28-modda. Kreativ industriya parkining rezidentlari
Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida (O‘RQ-970-son) · Sana: 03.10.2024 · Amalda
Kreativ industriya sohasidagi biznes rejasi kreativ industriya parki direksiyasi tomonidan maʼqullangan va jami yillik daromadining kamida sakson foizini kreativ industriya sohasidagi faoliyatidan olingan daromad tashkil etadigan kreativ industriya subyektlari kreativ industriya parkining rezidentlari boʻlishi mumkin.
Yangi tashkil etilgan (roʻyxatdan oʻtkazilgan) kreativ industriya subyektlarini kreativ industriya parkining rezidentligiga qabul qilishda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kreativ industriya sohasidagi faoliyatidan olingan daromadning minimal miqdori boʻyicha shartlar inobatga olinmaydi. Bunda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar moliya yilining yakunlariga koʻra bajarilmagan taqdirda, foydalanilgan imtiyozlar summasi soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan qayta hisoblanadi va budjetga undiriladi.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar kreativ industriya parkining rezidenti boʻlishi mumkin emas.
Kreativ industriya parki rezidentlarining zimmasiga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablar ham yuklatilishi mumkin.
