Oʻsimliklarni himoya qilishda biologik kurash tadbirlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (595-son)
20.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, oʻsimliklarni himoya qilishning ekologik xavfsiz boʻlgan biologik usulini keng targʻib qilish, biologik himoya vositalarini ishlab chiqaradigan biolaboratoriyalar tizimini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan biologik himoya vositalariga sertifikat berish va uni rasmiylashtirish;
muvofiqlikni baholash organlari va inspektorlar tomonidan biologik himoya vositalarini ishlab chiqarish bilan bogʻliq jarayonlarning sohadagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini monitoring qilish;
biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan biologik himoya vositalariga sertifikatni qayta rasmiylashtirish;
biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan biologik himoya vositalariga sertifikatlar reyestrini yuritish.
Belgilansinki, mazkur Nizom ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) 2024-yil yakuniga qadar:
“Biosifat” respublika markazi laboratoriyasini zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlasin hamda biologik himoya vositalarining sifatini joyida aniqlaydigan ekspress-mobil laboratoriya xizmatini yoʻlga qoʻysin;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda “Biosifat” respublika markazi laboratoriyasini akkreditatsiyadan oʻtkazsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 15-moddasiga muvofiq respublikada faoliyat yuritayotgan biolaboratoriyalar tomonidan oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi texnik reglamentlarda koʻrsatilgan xavfsizlik talablariga rioya etgan holda fitosanitariya tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirilishi, biomahsulotlarning sifati va dalaga tarqatish meʼyori boʻyicha sertifikatlangan biologik himoya vositalarini tarqatilishi yoʻlga qoʻyilsin.
4. 2024-2025-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda biologik himoya vositalarini koʻpaytirishning prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2024-2025-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda viloyatlar Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalari muqaddam biolaboratoriya sifatida foydalanib kelingan bino va inshootlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat-xususiy sheriklik shartlarida tadbirkorlik subyektlariga ajratish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Agentlik bilan birgalikda biolaboratoriyalar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar oʻrtasida biomahsulotlarni yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnomalarning tuzilishi va biolaboratoriyalarning moliyalashtirilishi hamda biomahsulotlarning dalaga tarqatilishi boʻyicha maʼlumotlarni “Raqamli qishloq xoʻjaligi” platformasiga joylashtirib borilishini taʼminlasin.
7. Agentlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2024-2025-yillarda xorijiy (xalqaro) moliya institutlari, boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmaklari hamda grantlarini jalb etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda kamida bittadan namunali zamonaviy biolaboratoriyalarni tashkil etsin. Bunda:
entomofaglarning yangi turlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda onalik materiallarini yangilab borish;
namunali zamonaviy biolaboratoriyalarda ishlab chiqariladigan entomofaglarni dalaga tarqatishda ilgʻor texnika va texnologiyalardan foydalanish;
oʻsimlik zararkunandalariga qarshi kurashda qoʻllaniladigan foydali nematodalarni (oʻsimlik) koʻpaytirish va dalaga tarqatish nazarda tutilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-sentabr,
595-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-sentabrdagi 595-son qaroriga 1-ILOVA
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom biologik himoya vositalarini koʻpaytirishning texnologik jarayonlari hamda sifat koʻrsatkichlari boʻyicha sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — biologik himoya vositalariga sertifikat olish (yoki sertifikatni qayta rasmiylashtirish) maqsadida muvofiqlikni baholash organiga ariza bilan murojaat qiluvchi tadbirkorlik subyekti;
biolaboratoriyalar — qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari zararkunandalariga qarshi kurashishda qoʻllaniladigan entomofaglarni (foydali hasharotlar) koʻpaytirish bilan shugʻullanadigan hamda zararkunandalarga qarshi biologik himoya vositalari bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi subyektlar va aholini taʼminlaydigan tashkilot;
biologik himoya vositalari — qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari va oʻsimlik mahsulotlarining zararli organizmlariga qarshi kurashish uchun qoʻllaniladigan foydali organizmlar yoki ularning yashash faoliyati mahsulotlari;
biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalariga sertifikat (keyingi oʻrinlarda — sertifikat) — biolaboratoriyalarning faoliyat yuritishi va sifatli biologik himoya vositalarini koʻpaytirishi uchun talab etiladigan asbob-uskuna va jihozlarning mavjudligi, ish sharoitlari hamda koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarining qishloq xoʻjaligida foydalanishga yaroqliligi va ekin dalalariga tarqatishi meʼyori boʻyicha muvofiqligini belgilaydigan hujjat;
biologik entomofaglar — biofabrika va biolaboratoriyalarda koʻpaytirilib, qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari zararkunandalariga qarshi kurashishda qoʻllaniladigan biologik himoya vositalari (trixogramma, oltinkoʻz, brakon va boshqalar);
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi;
inspektor — biologik himoya vositalarining samaradorligini monitoring qilishga masʼul boʻlgan oʻsimliklar karantini davlat inspektori;
monitoring — biologik himoya vositalarini koʻpaytirishning barcha jarayonlarini mazkur Nizom va entomofaglarni koʻpaytirishni tartibga soluvchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini baholash;
muvofiqlikni baholash organi — Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi huzuridagi “Biosifat” respublika markazi;
tartib-taomil hujjatlari — muvofiqlikni baholash organi tomonidan olib boriladigan jarayonlar ketma-ketlikda amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar.
3. Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish ishlari muvofiqlikni baholash organi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish ishlari mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Sertifikat berish va uni rasmiylashtirish
5. Ariza beruvchi sertifikat olish uchun muvofiqlikni baholash organiga biolaboratoriya faoliyatini boshlagan vaqtdan boshlab bir oy muddatda Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud “Biosifat” respublika markazining “ebiosifat.uz” elektron tizimi orqali mazkur Nizomga 2-ilovadagi shaklda arizani hamda mavjud asbob-uskunalar va jihozlar boʻyicha tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
Ariza beruvchidan ariza shaklida koʻrsatilmagan hujjatlar va maʼlumotlarni talab qilish taqiqlanadi.
6. Muvofiqlikni baholash organi oʻn ish kuni ichida ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning biologik himoya vositalarini koʻpaytirish bilan bogʻliq texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini hamda ariza beruvchi arizada koʻrsatilgan xizmatni koʻrsata olishini oʻrganib chiqadi.
Bunda biolaboratoriya faoliyati uchun talab etiladigan bino va uning zarur asbob-uskunalar va jihozlar bilan texnik jihozlanishi holatlari oʻrganiladi hamda mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq monitoring dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.
Monitoring dalolatnomasi natijalarining ishonchliligi va saqlanishi uchun muvofiqlikni baholash organi masʼul hisoblanadi.
7. Muvofiqlikni baholash organi tuzilgan dalolatnoma asosida ariza beruvchiga sertifikat berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va ushbu qarorni bayonnoma shaklida rasmiylashtiradi.
8. Muvofiqlikni baholash organi sertifikat berishni rad etish toʻgʻrisida qabul qilingan qarorga koʻra, ariza beruvchiga asoslangan kamchiliklarni koʻrsatgan holda mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq xabarnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tizimi orqali yuboradi.
9. Sertifikatni berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ariza beruvchining oʻz arizasiga asosan;
ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganda yoki maʼlumotlarni buzib koʻrsatish holatlari aniqlanganda;
muvofiqlikni baholash organi tomonidan biologik himoya vositalarini koʻpaytirish uchun zarur asbob-uskuna va jihozlar mavjudligi hamda biologik himoya vositalarining sifatini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlarning yakuni boʻyicha asoslantirilgan salbiy xulosa berilganligi;
ariza beruvchi xabarnomada koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etmasa yoki qayta murojaat qilish uchun belgilangan muddat oʻtgandan keyin arizani taqdim etganda.
tadbirkorlik subyekti tugatilganda.
10. Ariza beruvchi xabarnoma yuborilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida xabarnomada koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda muvofiqlikni baholash organiga sertifikat olish uchun takroran murojaat qilishi mumkin.
Bunda arizani takroran koʻrib chiqish uchun toʻlovlar undirilmaydi.
Sertifikat olish uchun berilgan arizani oʻrganish natijasida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar bilan sertifikat berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Muvofiqlikni baholash organi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga malakali xodimlarni izlashda, hujjatlar hamda dasturlarni mukammal ishlab chiqish uchun mutaxassislarni jalb etishda, shuningdek, sertifikatni olish uchun boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratishda amaliy yordam koʻrsatishi va tavsiyalar berishi kerak (ariza beruvchining taklif etilgan yordamni rad etgan hollari bundan mustasno).
11. Ariza beruvchi muvofiqlikni baholash organining sertifikatni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
12. Sertifikat olish uchun toʻlovlar ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq miqdorlarda amalga oshiriladi. Bunda ariza beruvchida bir nechta biolaboratoriya mavjud boʻlsa, ularning har biriga alohida-alohida sertifikat olinadi.
13. Toʻlovlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etganda:
20 foizi — Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
qolgan mablagʻlar — “Biosifat” respublika markazining hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — “Biosifat” respublika markazining hisobvaragʻiga;
v) “Biosifat” respublika markazining ebiosifat.uz elektron tizimi orqali murojaat etilganda, koʻrsatilgan xizmatning 100 foizi “Biosifat” respublika markazining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
14. Agar muvofiqlikni baholash organi tomonidan ariza beruvchiga sertifikatni berish rad etilganda, toʻlangan toʻlovning 70 foizi bir oy muddatda ariza beruvchiga qaytariladi.
Qolgan 30 foizi muvofiqlikni baholash organi tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar xarajati uchun ushlab qolinadi.
15. Muvofiqlikni baholash organi va ariza beruvchi oʻrtasida sertifikat olish toʻgʻrisida shartnoma rasmiylashtiriladi.
Bunda shartnoma predmeti, bahosi, shartnomaning bajarish muddati, hisob-kitob qilish tartibi, taraflarning majburiyatlari, fors-major holatlari, shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligi, nizolarni hal etish tartibi hamda taraflarning rekvizitlari, shartnoma tuzilgan sana va joy koʻrsatilishi lozim.
16. Muvofiqlikni baholash organi tomonidan uch ish kuni ichida sertifikat rasmiylashtiriladi va elektron imzo bilan tasdiqlanadi hamda sertifikatlar reyestrga kiritiladi.
17. Sertifikat mazkur Nizomga 6-ilovaga muvofiq shaklda davlat tilida rasmiylashtiriladi.
18. Sertifikat rasmiylashtirilgandan soʻng elektron tizimga joylashtiriladi.
19. Sertifikat kalendar yil yakuniga qadar muddatga beriladi.
3-bob. Muvofiqlikni baholash organi hamda inspektor tomonidan biologik himoya vositalarini koʻpaytirish bilan bogʻliq jarayonlarni monitoring qilish
20. Monitoring muvofiqlikni baholash organi hamda inspektor tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni baholash organi hamda inspektor monitoringni amalga oshirishda biologik himoya vositalarini koʻpaytirish bilan bogʻliq jarayonlarning mazkur Nizomga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshiradi.
21. Ariza beruvchiga sertifikat berilgandan keyin har mavsumda monitoring oʻtkaziladi.
22. Monitoringni amalga oshirishda muvofiqlikni baholash organi, inspektor hamda ariza beruvchi yoki uning vakili ishtirok etadi.
Muvofiqlikni baholash organi va inspektor monitoring davrida aniqlangan nomuvofiqliklar boʻyicha bayonnomani rasmiylashtiradi. Rasmiylashtirilgan bayonnomaning bir nusxasi ariza beruvchiga taqdim etiladi.
Bunda salbiy xulosa berilgan taqdirda, biolaboratoriya uchun olingan sertifikat muvofiqlikni baholash organi tomonidan bekor qilinadi hamda bu toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, boʻysunuvi boʻyicha yuqori turuvchi tashkilotga va ariza beruvchi bilan shartnoma tuzgan tadbirkorlik subyektiga taqdim etiladi.
23. Monitoring boʻyicha muvofiqlikni baholash organi tomonidan hisobot rasmiylashtiriladi.
Hisobotda quyidagilar aks ettiriladi:
monitoringni amalga oshirish sanasi va muddati;
monitoringni amalga oshirgan muvofiqlikni baholash organi xodimining va inspektorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
tanlab olingan yer maydoni va mahsulot ishlab chiqarish obyekti toʻgʻrisida maʼlumot;
aniqlangan nomuvofiqliklarning ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilganligi haqida maʼlumot;
ilgari aniqlangan nomuvofiqliklarning bartaraf etilishini tekshirish natijalari boʻyicha maʼlumotlar;
biologik himoya vositalarini koʻpaytirishni sertifikatlashtirish maqsadida mahsulotdan olingan namunaning laboratoriya tahlili natijalari;
monitoring davrida oʻrganilgan hujjatlar (mahsulotlarni topshirish, qabul qilish, biologik himoya vositalarini koʻpaytirish jarayonini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar), shu jumladan, tekshirish tafsilotlari hamda hisobotning qisqacha mazmuni va xulosalar.
24. Muvofiqlikni baholash organi sinovlarni oʻtkazish uchun namuna tanlash hamda sinovlarni oʻtkazish boʻyicha monitoringni amalga oshirish davrida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya qilishi kerak.
4-bob. Syertifikatni qayta rasmiylashtirish
25. Ariza beruvchi sertifikatning amal qilish muddati tugaguniga qadar (kamida bir oy oldin) uni qayta rasmiylashtirish uchun ariza bilan muvofiqlikni baholash organiga murojaat qiladi.
Mazkur muddatni oʻtkazib yuborilgan holda taqdim etilgan ariza muvofiqlikni baholash organi tomonidan mazkur Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
26. Sertifikat arizaga tegishli hujjatlar ilova qilingan holda, muvofiqlikni baholash organi tomonidan qabul qilib olingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida qayta rasmiylashtiriladi.
Sertifikat qayta rasmiylashtirilganda, muvofiqlikni baholash organi tomonidan sertifikatlar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
27. Sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun ariza beruvchining sertifikatni berish toʻgʻrisidagi arizasi muvofiqlikni baholash organi tomonidan koʻrib chiqilganda va sertifikat qayta rasmiylashtirib berilganda, mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq belgilangan summaning ellik foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
5-bob. Syertifikatning amal qilish muddatini toʻxtatib turish, tugatish va uni bekor qilish
28. Sertifikatning amal qilishi muvofiqlikni baholash organi tomonidan quyidagi hollarda oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turiladi:
monitoring davrida bartaraf etish mumkin boʻlgan shartnoma shartlariga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqliklar aniqlanganda;
ixtiyoriy ravishda sertifikatning amal qilishini toʻxtatib turish haqida ariza bilan murojaat qilinganda.
29. Sertifikatning amal qilishi muvofiqlikni baholash organi tomonidan quyidagi hollarda tugatiladi:
biologik himoya vositalarini ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyekti monitoringni amalga oshirishdan bosh tortganda yoki monitoringni talab etilgan muddatda amalga oshirishga ruxsat bermaganda;
monitoring davrida biologik himoya vositalarini ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyekti tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilmaganda;
muvofiqlikni baholash organining biologik himoya vositalari sifatini aniqlash va tahlil qilish laboratoriyasining tadbirkorlik subyekti tomonidan koʻpaytirilayotgan biologik himoya vositalari namunalarini tahlil qilish asosida bergan salbiy xulosasiga muvofiq;
tadbirkorlik subyekti tomonidan koʻpaytirilayotgan biologik himoya vositalarining kasallik va parazitlari koʻpaygan holatda, ayniqsa zararli “qorindor kana”larning (klesh — kana) paydo boʻlish hamda tarqalish holati fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga va atrof-muhitga zarar yetkazilishiga olib keladigan holatlarda;
sertifikat talablarining bir yil mobaynida muntazam ravishda (ikki yoki undan ortiq) buzilishiga yoʻl qoʻyilganda, ushbu qoidabuzarliklar natijasida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazilishiga olib keladigan holatlar aniqlanganda, kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar;
biologik himoya vositalarini ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyekti sertifikatning amal qilishini tugatish haqida ariza bilan murojaat qilganda;
biologik himoya vositalarini ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektining faoliyati tugatilganda;
sertifikatning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar belgilangan muddatda tadbirkorlik subyekti tomonidan bartaraf etilmaganda.
30. Sertifikatning amal qilishi uni tugatish haqida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
31. Sertifikat muvofiqlikni baholash organi yoki sud tomonidan quyidagi hollarda bekor qilinadi:
sertifikatni olish jarayonida soxta hujjatlardan foydalanilganligi aniqlanganda;
muvofiqlikni baholash organining sertifikatni berish haqidagi qarori noqonuniy deb topilganda.
32. Sertifikatni bekor qilish haqida muvofiqlikni baholash organi yoki sudning qarori qabul qilinganda, u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan hisoblanadi.
33. Sertifikatni amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish muvofiqlikni baholash organining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Ariza beruvchi muvofiqlikni baholash organining qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga shikoyat qilishi mumkin.
Bunda ariza beruvchining shikoyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassisi, muvofiqlikni baholash organining masʼul xodimi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi yer egasi hamda boshqa xolis biolaboratoriya mutaxassislari ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Ariza beruvchi koʻrib chiqish natijasidan norozi boʻlganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki bevosita sudga murojaat etishga haqli.
Agar sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki uning amal qilishi toʻxtatib qoʻyilgan boʻlsa, biologik himoya vositalarini dalaga tarqatilishi qatʼiyan taqiqlanadi.
6-bob. Syertifikatlar reyestrini yuritish
34. Muvofiqlikni baholash organi biologik himoya vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalariga berilgan sertifikatlar reyestrini yuritadi va oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtirib boradi.
Sertifikatlar reyestrida ariza beruvchilar toʻgʻrisidagi quyidagi asosiy maʼlumotlar:
tadbirkorlik subyektining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), telefon raqami;
sertifikatning berilgan sanasi va raqami;
sertifikatning amal qilish muddati haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Shuningdek, sertifikatlar reyestrida bekor qilingan va toʻxtatib qoʻyilgan sertifikatning raqami, tadbirkorlik subyektining nomi, yuridik manzili, asoslari va sanasi koʻrsatilishi lozim.
35. Sertifikatlar reyestridagi maʼlumotlar manfaatdor shaxslar tanishishi uchun ochiq hisoblanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
36. Sertifikat berish jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
37. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish
SXEMASI
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Izoh. Asbob-uskuna va jihozlar soni biolaboratoriyaning ishlab chiqarish quvvatiga qarab belgilanadi.
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalariga sertifikat berish uchun koʻrsatiladigan xizmatlar toʻlovi
MIQDORI
Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-sentabrdagi 595-son qaroriga 2-ILOVA
2024-2025-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda biologik himoya vositalarini koʻpaytirishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
