14-modda. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi
Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida (O‘RQ-970-son) · Sana: 03.10.2024 · Amalda
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (bundan buyon matnda Respublika kengashi deb yuritiladi) kreativ industriya sohalarini rivojlantirish boʻyicha jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organidir.
Respublika kengashining tarkibi kreativ industriya sohalari boʻyicha tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, kreativ industriya sohalaridagi yetakchi tadbirkorlar hamda xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Respublika kengashi:
kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va kreativ industriya sohalarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlarini belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
kreativ industriyaning istiqbolli yoʻnalishlari va oʻsish nuqtalarini aniqlaydi;
kreativ industriya parki faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi hamda ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni eshitadi.
Respublika kengashining zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.
Respublika kengashining ishchi organi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisoblanadi.
