“Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2024-yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida (4714-IV-son)
13.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining (bundan buyon matnda davlat dasturi deb yuritiladi) 2024-yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrda davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, koʻrilgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotini izchil rivojlantirish, yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash hamda aholi farovonligini yanada oshirishga xizmat qilgan.
Davlat dasturining ustuvor yoʻnalishlari va maqsadlari oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuzasidan zarur tashkiliy va nazorat choralari koʻrilgan. Davlat dasturining ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida muntazam ravishda muhokama etib borilgan.
Hisobot davrida davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta Farmoni, 9 ta qarori, hukumatning 13 ta qarori va 25 ta boshqa hujjatlar qabul qilingan. Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining 41 ta qonuni qabul qilingan.
Bundan tashqari, hukumat tomonidan mamlakatda amalga oshirilgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan 48 ta qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) kiritilgan.
Davlat dasturining ustuvor yoʻnalishlari doirasida amalga oshirilgan ishlarning tahlili mamlakatimizda islohotlarning izchilligini taʼminlash, hududlarni kompleks rivojlantirish borasida muayyan natijalarga erishilganligini koʻrsatmoqda.
Xususan, har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish borasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar doirasida qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2 684 ta yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilib, bolalar qamrovi 74,6 foizga yetkazilgan.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash maqsadida ulardan 138 245 nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilgan, 89 357 nafar ayolga 1,5 trln. soʻm kredit ajratilgan, shuningdek 419,2 mingdan ziyod xotin-qizning bandligini taʼminlashga koʻmaklashilgan.
Kambagʻallik darajasini qisqartirish yoʻnalishida “Online-mahalla” platformasida hokim yordamchilari tomonidan 873,4 mingta kam taʼminlangan oilalarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha individual dastur ishlab chiqilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 48 ming nafar yoshlarga 856,5 mlrd. soʻmlik imtiyozli kredit ajratilgan, 32 ming nafar yoshlar kasb-hunarga oʻqitilib, ularning bandligi taʼminlangan.
Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishidagi ustuvor maqsadlarga erishish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan. Xususan, joriy yilning olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga, sanoat 7,8 foizga, qurilish 10,1 foizga, xizmatlar 12,9 foizga, qishloq xoʻjaligi 3,8 foizga oʻsgan. Jami qiymati 15,5 mlrd. AQSh dollari boʻlgan xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, oʻtgan yilga nisbatan 2,1 barobarga oʻsish qayd etilgan.
Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvor yoʻnalishlari doirasida “yashil energiya” texnologiyalarini joriy etish orqali sugʻorish tarmoqlaridan suv yetkazib berishda elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan.
“Yashil energetika” sohasida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar natijasida ishga tushgan 2,4 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hisobidan yarim yillikda 1,6 mlrd. kilovatt “yashil energiya” olingan.
Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish borasida ham muayyan ishlar bajarilgan.
Xususan, davlat xizmatlarini raqamlashtirish koʻlamini kengaytirish orqali aholi uchun “servis davlat” tizimini joriy etish, fuqaro va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda byurokratik toʻsiqlarni barham berish borasida amaliy natijalarga erishilgan. Ayrim davlat xizmatlaridan foydalanishda ariza berish jarayonlari “uch qadam”, “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan” tamoyillari asosida qayta koʻrib chiqilib, soddalashtirilgan.
Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligining maʼlumotlar bazasida jismoniy shaxsni uning yuz qiyofasidan (Face ID) identifikatsiya qilish tizimi joriy etilgan. Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portalida (vacancy.argos.uz) imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus texnik imkoniyatlar yaratilgan.
Norma ijodkorligi faoliyatining islohotlar bilan uygʻunligini taʼminlash va davlat huquqiy siyosatining institutsiyaviy asoslarini rivojlantirishda mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 19-fevralda qabul qilingan “Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-75-sonli qarori muhim rol oʻynamoqda.
Ushbu qaror bilan qonun loyihasidagi havolaki normalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va masʼul ijrochilari loyihaning oʻzida majburiy tartibda belgilanishi, tegishli sohaga oid qonun loyihasini tayyorlashda ushbu sohadagi qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan munosabatlarni qonun darajasiga koʻtarish imkoniyatini muhokama qilish shartligini nazarda tutish kabi yangi institutlar joriy etilgan.
“Xavfsiz va tinchlikparvar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar doirasida mamlakatimizning xalqaro munosabatlardagi oʻrnini mustahkamlash va hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga qaratilgan zarur choralar koʻrilgan. Jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan.
“Fargʻonada suv resurslarini boshqarish” loyihasi boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Oʻzbekiston Respublikasi hukumati oʻrtasida 9,95 mln. yevro miqdorida grant bitimi imzolangan. Yevropa Ittifoqining grant mablagʻlari hisobidan 8,2 mln. dollar qiymatidagi 42 ta shartnoma imzolangan.
Shuningdek oʻtgan davrda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlishi yoʻnalishida ham muayyan ishlar qilingan. Xususan, joriy yil 24-may kuni Jeneva shahrida Oʻzbekiston ishchi guruhining sakkizinchi yigʻilishi oʻtkazilgan.
“Vatandoshlar” jamoat fondi huzurida xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga masofadan turib kunu tun xizmat koʻrsatuvchi onlayn elektron portal ishga tushirilgan.
Oʻtgan davrda davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalarning bajarilishini taʼminlash, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha parlament va hukumat oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik yilning bosh hujjatida koʻzda tutilgan topshiriqlarning ijro etilishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Ushbu hamkorlik doirasida Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti 7 marotaba eshitilgan, 4 marotaba “hukumat soati” oʻtkazilgan, mansabdor shaxslarga 8 ta parlament soʻrovi va 90 ta deputat soʻrovi joʻnatilgan.
Shuningdek Qonunchilik palatasining qoʻmitalari majlislarida davlat organlari rahbarlarining axboroti 46 marotaba eshitilgan hamda 16 ta qonunning ijro etilish holati nazorat-tahlil tartibida oʻrganilgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida hisobot davrida davlat dasturidagi bajarilishi belgilangan jami 226 ta topshiriqdan 173 tasining ijrosi toʻliq taʼminlangan, 14 tasining ijro muddati uzaytirilgan. Shu bilan birga 39 tasining ijrosini taʼminlash boʻyicha boshlangan ishlar yakuniga yetkazilmagan.
Jumladan, aholini ish bilan taʼminlashning ilgʻor shakllarini rivojlantirish orqali bandlikni yanada kengaytirishga (6-ilova 14-band), iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan yangilashga (6-ilova, 26-band), ichimlik suvdan oqilona foydalanishda jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga (8-ilova, 11-band) qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish ishlari oxiriga yetkazilmagan.
Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Qurilishda chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishi bartaraf etish choralari belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi kabi qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga qisqa muddatlarda kiritilishi maqsadga muvofiqdir.
Davlat dasturida belgilangan vazifalar va tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan Davlat budjeti mablagʻlarining oʻzlashtirilishi hamda maqsadli sarflanishini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari tomonidan koʻtarilgan makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini qoʻllab-quvvatlash, taʼlim va tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, ichimlik suv taʼminotini yaxshilash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanadigan yoshlar qamrovini yanada kengaytirish kabi masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrilishiga alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2024-yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
davlat dasturida ijro muddati uzaytirilgan 14 ta va bajarilishi yakunlanmagan 39 ta topshiriqda nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish;
davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish;
davlat dasturida ikkinchi yarim yillikda ijro etilishi belgilangan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borish;
davlat dasturida belgilangan qonun loyihalarini ishlab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
davlat dasturining bajarilishi yuzasidan hisobotni muhokama qilish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining aʼzolari tomonidan koʻtarilgan masalalarni hal qilish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish ishlarini izchil davom ettirish;
davlat dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarning joylardagi ijro etilishi holati deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati davomida oʻrganib borilishini tashkil etish;
davlat dasturida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlarning samarali tashkil qilinishi hamda ularga ajratilayotgan budjet mablagʻlarining maqsadli oʻzlashtirilishi ustidan taʼsirchan parlament va deputat nazoratini oʻrnatish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari davlat dasturida ijrosi toʻliq taʼminlanmagan bandlarning bajarilishi ustidan oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda parlament nazoratini oʻrnatsin.
5. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-avgust,
4714-IV-son
