23-modda. Kreativ industriya klasterlari
Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida (O‘RQ-970-son) · Sana: 03.10.2024 · Amalda
Kreativ industriya klasteri tegishli hududda kreativ mahsulotlarni yaratishda ishtirok etadigan, samarali hamkorlik qilish, quvvatlardan birgalikda foydalanish, bilimlar va koʻnikmalar almashish maqsadida tuziladigan kreativ industriya subyektlarining yigʻindisidan iborat boʻlgan tashkiliy-huquqiy tuzilmadir.
Kreativ industriya klasterlari davlat yoki xususiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilishi mumkin.
Kreativ industriya klasterlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
ichki va tashqi bozorlarda talab qilingan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish uchun kreativ industriya subyektlarining salohiyatini birlashtirish;
kreativ industriya subyektlari uchun taʼlim, maslahat va axborot xizmatlarini tashkil etish;
kreativ faoliyat natijalarini bozorda birgalikda ilgari surish.
Kreativ industriya klasterlari qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa yoʻnalishlarda ham faoliyat olib borishi mumkin.
