28-modda. Ishonchli vakillar
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Deputatlikka nomzod oʻn nafarga qadar ishonchli vakilga ega boʻlishi mumkin. Ishonchli vakillar nomzod deputat etib saylanishi uchun tashviqot yuritadilar, davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, saylovchilar bilan oʻzaro munosabatlarda, shuningdek saylov komissiyalarida nomzodning manfaatlarini himoya qiladilar.
Deputatlikka nomzod roʻyxatga olinganidan keyin oʻz ishonchli vakillarini oʻzi belgilaydi va bu haqda okrug saylov komissiyasiga maʼlum qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni roʻyxatga oladi va ularga guvohnoma beradi.
Deputatlikka nomzod okrug saylov komissiyasiga maʼlum qilgan holda saylovga qadar oʻz ishonchli vakilini istagan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istagan vaqtda oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.
Ishonchli vakil saylov komissiyasiga aʼzo boʻlishi mumkin emas.
