41-modda. Ovoz berish tartibi
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Saylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida toʻldiriladi. Saylov byulletenini toʻldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda toʻldirish imkoniga ega boʻlmagan saylovchi oʻz xohishiga koʻra, saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan va nomzodlarning ishonchli vakillaridan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqli.
Saylovda saylovchi oʻzi yoqlab ovoz berayotgan deputatlikka nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga belgi-krestik qoʻyadi.
Ovoz beruvchi toʻldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.
Buzib qoʻyilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga koʻra yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qoʻyilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.
Saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining eʼtiboriga yetkaziladi.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida boʻla olmasligi sabablari (taʼtil, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) koʻrsatilgan ariza asosida oʻz yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini oladi. Saylovchi saylov varaqasini olganligi haqida uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi.
Saylov varaqasi maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan toʻldiriladi.
Saylovchi qaror qabul qiladi va toʻldirilgan saylov varaqasini yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldiradi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasi ikki nafar aʼzosining imzolari qoʻyilib, ular komissiyaning muhri va saylovchining imzosi bilan tasdiqlanadi.
