Noruda materiallarni qazib olishga moratoriy joriy etilgan suv havzalari hududlarining chegaralarini belgilash toʻgʻrisida (566-son)
12.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-son Farmoniga muvofiq:
Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilganligi;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallari qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladigan hududlar chegaralari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda moratoriy tatbiq etiladigan daryolar hududlari chegaralariga daryo oʻzanlari, ularning sohilboʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalari kiradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Suv xoʻjaligi vazirligi, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
daryolarning moratoriy tatbiq etilishi belgilangan hududlarida daryo oʻzanlarini tozalash va noruda materiallarini qazib olish ishlari toʻxtatilishini qatʼiy nazoratga olsin;
daryo oʻzani, sohilboʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarini noqonuniy qazib olishning oldini olish boʻyicha nazorat tadbirlarini kuchaytirsin hamda joriy qilingan moratoriyni buzishga oid huquqbuzarlik holatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, daryolarning moratoriy tatbiq etilishi belgilangan hududlarida suv toshqinlari va sel oqimlarini oʻtkazib yuborish imkoniyati yoʻqligi bilan bogʻliq salbiy oqibatlarning oldini olish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-426-son qarori bilan tasdiqlangan Aholini va hududlarni xavfli gidrometeorologik hodisalar hamda geologik jarayonlar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 26-bandi talablari asosida amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda daryolarning moratoriy tatbiq etilishi belgilangan hududlarida joylashgan qum-shagʻal qazib oluvchi hamda qayta ishlovchi tadbirkorlik subyektlarini togʻ va togʻoldi hududlarga yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga koʻchirish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Transport vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
daryolarning moratoriy tatbiq etilishi belgilangan hududlaridan tashqarida joylashgan mavjud konlarda koʻchirilayotgan tadbirkorlik subyektlariga noruda materiallarini oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali rasmiylashtirib berish;
tadbirkorlik subyektlarini togʻ yoki togʻoldi hududlar yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga koʻchirish bilan bogʻliq xarajatlarni ularning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda daryolarning moratoriy tatbiq etilishi belgilangan hududlarida tadbirkorlik subyektlariga noruda materiallarni qazib olish uchun berilgan ruxsatnomalar hamda tuzilgan shartnomalarni qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilish choralarini koʻrsin.
Bunda:
daryolarning moratoriy tatbiq etilishi belgilangan hududlarida joylashgan noruda qazilma uchastkalari boʻyicha yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlari, daryo oʻzanlarini tozalash boʻyicha shartnoma shartlari va davlat ekologik ekspertizasi xulosalari talablarining bajarilishi tanqidiy oʻrganib chiqilsin;
ruxsat berish talablari va shartlari muntazam yoki qoʻpol ravishda buzilgan, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazilgan holatlar boʻyicha ruxsatnoma va shartnomalarni sud tartibida bekor qilish hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari koʻrilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qarori bilan tasdiqlangan Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 121-band bilan toʻldirilsin:
“121. Daryolarning noruda materiallarni qazib olishga moratoriy joriy qilingan hududlarida noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zararning miqdori mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan formula boʻyicha hisoblanib, aniqlangan asosiy zarar miqdori oʻn baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi”.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-sentabr,
566-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 566-son qaroriga ILOVA
Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallari qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladigan hududlar chegaralari
