50-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatini shakllantirish
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palata) (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) hududiy vakillik palatasi boʻlib, Senat aʼzolaridan (senatorlardan) tarkib topadi.
Senat aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Senatning oʻn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Senatning vakolat muddati — besh yil.
