32-modda. Saylovchilarning roʻyxatlarini tuzish
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻladigan, roʻyxat tuzilayotgan vaqtda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.
Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin.
Saylovchilar roʻyxati har bir saylov uchastkasi boʻyicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi va uni komissiya raisi bilan kotibi imzolaydi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatini tuzish ishida qatnashishga jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin.
Tumanlar va shaharlarning hokimliklari saylovchilar hisobga olinishini taʼminlaydilar hamda uchastka saylov komissiyalariga tegishli hududda istiqomat qiluvchi saylovchilar toʻgʻrisida saylovchilar roʻyxatini tuzish uchun zarur maʼlumotlarni beradilar.
Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchi-saylovchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila aʼzolari va boshqa saylovchilarning, agar ular harbiy qismlar joylashgan yerda istiqomat qilsalar, roʻyxatlari harbiy qismlarning komandirlari taqdim etgan maʼlumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar oʻzlarining yashash joylari boʻyicha umumiy asoslarda saylovchilar roʻyxatiga kiritiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalari boʻyicha saylovchilarning roʻyxatlari mazkur muassasalar (idoralar) rahbarlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuziladi.
Saylovchilarning familiyalari saylovchilar roʻyxatlarida ovoz berishni tashkil etish uchun qulay boʻlgan tartibda koʻrsatiladi.
Roʻyxatda har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manzili koʻrsatiladi.
