjetdan ajratmalarni qisqartirish orqali) Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan har yillik mablagʻlar;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar;
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ajratiladigan grantlar;
xoʻjalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushadigan tushumlar;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Institutga:
Milliy malaka tizimini rivojlantirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
Milliy malaka tizimini rivojlantirish sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish jarayonlarida ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasining milliy malakalar ramkasida nazarda tutilmagan taʼlimlar boʻyicha malakalar darajasini belgilash;
malaka tizimining ishtirokchilari sifatida oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarmayotgan vazirlik va idoralar mansabdor shaxslarining javobgarligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha Respublika kengashiga takliflar kiritish huquqi berilsin.
5. Institut direktoriga Agentlik bilan kelishilgan holda Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat etiladi:
Institutda ishlash uchun xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan, chet eldagi vatandoshlarni shartnoma asosida jalb qilish hamda ularning mehnatiga haq toʻlash;
Institut xodimlarini Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibda moddiy ragʻbatlantirish.
6. Institutning shtat birliklari toʻldirilmaganligi munosabati bilan boʻshaydigan mablagʻlar, shuningdek, xodimlarning ish haqi fondidan iqtisod qilingan mablagʻlar Institut xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Institut xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va mukofotlash, shuningdek, Institutning budjetdan tashqari mablagʻlaridan foydalanish tartibi Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
7. Institut oʻzining vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlarini, shu jumladan, xorijiy valyutadagi mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishi va olingan daromadlarni tasarruf etishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga 9-ILOVA
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti faoliyatining 2025-2026-yillar uchun asosiy maqsadli koʻrsatkichlari
