24-modda. Deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olish uchun Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Siyosiy partiyaning rahbari deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
siyosiy partiya yuqori organining deputatlikka nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori;
siyosiy partiya yuqori organi majlisining deputatlikka nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va tartib raqami koʻrsatiladi;
deputatlikka nomzodning oʻz nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qoʻyilishiga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi arizasi;
deputatlikka nomzodning, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek boʻlsa, bajarib turgan ishidan (xizmatidan) boʻshash toʻgʻrisidagi arizasi.
Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni yetti kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Qonun talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi.
Markaziy saylov komissiyasi roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Qonun talablaridan chetga chiqish hollari toʻgʻrisida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga belgilangan tartibda maʼlum qiladi.
