Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida (600-son)
23.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish yoʻlida oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tizimi samaradorligini oshirish va natijadorlikka yoʻnaltirish orqali aholi farovonligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
amaldagi davlat pensiya taʼminoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida pensiya taʼminoti tizimining barqarorligini taʼminlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash;
asoslantirilgan takliflarga muvofiq 2025-yil 1-martga qadar Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish.
3. Ishchi guruhga:
belgilangan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, ilmiy va taʼlim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilish;
Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi boʻyicha tayyorlanayotgan takliflarning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borish hamda belgilangan vazifalar boʻyicha soʻrov oʻtkazilishini tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini jalb qilgan holda tegishli masalalar yuzasidan nufuzli xorijiy ekspertlar, olimlar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar va muhokamalar oʻtkazish;
rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish maqsadida Ishchi guruhga jalb etilgan mutaxassislarni xorijga qisqa muddatli xizmat safariga yuborish huquqi berilsin.
Belgilansinki, Ishchi guruh aʼzolarini xorijga qisqa muddatli xizmat safariga yuborish bilan bogʻliq xarajatlar (transport, mehmonxona, seminar va oʻquv kurslari, kunlik va boshqalar) Davlat xizmatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 23-sentabr,
600-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 23-sentabrdagi 600-son qaroriga ILOVA
Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.
