Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida (2472-3-son)
26.09.2024
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 26 sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2472-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 393-son “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan oʻtkazish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2013-yil 11-iyundagi 16 va 14-son qarori (roʻyxat raqami 2472, 2013-yil 27-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 26-son, 343-modda) bilan tasdiqlangan Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-sentabr,
29-son
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-sentabr,
21-son
Kelishilgan:
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. MUSAYEV
2024-yil 5-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2024-yil 9-sentabrdagi 29, 21-son qaroriga ILOVA
Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Haydovchilikka nomzodlar tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini olish uchun majburiy ravishda dastlabki tibbiy koʻrikdan, transport vositalarining haydovchilari esa majburiy ravishda davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.”.
2. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Tibbiy komissiya quyidagi tarkibda tibbiyot tashkiloti rahbariyatining buyrugʻiga asosan tashkil etiladi:
terapevt;
narkolog;
psixiatr;
kardiolog;
travmatolog-ortoped;
jarroh;
nevropatolog;
oftalmolog;
kotib.”.
3. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Tibbiy koʻrikdan oʻtgan shaxslarga mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq 083/h shakldagi elektron tibbiy maʼlumotnoma (bundan buyon matnda 083/h shakldagi tibbiy maʼlumotnoma deb yuritiladi) beriladi va ushbu tibbiy maʼlumotnomada tibbiy koʻrik natijalari koʻrsatib oʻtiladi. Bunda, 083/h shakldagi tibbiy maʼlumotnoma Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuklab olinadi.”.
4. 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Tibbiy koʻrikdan oʻtayotgan shaxslar flyuorografik tekshiruvidan, RW qon tekshiruvidan va Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan Transport vositalarini boshqarishga doir tibbiy qarshi koʻrsatmalar roʻyxati (bundan buyon matnda Tibbiy qarshi koʻrsatmalar deb yuritiladi) boʻyicha quyidagi mutaxassislar koʻrigidan oʻtishlari shart:
terapevt;
narkolog;
psixiatr;
kardiolog;
travmatolog-ortoped;
jarroh;
nevropatolog;
oftalmolog.
Tibbiy koʻrikdan oʻtayotgan 55 va undan ortiq yoshdagi shaxslar EKG tekshiruvidan ham oʻtishlari shart.
Oʻtgan bir yil mobaynida flyuorografik tekshiruvidan oʻtgan shaxslar qoʻshimcha ravishda flyuorografik tekshiruvidan oʻtishlari talab etilmaydi. Bunda oxirgi flyuorografik tekshiruvi natijalari taqdim etilishi lozim.”.
5. 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Haydovchilarning transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Tibbiy qarshi koʻrsatmalar roʻyxatiga asosan amalga oshiriladi.”.
6. 22-banddagi “tibbiy moneliklar roʻyxatlariga” degan soʻzlar “Tibbiy qarshi koʻrsatmalar roʻyxatiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 23-banddagi “tibbiy moneliklar roʻyxatlarining” degan soʻzlar “Tibbiy qarshi koʻrsatmalar roʻyxatining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8. 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. 083/h shakldagi tibbiy maʼlumotnoma transport vositasini boshqarishga yaroqlilik toʻgʻrisidagi asosiy tibbiy hujjat boʻlib, tibbiy komissiya raisi tomonidan toʻldiriladi va tasdiqlanadi.
Haydovchi va haydovchilikka nomzodlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlar hamda 083/h shakldagi tibbiy maʼlumotnomalar nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazida (Data center) saqlanadi.”.
9. 25-bandning birinchi xatboshisidagi “Tibbiy moneliklar roʻyxatlarida” degan soʻzlar “Tibbiy qarshi koʻrsatmalar roʻyxatida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10. 28-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Transport vositalarini boshqarishga yaroqli deb topilgan shaxslarga 083/h shakldagi tibbiy maʼlumotnoma beriladi. Maʼlumotnomada uning haqiqiy ekanligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kod (matrik shtrixli kod) boʻladi.”.
11. 31-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
12. 1-ilova mazkur oʻzgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
13. 2 va 3-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga ILOVA
“Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
* Xulosaning 1 — 8-bandlari toʻgʻrisiga yaroqli yoki yaroqsiz degan belgi qoʻyiladi.”.
