Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, ularning muammolarini hal etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (557-son)
09.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, xotin-qizlar muammolari bilan ishlash tizimini raqamlashtirish, muammolarni hal etishda inson omilini kamaytirish hamda xotin-qizlar murojaatlarini koʻrib chiqish natijadorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
2024-yil oktabr oyidan boshlab “Xotin-qizlar.uz” platformasi doirasida Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va tizimli hal etish modulini (keyingi oʻrinlarda — Muammolarni oʻrganish moduli) ishga tushirish;
Muammolarni oʻrganish moduli orqali aniqlangan muammolar tegishliligi boʻyicha “mahalla — tuman — viloyat — respublika” darajasida hal etilishini taʼminlash.
2. Belgilansinki, “Xotin-qizlar.uz” platformasini takomillashtirish hamda doimiy texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining buyurtmanomasi asosida Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
3. Quyidagilar:
“Xotin-qizlar.uz” platformasi hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali idoralararo elektron hamkorlik doirasida almashiniladigan maʼlumotlar hamda axborotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va tizimli hal etish modulini ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrga qadar:
Muammolarni oʻrganish moduliga kiritilgan masalalarni, birinchi navbatda, mahalla va tuman (shahar) darajasida, zarur hollarda esa viloyat yoki respublika darajasida hal etish va monitoringini yuritishni nazarda tutuvchi mexanizmni joriy qilsin;
Muammolarni oʻrganish moduli orqali kelib tushgan murojaatlarni masʼul vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan oʻrganib chiqish va hal etishni taʼminlash maqsadida ular uchun foydalanuvchi kabinetlarni tashkil etsin.
2024-yil 1-oktabrdan boshlab doimiy ravishda Muammolarni oʻrganish moduli orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash, xotin-qizlarning muammolarini hal etish yuzasidan monitoring yuritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.B. Maxkamova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-sentabr,
557-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabrdagi 557-son qaroriga 1-ILOVA
“Xotin-qizlar.uz” platformasi hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali idoralararo elektron hamkorlik doirasida almashiniladigan maʼlumotlar hamda axborotlar
ROʻYXATI
Izoh. Maʼlumotlar integratsiya jarayonida real vaqt rejimida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq identifikatsiyasiz shaklda yangilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabrdagi 557-son qaroriga 2-ILOVA
Xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va tizimli hal etish modulini ishlab chiqish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
