SHNQ 2.04.06-22 “Shisha quvurlardan tayyorlangan texnologik quvuroʻtkazgichlarni loyihalash” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (01/2-41-son)
07.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 30-avgustda hisobga olindi, hisob raqami 281]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-martdagi PF-5963-son “Oʻzbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 27-noyabrdagi PF-6119-son “Oʻzbekiston Respublikasi qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 2.04.06-22 “Shisha quvurlardan tayyorlangan texnologik quvuroʻtkazgichlarni loyihalash” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining 1996-yil 2-maydagi 37-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan QMQ 2.04.06-96 “Shisha quvurlardan tayyorlangan texnologik quvuroʻtkazgichlarni loyihalash boʻyicha yoʻriqnoma” qurilish meʼyorlari va qoidalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Energetika vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari S. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-avgust,
01/2-41-son
Kelishildi:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2024-yil 25-iyul
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2024-yil 18-iyul
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2024-yil 10-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDASHEV
2024-yil 16-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 7-avgustdagi 01/2-41-son buyrugʻiga ILOVA
SHNQ 2.04.06-22 “Shisha quvurlardan tayyorlangan texnologik quvuroʻtkazgichlarni loyihalash” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda SHNQ deb yuritiladi) shishadan tayyorlangan ichki texnologik quvuroʻtkazgichlarini loyihalash, oʻrnatish va foydalanishga oid talablarni belgilaydi.
Ushbu SHNQning talablari portlash xavfi boʻlgan moddalarni, yengil alangalanuvchi suyuqliklarni tashishga moʻljallangan shisha quvuroʻtkazgichlarni, xandaqlarga yotqiziladigan shisha quvuroʻtkachgichlarni, shuningdek foydalanish sharoitiga koʻra harorati yoki bosimi mazkur SHNQning 1-ilovasida keltirilgan qiymatlardan ortiq boʻlgan hamda olov bilan qizdiriladigan, bugʻ bilan tozalanadigan, suyuqliklar bilan yuviladigan shisha quvuroʻtkazgichlarni loyihalashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalari, qurilish reglamenti hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Mazkur SHNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
SHNQ 2.03.11-96 “Qurilish konstruksiyalarini korroziyadan himoya qilish”;
QMQ 2.04.10-97 “Texnologik poʻlat quvurlarni Rsh 10 MPa gacha loyihalash boʻyicha yoʻriqnoma”;
SHNQ 2.09.17-21 “Sanoat korxonalarining bosh rejalarini loyihalash”;
QR 05.05-23 “Texnologik jihozlar va texnologik quvuroʻtkazgichlar”
GOST 8894-2018 “Shisha quvurlar. Texnik shartlar” (rasmiy manba: GOST 8894-2018 Trubi steklyannie. Texnicheskiye usloviya);
GOST 24184-80 “Metall flanslar. Konstruksiya” (rasmiy manba: Flansi metallicheskiye. Konstruksiya);
GOST 24188-80 “Qistirmalar. Konstruksiya” (rasmiy manba: “Prokladki. Konstruksiya”);
GOST 32557-2013 “Shisha va undan tayyorlangan mahsulotlar. Geometrik parametrlar va tashqi koʻrinish koʻrsatkichlarini kuzatish usullari” (rasmiy manba: Steklo i izdeliya iz nego. Metodi kontrolya geometricheskix parametrov i pokazateley vneshnego vida);
GOST 27581-88 “Shisha armatura. Asosiy parametrlar” (rasmiy nashr: Armatura steklyannaya. Osnovnie parametri);
GOST 24201-80 “Shisha quvurlarning bogʻlovchi va mahkamlovchi qismlari. Texnik shartlar (rasmiy manba: Soyedinitelnie i krepejnie detali steklyannix truboprovodov. Texnicheskiye usloviya);
GOST 12.1.005-88 “Ishchi hududlarning havosiga umumiy sanitariya-gigiyena talablari” (rasmiy manba: Obshiye sanitarno-gigiyenicheskiye trebovaniya k vozduxu rabochey zoni);
GOST 12.1.007-76 “Zararli moddalar. Xavfsizlik tasnifi va umumiy talablar” (rasmiy manba: Vrednie veshestva. Klassifikatsiya bezopasnosti i obshiye trebovaniya);
GOST 12.1.004-91 “Mehnatni muhofaza qilish standartlari tizimi. Yongʻin xavfsizligi (rasmiy manba: Sistema standartov bezopasnosti truda. Pojarnaya bezopasnost).
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu SHNQda quyidagi atama va taʼriflardan foydalanilgan:
shisha quvur — uzun silindr shaklidagi shisha buyum;
fasonli qism — shisha quvurlarni bir-biriga ulash uchun moʻljallangan shisha qismlar;
tirsak (otvod) — quvuroʻtkazgichdagi suyuqlik (gaz) oqimining yoʻnalishini oʻzgartirish uchun moʻljallangan qismi;
chetlanish (otstup) — parallel tekisliklardagi toʻsiqlardan quvurlarni qayirib oʻtkazish uchun moʻljallangan qism;
uchtalik tarqatgich (troynik) — qoʻshimcha quvurlarni asosiy quvurga ulash imkonini beruvchi uchta teshikli quvur moslamasi;
ishchi bosim — foydalanish davrida shisha quvurda hosil boʻladigan maksimal absolyut bosim.
3-bob. Umumiy qoidalar
3. Mazkur SHNQ suyuq, gazsimon va qattiq (amorf) moddalarni minus 50 °S dan plyus 100 °S gacha boʻlgan haroratda kam ishqorli 13-V shishadan hamda plyus 120 °S gacha boʻlgan haroratda borosilikatli shishadan tayyorlangan va absolyut bosimi:
suyuq moddalar uchun — 0,001 MRa (0,01 kgf/cm2) dan 0,7 MPa (7 kgf/cm2) gacha;
gazsimon moddalar uchun — 0,001 MRa (0,01 kgf/cm2);
qattiq moddalarni gidrotranspotirovka qilish uchun — 0,001 MRa (0,01 kgf /cm2) dan 0,7 MRa (7 kgf/cm2) gacha boʻlganda;
qattiq moddalarni pnevmotranspotirovka qilish uchun — 0,001 MRa (0,01 kgf /cm2) dan 0,106 MRa (1.06 kgf/cm2) gacha boʻlgan shisha quvuroʻtkazgichlarni (bundan buyon matnda quvuroʻtkazgich deb yuritiladi) loyihalashga oid talablarga tatbiq etiladi.
4. Shisha quvuroʻtkazgichlar orqali ftorid kislotalarni tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. 8 ball va undan yuqori zilzilali hududlar uchun shisha quvuroʻtkazgichlarni loyihalashda QMQ 2.04.10-97 da keltirilgan talablarga rioya qilinishi lozim.
6. Shisha quvuroʻtkazgichlarning foydalanish muddati quyidagicha boʻlishi kerak:
fosfor kislota, ishqorlar, ishqor eritmalari va 50 oS dan yuqoriroq haroratlardagi moddalar tashiladigan quvuroʻtkazgichlar uchun — 7 yil;
bulardan tashqari moddalarni tashuvchi quvuroʻtkazgichlar uchun — 10 yil.
7. Shisha quvuroʻtkazgichlarni mustahkamlikka va germetiklikka sinash QR 05.05-23 talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Agar QR 05.05-23 talablarida nazarda tutilmagan usullar yordamida shisha quvuroʻtkazgichlarni mustahkamlikka va germetiklikka sinash lozim boʻlsa, bunda mazkur sinash ishlari maxsus texnik shartlar asosida amalga oshirilishi kerak.
4-bob. Shisha quvuroʻtkazgichlarni, fasonli qismlarni ulash hamda mahkamlash qismlari va armaturani tanlash
8. Shisha quvuroʻtkazgichlar turini va materialini ishchi bosimga, harorat oʻzgarishi va tashiluvchi moddaning fizik-kimyoviy xossalariga bogʻliq holda ushbu SHNQning 1-ilovasidagi jadval boʻyicha tanlanishi lozim.
Shisha quvuroʻtkazgichni turlicha diametrli shisha quvurlardan loyihalashda ishchi bosim va harorat oʻzgarishini katta diametrli shisha quvurlarga mos tarzda tanlanishi zarur. Shisha quvuroʻtkazgichlar uchun ishchi bosim kattaliklari quyidagi 1-jadvalda keltirilgan.
9. Shisha quvuroʻtkazgichlarni montaj qilish uchun GOST 8894-2018 boʻyicha uchlari tekis quvurlar va fasonli qismlar, shuningdek uchi konussimon burtli quvurlar va fasonli qismlardan foydalanilishi lozim.
Shisha quvuroʻtkazgichlarning sortamenti va shisha quvurlar tayyorlashda ishlatiladigan shishaning asosiy fizik koʻrsatkichlari ushbu SHNQning 2-ilovasidagi 1 — 3-jadvallarida keltirilgan.
10. Borosilikat shishadan tayyorlangan quvurlarni harorati 100 °S dan yuqori boʻlgan moddalarni tashuvchi shisha quvuroʻtkazgichlar uchun, shuningdek harorat maksimal oʻzgarishi mumkin boʻlgan sharoitlarda (ushbu SHNQning 1-ilovasi boʻyicha) ishlatiladigan shisha quvuroʻtkazgichlar uchun qoʻllash lozim. Qolgan hollarda 13-V turdagi kam ishqorli shishadan tayyorlangan shisha quvurlardan foydalanish lozim.
11. Shisha quvuroʻtkazgichlar uchun uchlari tekis quvurlar va fasonli qismlardan foydalanish kerak.
Shisha quvuroʻtkazgichlarda mumkin boʻlgan eng katta ishchi bosimni hosil qilish lozim boʻlganda, mazkur SHNQning 1-ilovasiga muvofiq uchi konussimon quvur va fasonli qismlardan foydalanish lozim.
12. Himoya qobigʻiga ega boʻlgan shisha quvurlar mazkur SHNQning 1-ilovasida keltirilgan 1 va 2-sinfga taalluqli tashiladigan moddalar uchun qoʻllanilishi lozim.
13. Himoya qobigʻiga ega boʻlgan shisha quvurlar va fasonli qismlarni tashqi koʻrinishi hamda geometrik oʻlchamlari boʻyicha talablarga mosligini GOST 32557-2013 boʻyicha aniqlanishi kerak.
14. Shisha quvuroʻtkazgichlar ulash va mahkamlash qismlarini GOST 24184-80, GOST 24201-80 hamda texnik shartlar boʻyicha qabul qilish lozim.
15. Shisha quvuroʻtkazgichlar uchun ajraluvchi flanslar boʻlishi, ulangan joylarning atrof-muhit taʼsirida yemirilishga chidamligini oshirishni taʼminlash zarur boʻlganda, GOST 24201-80 ga muvofiq muftali ulanishlar nazarda tutilishi kerak.
16. Shisha quvurlarning ulanmalarini zichlash uchun tashiladigan moddaning fizik kimyoviy xossalariga bogʻliq tarzda GOST 24188-80 boʻyicha rezina qistirmalar (prokladkalar) boʻlishi lozim.
Qistirmalarning materiallari quvuroʻtkazgichlarni yuvishda ishlatiladigan moddalarga kimyoviy jihatdan chidamli boʻlishi kerak.
0 °S dan past haroratda saqlanuvchi rezina qismlarni montaj qilishdan oldin plyus 150 °S dan past boʻlmagan haroratda 24 soat ushlab turilishi lozim.
17. Shisha quvuroʻtkazgichlarni devorlarga, ustunlarga, agregatlar karkaslariga shisha quvurlar uchun maxsus moʻljallangan qisqichlar bilan jamlangan standart kronshteynlar vositasida mahkamlanishi lozim.
18. Shisha quvuroʻtkazgichlarga oʻrnatiladigan yopish-rostlash armaturasi tashiluvchi mahsulotga nisbatan kimyoviy chidamli boʻlishi kerak.
Quvuroʻtkazgich armaturasi GOST 27581-88 talablariga mos boʻlishi lozim.
19. Shisha quvuroʻtkazgichda oʻrnatiladigan armaturaning simi quvuroʻtkazgichni kamida 4 s davomida asta-sekin yopilishini taʼminlashi kerak.
20. Shisha quvuroʻtkazgichlarning armaturasi va oxirgi uchlari uchun mustaqil tayanchlarni nazarda tutish kerak, bu ularning ishlash vaqtida yuzaga keladigan yuk va taʼsirlarni quvurlarga oʻtkazish imkoniyatini istisno qilishi lozim.
21. Shisha quvuroʻtkazgichni ishga tushirish vaqtigacha, mahkamlangan ventil turidagi armatura yopiq holda, kran turidagisi ochiq holda boʻlishi zarur.
5-bob. Shisha quvuroʻtkazgichlarga qoʻyiladigan konstruktiv talablar
1-§ Shisha quvuroʻtkazgichlarni ulash
22. Shisha quvuroʻtkazgichdagi ishchi bosim 0,1 MRa (1 kgf/cm2) dan ortiq boʻlganda ikkita uchlari tekis boʻlgan shisha quvurlarni uchta siquvchi (tortuvchi) halqa bilan ulash kerak.
Quvuroʻtkazgichlardagi ishchi bosim 0,1 MRa (1 kgf/cm2) dan kichik boʻlganda shu quvurlarni ikkita siquvchi (tortuvchi) halqa bilan ulashga yoʻl qoʻyiladi.
23. Ikkita siquvchi (tortuvchi) halqa yordamida ulashda shisha qoʻyilmasining (vstavkasining) uzunligi 200 mm dan kam boʻlmasligi va uchta siquvchi (tortuvchi) halqa yordamida ulashda esa qoʻyilmasining (vstavkasining) uzunligi 250 mm dan kam boʻlmasligi lozim.
24. Shisha quvuroʻtkazgichlarga armatura, kompensatorlar, shtutserlar, berkitgichlarni (zaglujkalarni) va boshqa qismlarni flanslarda biriktirish zarur.
25. Shisha quvuroʻtkazgichni ochish-yopish armaturasi va uskunalarni flanslarga ulashni ularning diametrlari yoki teshiklari bir-biriga mos tushmaganda flans yoki kalta oʻtkazma quvur (patrubkalar) vositasida ulanishi hamda oʻtkazuvchi patrubkalarning materiali quvuroʻtkazgich orqali tashilayotgan moddaning fizik-kimyoviy xossalariga bogʻliq ravishda tanlanishi lozim.
2-§ Shisha quvuroʻtkazgichlarni mahkamlash
26. Shisha quvuroʻtkazgichlarni mahkamlash uchun moʻljallangan standart kronshteynlarni (tayanchlarni) metall konstruksiyalarga yoki qurilish konstruksiyalaridagi mahkamlash uchun koʻzda tutilgan detallarga payvandlash zarur. Shuningdek, ularni dyubellar bilan toʻsuvchi konstruksiyalarga mahkamlash yoki sementli qorishmani quyish yordamida toʻsuvchi konstruksiyalarga biriktirish kerak.
Bunda kronshteynlarning (tayanchlarning) betonga yoki gʻisht devorga kirish chuqurligi 150 mm dan kam boʻlmasligi lozim.
27. Shisha quvuroʻtkazgichlarni mahkamlashga moʻljallangan tayanchlarni shisha quvurning oxirgi uchidan 250 — 300 mm va fasonli detal yon tomonidan 60 — 75 mm masofada joylashtirish zarur.
28. Shartli diametri 50 mm dan katta boʻlgan shisha quvurni ikkita tayanchga mahkamlash zarur boʻlsa, diametri 50 mm va undan kichik boʻlgan shisha quvurni bitta tayanchga mahkamlash kerak.
Uzunligi 1500 mm gacha boʻlgan shisha quvurni diametriga bogʻliq boʻlmagan holda ushbu shisha quvurning oʻrtasiga joylashtiriladigan bitta tayanchga mahkamlash lozim.
29. Shisha quvuroʻtkazgichlarning tayanchlari orasidagi masofa quvurning uzunligiga bogʻliq holda belgilanishi, bunda tayanchlar orasidagi eng kichik masofani 500 mm ga, eng katta masofani esa 3000 mm ga teng qilib qabul qilish kerak.
30. Balandligi 2 m dan yuqori boʻlgan shisha quvuroʻtkazgichlarni vertikal holda joylashtirilganda ularning fasonli detallari mahkamlanishi lozim.
Shisha quvuroʻtkazgichlarning balandligi 2 m dan katta boʻlgan vertikal uchastkasi tagida joylashadigan fasonli detallar albatta mahkamlanishi lozim. Ushbu uchastkalardagi burilish va tarmoqlanish joylarida quvurlarni mahkamlashning imkoni boʻlmagan hollarda tayanch konstruksiyalarni oʻrnatish koʻzda tutilishi zarur.
31. Shisha quvuroʻtkazgichlarni mahkamlash uchun, kronshteynlar metall konstruksiyalarga va mahkamlash uchun moʻljallangan detallarga payvandlanishi kerak. Kronshteynlarni toʻsiq konstruksiyalarga sement qorishmasi bilan qotirishda kirish chuqurligi kamida 150 mm boʻlishi kerak.
32. Shisha quvuroʻtkazgichlarni va fasonli detallarni kronshteynlarga oʻrnatishda ular orasiga rezina qistirmalar oʻrnatilishi kerak. Shisha quvuroʻtkazgichlar va fasonli detallarni bevosita metall detallarga va qurilish konstruksiyalariga tegib turishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Shisha quvuroʻtkazgichlarni oʻrnatish
1-§ Umumiy koʻrsatmalar
33. Sanoat korxonalaridagi shisha quvuroʻtkazgichlarni loyihalash SHNQ 2.09.17-21, QMQ 2.04.10-97, shuningdek ushbu SHNQning talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
34. Shisha quvuroʻtkazgichlarning trassalarini ularning eng kichik uzunligini belgilovchi shartlardan kelib chiqqan holda hamda mavjud mahkamlash detallari va metall konstruksiyalardan maksimal foydalangan holda belgilash zarur.
35. Trassani loyiha boʻyicha yotqizishda 1 m shisha quvuroʻtkazgichlarga +1 nishab saqlab qolinadi. Shisha quvuroʻtkazgichlarning notoʻgʻri nishabi, shuningdek uning ichidagi chiqib turuvchi mahkamlash uchun moʻljallangan qismlar va qistirmalar (prokladkalar) oqib oʻtuvchi moddaning oqib ketishidan saqlab qolishi lozim.
36. Yer ostidan oʻtkazilgan shisha quvuroʻtkazgichlarning temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari hamda yongʻinga qarshi toʻsiqlar bilan kesishgan uchastkalarida ularni metall quvur ichidan oʻtkazish koʻzda tutilgan boʻlishi kerak. Bunda, zarurat tugʻilganda kombinatsiyalangan poʻlat quvuroʻtkazgichlarni nazarda tutish lozim.
37. Metall va shisha quvuroʻtkazgichlarni birga qoʻshib yotqizish va ularni ustma-ust joylashtirishda agressiv moddalar oʻtadigan shisha quvurlar pastki qismida va neytral moddalar oʻtadigan shisha quvurlarni esa istalgan qismida joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
38. Shisha quvuroʻtkazgichlarni oʻtib boʻlmaydigan kanallarga yotqizishda ushbu kanallarga xizmat koʻrsatuvchi xodimning qulay kirish imkoniyati taʼminlash kerak.
39. Shisha quvuroʻtkazgichlarning tashqi sirtlari yoki quvurlar izolyatsiya qatlamining tashqi sirtlari hamda qurilish konstruksiyalari yoki uskunalar orasidagi, shuningdek ushbu quvurlar orasidagi minimal masofani turli shartli diametrlar uchun quyidagicha qabul qilish lozim:
50 mm dan kichik — 70 mm;
50 dan 100 mm gacha — 110 mm;
150 dan 200 mm gacha — 120 mm.
Turli xil diametrli shisha quvuroʻtkazgichlarni yotqizishda ular orasidagi masofani yuqorida koʻrsatilgan kattaliklarning oʻrtacha arifmetik qiymatiga teng boʻlgan masofada qabul qilish kerak.
40. Shisha quvuroʻtkazgichlarning gidravlik hisobini ushbu SHNQning 4-ilovasida keltirilgan maʼlumotlarni inobatga olgan holda texnologik loyihalash meʼyorlariga mos tarzda bajarish lozim.
41. Shisha quvuroʻtkazgichlarning qiyaligini (nishabini) ular orqali oqib oʻtadigan moddalarning fizik-kimyoviy xossalarini hisobga olgan holda va quyidagilardan kichik boʻlmagan qiyaliklarda (nishablarda) qabul qilish zarur:
gazlar va bugʻlar — 0,002;
suv — 0,003;
kislotalar, ishqorlar va yonuvchan suyuqliklar — 0,005;
suyuq oziq mahsulotlari — 0,01;
yuqori kovushqoq va tez qotuvchi moddalar — 0,02;
neft va neft mahsulotlari — 0,012.
Shisha quvuroʻtkazgichlarni kichikroq nishabda yoki nishabsiz yotqizishga ruxsat etiladi, lekin bunday holda loyiha tarkibida ularni moddalardan boʻshatilishini taʼminlovchi tadbirlar koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
42. Shisha quvurlarni kanallar va transheyalarga yotqizishda quvurlarning siljishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ularning tagida qattiq asosni taʼminlash kerak.
43. Transheyalar balandligi 200 — 300 mm boʻlganda zichlashtirilgan (trombovkalangan) qumli asos tayyorlanadi, unda shisha quvur tarmogʻini yotqizish uchun kichik ariqcha qilinishi lozim.
Yotqizilgandan soʻng quvuroʻtkazgichning gidravlik sinovi oʻtkaziladi va u 300 mm balandlikdagi qum qatlami bilan toʻldiriladi, soʻngra ikkilamchi gidravlik sinovdan oʻtkaziladi. Transheyaning usti yumshoq tuproq bilan toʻldirilishi kerak.
44. Shisha quvuroʻtkazgichlarni vakuum, shuningdek, havo yoki inert gaz vositasida boʻshatishda bu ishlarni bajarishning maxsus texnologik sxemasi loyihada koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
Shisha quvuroʻtkazgichlarni kimyoviy moddalar vositasida yuvishni aylanma sxema boʻyicha amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlishi lozim. Quvuroʻtkazgichlarni 0,1 MRa dan yuqori boʻlgan ortiqcha bosimga ega boʻlgan gazsimon moddalar vositasida boʻshatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
45. Shisha quvuroʻtkazgichlarning devorlar, orayopma plitalari, pardevorlarni kesib oʻtgan qismlarini gʻiloflar (gilzalar) ichidan oʻtkazish talab etiladi, bu gʻiloflar (gilzalar) umumqurilish ishlarini bajarish jarayonida oʻrnatilinadi. Gʻilofning (gilzaning) oxirgi qismlari (uchlari) kesib oʻtilayotgan konstruksiyadan 20 — 50 mm ga chiqib turishi kerak.
Devor yoki pardevorni kesib oʻtuvchi gʻilofning (gilzaning) uzunligini shu devor yoki pardevor qalinligiga teng qilib qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Shisha quvuroʻtkazgichlar bilan gʻilof (gilza) orasidagi tirqish 10 mm dan kam boʻlmasligi va bu tirqishni quvur oʻtkazgichning siljishiga yoʻl qoʻyadigan yonmaydigan material bilan zichlab toʻldirish zarur.
46. Shisha quvuroʻtkazgichlarning flansli birikadigan joylarini shu quvuroʻtkazgichlarning gʻilof (gilza) ichidan oʻtadigan joylariga toʻgʻri kelishiga yoʻl qoʻyilmaslik kerak.
47. Devorlarga, ustunlarga, shiftga va estakadalarga oʻrnatilgan shisha quvurlar rezina qistirmalarga ega boʻlgan metall xomutlar bilan mahkamlanishi va egiluvchan boʻgʻinlarga ega boʻlishi kerak.
48. Mazkur SHNQning 1-ilovasida keltirilgan 1 va 2-sinfga kiruvchi moddalarni hamda chaqnash harorati 13 °S va undan past hamda 13 °S dan 27 °S gacha boʻlgan yonuvchan moddalarni tashish uchun moʻljallangan shisha quvurlarni yordamchi va omborxona obyektlari orqali ochiq holda oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
49. Shisha quvuroʻtkazgichlarni metall quvuroʻtkazgichlar bilan birgalikda yotqizib oʻtkazishda shisha quvuroʻtkazgichlarni metall quvuroʻtkazgichlarga mahkamlashga yoʻl qoʻyiladi (metall quvuroʻtkazgichning yuk koʻtarish qobiliyati bunga imkon bergan holda).
50. Shisha quvuroʻtkazgichlarni rangli metallardan yoki boshqa materiallardan tayyorlangan quvuroʻtkazgichlarga, flansli ulangan quvuroʻtkazgichlarga mahkamlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
51. Muzlamaydigan suyuqliklarni tashish uchun shishadan ishlangan tashqi quvuroʻtkazgichlarni estakadalarga yotqizishda sanoat korxonasi ichida shisha quvuroʻtkazgichlarini montaj qilishda ishlatiladigan montaj detallarini qoʻllash bilan olib borilishi lozim.
52. Shisha quvuroʻtkazgichlarni temirbeton yoki boshqa orayopma plitalari orqali oʻtkazishda oldindan himoya qiluvchi metall yoki asbestsementli quvurlarni pol sathidan 1 m balandlikda joylashtirish zarur. Bu quvurlar xonani tozalashda va apparatga xizmat koʻrsatilayotganda shisha quvuroʻtkazgichlarni shikastlanishdan himoya qiladi va bunday quvurlarning diametrlari shisha quvuroʻtkazgichlarni biriktirgichlari maksimal oʻlchamlaridan 10 mm ga katta boʻlishi kerak.
53. Shisha quvuroʻtkazgichlarni devorlar va orayopma plitalari orqali oʻtkazishda metall yoki asbestsementli gʻiloflar (gilzalar) oʻrnatilishi lozim.
54. Shisha quvuroʻtkazgichlarni kollannalar va estakadalar boʻyicha oʻtkazishda quvur oʻtkazgichlarni mahkamlash talab etiladi.
Agar kolonnalar orasidagi masofa ancha katta boʻlsa, u holda metall yoki beton toʻsinlardan yetarlicha bikr boʻlgan maxsus toʻshamalar qilish kerak, bu toʻshmalarga quvurlar talab etilgan intervallarda mahkamlanishi lozim.
55. Shisha quvuroʻtkazgichlarning ochish-yopish armaturasini va shtutserlarini ularga xizmat koʻrsatish uchun qulay boʻlgan joylarga va mumkin qadar guruhlab joylashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Shisha quvuroʻtkazgichlarning gorizontal uchastkalarida joylashgan qoʻlda boshqariladigan armaturaning maxovigi uning ustki yarim aylana koʻrinishidagi qismiga joylashtirilgan boʻlishi kerak. Armaturaning qoʻlda boshqariladigan shturvallarini pol sathidan yoki xizmat koʻrsatish maydonchasidan 1,8 m dan katta boʻlmagan balandlikda joylashtirish zarur.
56. Shish quvuroʻtkazgichlarning flanslar va muftalar bilan ulanadigan qismlari tarmoq yoʻriqnomasiga muvofiq tegishli ranglar bilan boʻyalishi kerak.
57. Shisha quvuroʻtkazgichlarning gidravlik hisobini texnologik loyihalashtirish normalariga muvofiq bajarish lozim.
Shisha quvuroʻtkazgichlar uchun ishqalanishga nisbatan qarshilik koeffitsiyentini (λ) gidravlik jihatdan silliq boʻlgan quvuroʻtkazgichlar uchun belgilangan formula boʻyicha aniqlashga yoʻl qoʻyiladi.
λ=0.31Re0.226=0.31V∙dν0.226 (1)
Shisha quvuroʻtkazgichlar uchun gidravlik nishab i=0.000745∙V1.774 dr1,226
Quvuroʻtkazgich naporidagi yoʻqotishlar
h=λld+Σζ∙V22g (2)
bu yerda:
V — suyuqlik oqimining oʻrtacha tezligi, m/s;
d — quvuroʻtkazgichning ichki diametri, m;
l — quvurning uzunligi, m;
v — suyuqlikning kinematik qovushqoqlik koeffitsiyenti, m2/s;
ζ — muayyan joydagi qarshiliklarni hisobga oluvchi koeffitsiyent, ushbu SHNQning 3-ilovasida keltirilgan maʼlumotlarni hisobga olgan holda aniqlanishi lozim;
g — erkin tushish tezlanishi, 9,81 m/s.
58. Shisha quvuroʻtkazgichlar faqat gidravlik usul bilan mustahkamlikka va germetiklikka sinaladi. Shisha quvuroʻtkazgichlarni pnevmatik usul bilan sinash taqiqlanadi.
Sinash bosimi 1,25 MPa ishchi bosimga teng qilib, lekin 2 MPa dan kam boʻlmagan qiymatda boʻlishi kerak.
59. Shisha quvuroʻtkazgichlarning gidravlik sinovini issiq haroratda bajariladi, sinash bosimi 20 minut davomida ushlab (saqlab) turiladi, undan keyin quvur oʻtkazgich koʻzdan kechiriladi.
Shish quvuroʻtkazgichlarning ulangan joylarida nuqsonlar aniqlangan holda bosim atmosfera bosimigacha pasaytiriladi va ulangan joylar (ulash detallari) tortiladi.
Bunda, bir tomondan boshlab to yaqin joylashgan fasonli qismgacha barcha mahkamlangan xomutlar shunday boʻshashtiriladiki, buning oqibatida quvur oʻtkazgichning kronshteynlari tayanchlar va osmalar boʻyicha erkin siljishi mumkin boʻladi. Soʻngra bogʻlovchi detalining oʻzi tortilib, quvur oʻtkazgich yana qaytadan mahkamlanadi va sinash takrorlanishi lozim.
2-§ Harorat taʼsirida roʻy beradigan siljishlarni oldini olish
60. Shisha quvuroʻtkazgichlarni quvur devori haroratining oʻzgarishidan yuzaga keladigan siljishlarning hisobga olgan holda loyihalash zarur.
Bunda shisha quvuroʻtkazgichlarning harorat taʼsiridan roʻy beradigan siljishlarini haroratlar farqi 55 °S dan yuqori boʻlganda va shisha quvuroʻtkazgich toʻgʻri yotqizilgan qismining uzunligi 100 m dan ortiq boʻlgan holda hisobga olinadi. Haroratlar farqi 55 °S dan kichik boʻlganda har qanday uzunlikdagi shisha quvuroʻtkazgichlardagi harorat taʼsirida roʻy beradigan siljishlarni nazarda tutmaslikka yoʻl qoʻyiladi.
61. Shisha quvuroʻtkazgichlarga P yoki S simon muvozanatlagichlar (kompensatorlar) oʻrnatilishi lozim. Ularning diametri va yelkasining uzunligiga bogʻliq holda muvozanatlash qobiliyati ushbu SHNQning 2-jadvalida keltirilgan.
Shisha quvuroʻtkazgich P simon muvozanatlagichlar (kompensatorlar) tekisligi, odatda, quvuroʻtkazgich oʻqi sathida yoki undan balandda joylashishi lozim.
Shisha quvuroʻtkazgichni loyihalashda uning koʻchishi (siljishi) trassaning egilgan joylari hisobiga oʻz-oʻzidan kompensatsiyalanishini hisobga olish lozim.
62. Shisha kuvuroʻtkazgichlarda suyuqliklarni tashishda yoki sochiluvchan materiallarni suv yordamida tashishda yuzaga keladigan, quvuroʻtkazgichlar diametriga bogʻliq boʻlgan issiqlik zarbalari va bosimlar 3-jadvalda keltirilgan kattaliklardan (13-V shishadan tayyorlangan quvurlar uchun) oshmasligi lozim.
63. Shisha quvuroʻtkazgichlar siljishlarining oʻz-oʻzidan kompensatsiyalanishi hamda P va S simon muvozanatlagichlarni (kompensatorlarni) quvuroʻtkazgichlarga oʻrnatish mumkin boʻlmagan hollarda ularga linzali, salnikli va boshqa muvozanatlagichlarni (kompensatorlarni) oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi, ularning materiali ular orqali oqib oʻtadigan moddaning fizik-kimyoviy xossalarini hisobga olgan holda tanlanishi kerak.
Mazkur SHNQning 1-ilovasida keltirilgan I va II guruhga kiruvchi shisha quvuroʻtkazgichlarga salnikli kompensatorlarni oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
64. Shisha quvuroʻtkazgichlar uchun rezina yoki ftorplastdan tayyorlangan gofralangan muvozanatlagichlar (kompensatorlar) qoʻllanilishi lozim. Salnikli muvozanatlagichlarda (kompensatorlarda) issiqlikdan uzayishni kompensatsiyalash elastik deformatsiya hisobiga emas, balki quvur uchining salnikda koʻchishi evaziga amalga oshirilishi kerak.
3-§ Issiqlik izolyatsiyasi
65. Shisha quvuroʻtkazgichlar yoki yonma-yon oʻtkazilgan issiqlik beruvchi moddali quvuroʻtkazgichlar uchun birgalikda issiqlik izolyatsiyasini qoʻllash zaruriyati issiqlik izolyatsiyasini har bir quvuroʻtkazgichda tashiluvchi moddalarning fizik va kimyoviy xossalariga, quvuroʻtkazgichning yotqizilgan joyiga, texnologik jarayon va yongʻin xavfsizligi talablariga bogʻliq ravishda, shuningdek issiqlik-energiya resurslaridan samarali va tejamli foydalanishni hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
66. Shisha quvuroʻtkazgichlar uchun issiqlik izolyatsiyasining materiali sifatida perlitsement yoki sovelitdan tayyorlangan qobiqlar va boshqa yonmaydigan issiqlik izolyatsiyalovchi materiallar koʻzda tutiladi.
67. Shisha quvuroʻtkazgichni issiqlik chiqaruvchi yoʻldosh quvuroʻtkazgich bilan birgalikda yaxlit asosga yoki korobga yotqizish kerak.
Bunda quti va issiq modda tashuvchi yoʻldosh quvuroʻtkazgichdan tushadigan yuk shisha quvuroʻtkazgichga tushmasligi lozim.
68. Issiqlik beriluvchi muhit harorati va issiqlik chiqaruvchi yoʻldosh quvuroʻtkazgich bilan shisha quvuroʻgkazgich orasidagi masofa maksimal yoʻl qoʻyiladigan haroratlar farqidan ortiq boʻlmasligini taʼminlash shartidan kelib chiqqan holda mos ravishda 150 °S dan katta boʻlmagan va 50 mm dan kam boʻlmagan qiymatlarda mazkur SHNQning 1-ilovasiga muvofiq qabul qilinishi kerak.
69. Issiqlik chiqaruvchi yoʻldosh quvuroʻtkazgich bilan shisha quvuroʻtkazgichni birga yotqizishning qabul qilingan varianti oqib oʻtuvchi modda qaynab ketishining oldini olishi lozim.
70. Shisha Quvuroʻtkazgich orqali yonuvchi moddalar oqib oʻtishida yoʻldosh issiqlik chiqaruvchi quvurning harorati yonuvchan moddaning alangalanish haroratidan kamida 20 °S ga pastroq boʻlishi kerak.
7-bob. Quvuroʻtkazgichlarning himoya qurilmalari
71. Yongʻin, portlab yonish va portlash xavfi boʻyicha A, B, V, G va D toifalarga tegishli boʻlgan ishlab chiqarish binolarida yotqiziladigan shisha quvuroʻtkazgichlar uchun, shuningdek, statik elektr toki texnologik jarayonlarga va mahsulot sifatiga salbiy taʼsir qilish ehtimoli aniqlangan hollarda statik elektr tokidan himoya qiluvchi vositalarni loyihalashtirish lozim.
72. Shisha quvuroʻtkazgichlarni quyidagi hollarda statik elektr tokidan himoya qilish kerak:
shisha quvuroʻtkazgichlar boʻyicha solishtirma elektr qarshiligi 104 Om·m dan yuqori boʻlgan moddalarni tashishda — quvurlarni ulash uchun koʻzda tutilgan metall flanslar yoki muftalarni yerga ulash;
shisha quvuroʻtkazgichlar boʻyicha solishtirma elektr qarshiligi 108 Om·m dan yuqori boʻlgan moddalarni hamda statik elektr toki salbiy taʼsir qiladigan moddalarni tashishda — metall flanslar yoki muftalarni yerga ulashdan tashqari quvurlarning ichki yoki tashqi sirtiga tok oʻtkazuvchi qoplamalarni berish, moddalar oqish tezligini cheklash.
Shisha quvuroʻtkazgich boʻyicha solishtirma elektr qarshiligi 104 Om·m va undan kichik boʻlgan moddalar tashilayotganda quvuroʻtkazgichlarni statik elektr tokidan himoya qilish vositalarini loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
73. Yorugʻlik taʼsirida fizik va kimyoviy xossalari oʻzgarishi mumkin boʻlgan moddalarni tashishga moʻljallangan quvuroʻtkazgichlar boʻyalishi, yorugʻlikdan himoya qiluvchi qoplamalar bilan qoplanishi, yopiq koroblar ichiga joylashtirilishi lozim.
74. Odamlar gavjum boʻladigan hamda transport vositalari harakatlanadigan joylarda joylashgan yoki shisha quvuroʻtkazgichlarning mexanik shikastlanish xavfi yuqori boʻlgan zonalarda joylashgan shisha quvuroʻtkazgichlar uchun himoya toʻsiqlari koʻzda tutilishi kerak.
75. Shisha quvuroʻtkazgichlar eshiklar ustidan, shuningdek doimo odamlar boʻladigan joylar ustidan oʻtkazilganda, xavfsizlikni va quvuroʻtkazgichning yaxshi holatda saqlanishini taʼminlaydigan qobiq yoki novlar (lotoklar) koʻrinishidagi himoya qurilmalari oʻrnatilishi lozim.
76. Shisha quvuroʻtkazgichlarning tayanch konstruksiyalarini SHNQ 2.03.11-96 talablariga muvofiq atmosfera taʼsiri ostida zanglashidan himoya qilish zarur.
77. Shisha quvuroʻtkazgichlar va fasonli detallar uchun zanglashga qarshi (antikorrozion) himoya talab etilmaydi.
8-bob. Shisha quvuroʻtkazgichlardan foydalanish
78. Shisha quvuroʻtkazgichlarni foydalanishda loyihada koʻzda tutilgan harorat rejimlariga rioya qilish, quvuroʻtkazgichlarga gidravlik zarbalar berilishiga va ularning tebranishiga yoʻl qoʻyilmaslik lozim.
79. Termik zarbalar berilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun shisha quvuroʻtkazgichlar asta-sekinlik bilan qizishi yoki sovushi kerak, quvuroʻtkazgichlarning qizish va sovush tezliklari 1 s da 15 — 20 °S dan oshmasligi zarur.
80. Shisha quvuroʻtkazgichlar ulangan nasos va boshqa uskunalar gidravlik zarbalar berilishining oldini oluvchi rejimda ishlashi kerak, shu maqsadda tiqinli kranlarni asta sekinlik bilan (4 va 5 s davomida) yopish zarur.
81. Shisha quvuroʻtkazgichlarni tozalash uchun ularning ichiga qaynoq bugʻni haydash taqiqlanadi, ularni quvurning termik bardoshliligidan yuqori darajadagi issiq suv bilan yuvishda ushbu quvuroʻtkazgichlarni oldindan qizdirish (isitish) zarur.
Qizdirishni (isitishni) harorati 50 — 60 °S dan yuqori boʻlmagan suyuqlik bilan bajarish lozim.
82. Quvuroʻtkazgichlarni iqlimi keskin oʻzgaradigan hududlarda tashqi estakadalar boʻylab oʻtkazishda issiq quvurlarga qor, yomgʻir tushishiga va sovuq shamolning tegishiga yoʻl qoʻymaslik zarur, chunki ular shishada xavfli issiqlik kuchlanishlarini yuzaga keltirishi mumkin. Bunday hollarda quvuroʻtkazgichlarni metall yoki boshqa materialdan tayyorlangan ustki toʻsqichlar bilan himoyalash zarur.
83. Muzlaydigan suyuqliklarni tashuvchi, estakadalar yoki isitilmaydigan binolarda joylashgan shisha quvuroʻtkazgichlar qish vaqtida ishlab chiqarish toʻxtaganda quvuroʻtkazgichning eng past uchastkalarida joylashgan drenaj joʻmraklar orqali suyuqlikdan boʻshatilishi lozim.
84. Kristallanadigan suyuqliklar bilan toʻldirilgan shisha quvuroʻtkazgichlarni ochiq alanga bilan qizdirish taqiqlanadi.
Kristallanuvchi suyuqliklarni shisha quvuroʻtkazgichlar orqali faqat issiq modda tashuvchi yoʻldoshlar mavjud boʻlganda yoki mazkur SHNQning 6-bobiga muvofiq loyihalangan quvuroʻtkazgichda issiqlik izolyatsiyasi boʻlgan holda tashishga yoʻl qoʻyiladi.
85. Shisha quvuroʻtkazgichlarni yorugʻlik taʼsiridan himoya qilishning imkoni boʻlmasa, u holda shisha quvuroʻgkazgichlar orqali yorugʻlik taʼsirida parchalanuvchi moddalarni tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
86. Kranlar va ventillarni yopish uchun richag yoki zarba beruvchi moslamalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
87. Oʻlchash asboblaridagi ochish-yopish armaturasiga chegaraviy parametrlar va yopish ketma-ketligi koʻrsatilgan taxtachani osib qoʻyish zarur.
88. Quvuroʻtkazgichga oʻrnatilgan ochish-yopish armaturasiga mustahkam qilib mahkamlangan narvonlar, arqonli narvonlar, taxta supalar yordamida oson yetib borish taʼminlangan boʻlishi kerak.
89. Shisha quvuroʻtkazgichlarni va ularning ochish-yopish armaturasini muntazam ravishda koʻzdan kechirib turish va aniqlangan barcha nuqsonlarni tuzatish zarur.
Shisha quvuroʻtkazgichlar orqali agressiv taʼsir koʻrsatuvchi suyuqliklar tashiladigan sanoat korxonalarida shu quvuroʻtkazgichlarning ulangan joylaridagi oraliq qistirmalarning holatini yilning har bir choragida bir martadan kam boʻlmagan holda tekshirish zarur. Eskirgan oraliq qistirmalar almashtirilishi lozim.
Metalldan tayyorlangan mahkamlash va ulash detallarida himoyalovchi lak qatlamining shikastlanganligi aniqlanganda ularni zangdan tozalash va qaytadan lak bilan qoplash kerak.
90. Singan yoki darz ketgan shisha quvuroʻtkazgichlar taʼmirlanmaydi, uni yangi shisha quvuroʻtkazgichlar bilan almashtirish lozim.
91. Suyuqlik bilan toʻldirilgan shisha quvuroʻtkazgichlarni taʼmirlash, ulardagi tomchilashni tuzatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
92. Taʼmirlash ishlarini boshlashdan oldin ochish-yopish armaturasigacha boʻlgan butun shisha quvuroʻtkazgichlardagi tarmoqni suyuqlikdan boʻshatish va undan keyin uni yuvish kerak.
93. Bosim ostida alangalanuvchi va portlash xavfiga ega boʻlgan moddalarni, shuningdek, tashish vaqtida statik elektrni yuzaga keltiruvchi (yuzaga kelgan statik elektrni quvur oʻtkazgich sirtidan qaytarish koʻzda tutilmagan yoki qiyin boʻlgan) moddalarni tashish uchun shisha quvuroʻtkazgichlarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
94. Toʻgʻri qoʻllash shisha quvuroʻtkazgichlarni (shu jumladan, ularning shakllari, oʻlchamlari, shishaning kimyoviy tarkibi, termik chidamliligi, ishchi bosimi, kimyoviy bardoshliligini) tanlash, ular ekspluatatsiya qilinadigan sharoitlarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
95. Shisha quvuroʻtkazgichlar bilan manipulyatsiyalashda va ularni foydalanishda quyidagilarga rioya qilish kerak:
shisha quvuroʻtkazgichlar mexanik taʼsirlar (zarbalar, titratish, kuchli bosim) ostida boʻlmasligiga;
shisha quvuroʻtkazgichlarni ularning termik bardoshligidan yuqori boʻlgan haroratlarning keskin tushishiga duchor qilmaslikka;
shisha quvuroʻtkazgichlarning qattiq va uchqur predmetlarga tegishiga yoʻl qoʻymaslikka;
shisha quvuroʻtkazgichlarni saqlashda ularga nam taʼsir qilishiga yoʻl qoʻymaslikka;
shisha quvuroʻtkazgichlarga sement changi, qurilish qorishmalari, suvoq qorishmalari, loklar, boʻyoqlar ishlab turgan uskunalardan (payvandlash apparatlari, silliqlash mashinalari, perforatorlar) uchuvchi zarralar va boshqa agressiv taʼsir qiluvchi moddalar tushmasligi uchun ularni himoya qilishga;
shisha quvuroʻtkazgichlarni qattiq materiallar va tirnovchi (abraziv) aralashmalarga ega boʻlgan materiallar bilan artmaslikka;
quruq buyumlarni shyotkalar bilan yuvuvchi suyuqliklarni bermasdan turib tozalamaslikka.
96. Shisha quvuroʻtkazgichlarni montaj qilishda foydalaniladigan barcha materiallar bir-biriga va buyumlarga mos tushishi lozim.
97. Shisha quvuroʻtkazgichlar ifloslanganda ularni tozalash zarur. Tozalash vaqtida buyumlarga shikast yetkazuvchi metall asboblar, uchqur predmetlar, abraziv vositalar E va moddalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
98. Shisha quvuroʻtkazgichlarni tozalash uchun shu buyumlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan berilgan tavsiyalarga koʻra toza suv, shisha uchun moʻljallangan yuvish vositalari va usullaridan foydalanish kerak.
99. Zarur boʻlgan hollarda ishlab chiqargan korxona shisha quvuroʻtkazgichlarni saqlash, ularni qoʻllash va ekspluatatsiya qilish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalarni belgilashi kerak.
100. Shisha quvuroʻtkazgichlarni loyihalash, oʻrnatish va foydalanishda hududdagi daraxt va butalar hamda yashil maydonlarga zarar yetkazmasligi lozim.
SHNQ 2.04.06-22 “Shisha quvurlardan tayyorlangan texnologik quvuroʻtkazgichlarni loyihalash” shaharsozlik norma va qoidalariga 1-ILOVA
Shisha quvuroʻtkazgichlarda tashiladigan moddalar uchun ruxsat etiladigan harorat va bosimlarning koʻrsatkichlari
Izohlar:
1) tashiladigan moddalar sinfi GOST 12.1.005-88 va GOST 12.1.007-76 ga muvofiq, yonuvchanligi (portlash va yongʻin xavfi) hamda GOST 12.1.004-91 ga muvofiq aniqlanadi;
2) tashiladigan moddalarning parametrlari ishchi bosimni maksimal ortiqcha bosimga teng deb qabul qilinishi kerak;
3) tashiladigan moddalarning 1 va 2-sinflariga kiruvchi shisha quvuroʻtkazgichlar himoyalangan boʻlishi lozim.
SHNQ 2. 04.06-22 “Shisha quvurlardan tayyorlangan texnologik quvuroʻtkazgichlarni loyihalash” shaharsozlik norma va qoidalariga 2-ILOVA
Shisha quvurlar sortamenti va fizik xarakteristikalari (GOST 8894-2018)
1. Uchlari tekis shisha quvurlar
Izohlar:
1) shartli oʻtish diametri (Dsh) 40 dan 50 gacha boʻlgan quvurlar uzunligi 1500 dan 3000 mm gacha, Dsh quvurlar esa 2000 mm uzunlikda, 250 ga karrali qilib tayyorlanadi, bunda uzunligi boʻyicha oʻlchamlarining xatoligi ± 15 mm dan oshmasligi kerak;
2) GOST 8894-2018 boʻyicha, quyidagi fasonli qismlar tayyorlanadi: 90°, 75°, 45°, 30° va 15° burchakli tirsaklar (otvod), ikkitali tirsaklar; bir xil diametrli, uchtali tarqatgichlar (troynik), krestovinalar.
2. Chekka qismlari konussimon burtli shisha quvurlar
3-jadval
Quvurlarni tayyorlash uchun qoʻllaniladigan shishalarning fizik xarakteristikalari
SHNQ 2. 04.06-22 “Shisha quvurlardan tayyorlangan texnologik quvuroʻtkazgichlarni loyihalash” shaharsozlik norma va qoidalariga 3-ILOVA
Quvuroʻtkazgichlarning gidravlik hisoblari uchun shisha fasonli qismlarning GOST 8894-2018 boʻyicha mahalliy qarshilik koeffitsiyentlari qiymatlari
1-jadval
Tarqatgichlar (otvodlar)
2-jadval
Ikkitalik ajratgichlar (otvodlar) va chetlanishlar (otstuplar)
3-jadval
Oʻtishlar (perexodi) (konfuzor va diffuzorlar)
4-jadval
Oqimning ajralishidagi uchtaliklar (troynik) va krestovinalar
Bu yerda, Q — suyuqlik sarfi;
V — suyuqlik tezligi;
d — quvuroʻtkazgich diametri;
ζ — mahalliy qarshilik koeffitsiyenti.
5-jadval
Oqimlarning qoʻshilishidagi uchtaliklar
6-jadval
Oqimlarning qoʻshilishida krestovinalar
SHNQ 2. 04.06-22 “Shisha quvurlardan tayyorlangan texnologik quvuroʻtkazgichlarni loyihalash” shaharsozlik norma va qoidalariga 4-ILOVA
Kompensatorlarning diametri va yelka uzunligiga bogʻliqlik
