Faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida (215-son)
19.04.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 21-yanvardagi Farmoniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining “Mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar (tashkilotlar), shu jumladan, xorijiy va qoʻshma korxonalar (tashkilotlar) faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida shugʻullanishga haqli boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 1994-yil 18-apreldagi 1034-XII-son qaroriga muvofiq hamda faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish jarayonini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Korxonalar (tashkilotlar)ga faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish huquqini beruvchi maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-maydagi 240-son qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-oktabrdagi 462-son qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-martdagi 147-son qarorining 2-bandi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 17-iyundagi 290-son qarori 6-bandining uchinchi xatboshi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 5-oktabrdagi 481-son qarorining 6-bandi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 610-son qarori.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 19-aprel,
215-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 19-apreldagi 215 son qarori bilan TASDIQLANGAN
Korxonalar (tashkilotlar)ga faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish huquqini beradigan maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
K I R I Sh
1. Mazkur Nizom mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar (tashkilotlar), shu jumladan, xorijiy va qoʻshma korxonalar (tashkilotlar) faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida shugʻullanishlari mumkin boʻlgan faoliyatning ayrim turlarini belgilaydi, litsenziyalarni rasmiylashtirish va berishni tartibga soladi.
I. FAOLIYAT TURLARI ROʻYXATI VA LITSENZIYALARNI BERUVChI ORGANLAR ROʻYXATI
2. Maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berishga quyidagi davlat organlari vakolatlidirlar:
(2-bandning oʻn toʻqqizinchi, yigirmanchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 29-yanvardagi 56-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 1-2-son, 8-modda)
Vazirlar Mahkamasi zarurat boʻlganda litsenziya berish huquqini tegishli boshqaruv organlariga berishi mumkin.
Roʻyxatda koʻrsatilgan faoliyat turlarining har bir guruhi boʻyicha alohida litsenziya rasmiylashtiriladi.
II. LITSENZIYALARNI RASMIYLAShTIRISh VA BERISh TARTIBI
3. Litsenziya olish uchun litsenziya berishga vakil qilingan organga quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:
ariza (1-ilova);
taʼsis hujjatlari yoki ularning tasdiqlangan nusxalari;
litsenziya berganlik uchun yigʻimning toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar;
litsenziya berish uchun vakil qilingan tegishli davlat boshqaruv organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan boshqa hujjatlar.
Litsenziya berish toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun litsenziya berish vakolatiga ega boʻlgan organning schyotiga ariza beruvchi tomonidan eng kam ish haqining yarmi miqdorida yigʻim oʻtkaziladi.
4. Maxsus ruxsatnoma (litsenziya) 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha beriladi.
5. Litsenziya berganlik uchun quyidagi miqdorlarda davlat poshlinasi toʻlanadi:
korxonalar va tashkilotlar uchun — eng kam ish haqining toʻrt baravari miqdorida;
ishlovchilarning kamida 50 foizini nogironlar, urush, Qurolli Kuchlar faxriylari yoki pensiya yoshiga yetganlar (pensionerlar) tashkil qiladigan korxonalar va tashkilotlar uchun, shuningdek, kichik korxonalar uchun — eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida.
Davlat poshlinasi respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Davlat korxonalari (tashkilotlari)ga ular uchun davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan belgilangan ishlab chiqarish ixtisosiga muvofiq litsenziyalar:
yigʻim va davlat poshlinasini toʻlamay;
ariza berilgan vaqtdan boshlab bir hafta muddatda beriladi.
6. Litsenziya berish (bermaslik) toʻgʻrisidagi qaror toʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlar olingandan soʻng 10 kundan kechiktirmay qabul qilinadi.
Litsenziya berish uchun vakil qilingan organ tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga va mazkur Nizomga muvofiq kelmaydigan hujjatlar topshirilgan hollarda litsenziyalar berishni rad etish huquqiga egadir. Boshqa sabablarga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emasligi sabablariga koʻra litsenziyalar berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish haqidagi qaror asoslangan boʻlishi va ariza beruvchiga yozma shaklda yuborilishi kerak.
Hujjatlar ariza beruvchi tomonidan qayta rasmiylashtirilgan taqdirda ular 5 kun muddatda takroran koʻrib chiqiladi.
7. Litsenziya berish uchun vakil qilingan organ zarur hollarda tegishli xulosalarni tayyorlash uchun mehnat shartnomalari boʻyicha haq toʻlagan holda ekspertlarni jalb qilish huquqiga egadir.
8. Litsenziya 5 yil muddatga, neft mahsulotlarini sotish boʻyicha esa 3 yil muddatga, oziq-ovqat spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun — ikki yil muddatga beriladi. Ariza beruvchining asosli iltimosi boʻyicha litsenziyaning amal qilish muddati, belgilangan miqdordagi tegishli poshlina toʻlagan holda, yana shuncha muddatga uzaytirilishi mumkin. Litsenziya muddatini uzaytirish yozma ravishda tasdiqlanadi.
9. Faoliyat koʻrsatish uchun berilgan litsenziya uni bergan organ tomonidan quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin.:
a) agar litsenziya olish uchun taqdim etilgan materiallarda haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar mavjudligi aniqlansa;
b) agar korxona (tashkilot) litsenziyada belgilangan faoliyat turlariga rioya qilmasa;
v) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
10. Tegishli faoliyat turiga berilgan litsenziyani bekor qilish uchun asoslar aniqlangan taqdirda litsenziyani bergan organ korxona (tashkilot)ga buzishlarni bartaraf etish toʻgʻrisida yozma koʻrsatma beradi. Agar korxona, tashkilot yozma koʻrsatma olgandan soʻng 30 kun muddat ichida buzishlarni bartaraf etmasa, litsenziya bergan organ uni bekor qiladi va tegishli faoliyat toʻxtatilishi kerak boʻlgan muddatni tayinlaydi.
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror nusxasi 3 kun muddatda korxona (tashkilot)ga va korxona (tashkilot) joylashgan hududdagi hokimlikka yuboriladi.
11. Korxona (tashkilot) litsenziya berishni rad etish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng 30 kun muddatda sudga shikoyat arizasi berish huquqiga egadir.
1 ILOVA
2-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1994-y., 4-son, 23-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2000-y., 9-10-son, 146-modda; 2001-y., 1-2-son, 7-modda; 1-2-son, 8-modda; 5-son, 24-modda)
