11-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Markaziy saylov komissiyasi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Qonunning ijrosini nazorat qiladi va uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi, saylovni tashkil etishga doir masalalar yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida yoʻriqnomalar chiqaradi hamda tushuntirishlar berib boradi;
2) saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi;
3) okrug saylov komissiyalarini tuzadi va ularning joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;
4) saylov komissiyalarining faoliyatini yoʻnaltirib boradi, ularning tarkibiga oʻzgartishlar kiritish tartibini belgilaydi, okrug saylov komissiyalarining qarorlarini, agar bu qarorlar ushbu Qonunga zid boʻlsa, mustaqil tarzda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qilishi mumkin;
5) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini qaysi saylov okrugiga birkitish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi;
6) deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalarning tegishli hujjatlarini qabul qilib oladi;
7) deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga oladi;
8) deputatlikka nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etishlari uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;
9) pul mablagʻlarini saylov komissiyalariga taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnika jihatidan taʼminlashning boshqa masalalarini koʻrib chiqadi;
10) Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar roʻyxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, saylovga doir boshqa hujjatlarning namuna va shakllarini, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalarini, saylovga doir hujjatlarni saqlash tartibini belgilaydi;
11) siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlatning boshqa organlari hamda jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotlarini eshitadi;
12) saylovning Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha umumiy yakunini chiqaradi, saylangan deputatlarni roʻyxatga oladi, Qonunchilik palatasiga oʻtkazilgan saylov yakunlariga doir maʼlumotlarni va saylangan deputatlarning roʻyxatini matbuotda eʼlon qiladi;
