“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini taʼminlash boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar haqida (4690-IV-son)
05.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-210-sonli Qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek ushbu Qonunning mohiyati hamda ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, tegishli davlat organlarida Qonun bilan belgilangan talablarga rioya etilishi, shu jumladan ularning faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha koʻrilgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devonida manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash, uning oldini olish va uni tartibga solishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga* muvofiq;
“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1- va 2-ilovalar berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) mohiyati va ahamiyatini hududlarda, shu jumladan saylov okruglarida keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan targʻibot-tashviqot tadbirlarini tashkil etish hamda ushbu tadbirlarga xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlarini jalb etish tavsiya qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (J. Shirinov) hamda Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi (Sh. Nazarov):
ushbu Qonunning ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazorati amalga oshirilishini taʼminlasin;
parlament nazorati tadbirlari davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni qoʻmita majlislarida muhokama qilsin hamda ularni bartaraf etish, shu jumladan qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
Qonunning mohiyati va ahamiyati boʻyicha turkum seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar oʻtkazilishini hamda ularning ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini taʼminlasin;
davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkil etiladigan ishlarga koʻmaklashsin;
Qoʻmita faoliyatiga aloqador boʻlgan davlat organlari rahbarlarining ushbu davlat organlari tizimidagi manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash, uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotini Qoʻmita majlislarida eshitib borish choralarini koʻrsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-avgust,
4690-IV-son
