Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslardan roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻimlari stavkalari toʻgʻrisida (213-son)
16.04.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining
qarori
“Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslardan roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻim va bunday shaxslarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 28-dekabrdagi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslardan roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻimlar stavkalarining miqdorlari quyidagicha belgilansin:
savdo va savdo-vositachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorida;
kosiblik va ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida;
Ayrim toʻlovchilardan undiriladigan yigʻim stavkalarining aniq miqdorlari davlat hokimiyatining mahalliy organlari tomonidan belgilanadi:
Yigʻimlar summasi tadbirkor roʻyxatga olingan joydagi tegishli budjetga qoʻshiladi.
2. Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan jismoniy shaxslardan roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻimlarning oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi hamda ularni roʻyxatga olish tartibi ustidan nazoratni davlat soliq organlari amalga oshiradi.
3. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Davlat boji stavkalari haqida” 1993-yil 26-apreldagi 192-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalari 5-bandining “p” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir oy muddatda ayrim toʻlovchilardan roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻimlar stavkalarini aniq miqdorlarda belgilasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 16-aprel,
213-son
