Respublikada savdoni erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (604-son)
14.12.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Isteʼmol bozorini oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan toʻldirishda savdo tashkilotlarining manfaatdorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 1995-yil 1-yanvardan boshlab savdo ustamalari tovarlarni tashish, saqlash va sotish xarajatlaridan kelib chiqqan holda savdo korxonalari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi savdo ustamalarini belgilash tartibini 10 kun muddatda manfaatdor tashkilotlarga yetkazsin.
2. Chakana savdo tarmogʻida mavjud boʻlishi majburiy boʻlgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bu bandning soʻzsiz bajarilishi uchun javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
3. 1995-yil 1-yanvardan boshlab aholiga belgilangan normalarga muvofiq oziq-ovqat va kundalik ehtiyojdagi nooziq-ovqat tovarlarini sotish boʻyicha cheklashlar olib tashlansin.
4. “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, Oʻzbekbirlashuv, savdo tarmogʻiga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
savdo korxonalarining yangi egalari bilan shartnomalar tuzilayotganda ilovada koʻrsatilgan tovarlarning erkin savdoda mavjud boʻlishini majburiy ravishda nazarda tutsinlar;
tovar resurslarini qidirib topish, isteʼmol bozorini toʻldirish ishlarini davom ettirsinlar, ularning respublika aholisiga uzluksiz sotilishini taʼminlasinlar.
5. Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 6-martdagi 59-son, 1991-yil 1-apreldagi 80-son qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 26-fevraldagi 98-son qarorining 1 va 7-bandlari, Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 30-maydagi 199-f-son farmoyishi 1995-yil 1-yanvardan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 14-dekabr,
604-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-dekabrdagi 604-sonli qaroriga ILOVA
Chakana savdo tarmogʻida mavjud boʻlishi majburiy boʻlgan asosiy oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari
ROʻYXATI
1. Un
2. Makaron mahsulotlari
3. Oʻsimlik yogʻi
4. Qand-shakar
5. Choy
6. Tuz
7. Kir sovun
8. Gugurt
