“2511-modda. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining yoki psixotrop moddalarning, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-971-son) · Sana: 05.10.2024 · Amalda
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar maktabgacha taʼlim tashkilotlari, oʻquv yurtlari hududida va talabalarning (oʻquvchilarning) yotoqxonalarida, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida yoki talabalar (oʻquvchilar) tomonidan oʻquv, sport yoki jamoat tadbirlarini oʻtkazish uchun foydalaniladigan boshqa joylarda, shuningdek ularga tutash hududlarda sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
