Toshkent viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari ijrosini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida (KQ-796-IV-son)
14.08.2024
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Toshkent viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash chora-tadbirlarining ijrosi oʻrganildi.
Oʻrganish natijalari koʻrsatganidek, viloyatda 2024-yilning birinchi yarim yilligida yalpi hududiy mahsulot hajmi 58,1 trln soʻmni yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 107,4 foizni tashkil etgan. Shuningdek, sanoat hajmi 107,1 foizga, qishloq xoʻjaligi 104,1 foizga, bozor xizmatlari 113,1 foizga va qurilish ishlari 113,1 foizga oʻsgan.
Ushbu davrda hududiy investitsiya dasturi doirasida 693,8 mln dollarlik 487 ta loyiha ishga tushirilgan hamda 16,7 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratilgan. 738,9 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan. 61 ta xorijiy davlatga 579 mln dollarlik sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qilingan.
Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar doirasida qiymati 5,2 mlrd dollarlik jami 26 ta investitsiya loyihasi boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.
Turizmni rivojlantirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida viloyatga 468 mingdan ziyod xorijiy turistlar tashrif buyurgan hamda mahalliy sayyohlar soni 7,7 mlndan ortgan. 28 ta oilaviy mehmon uyi hamda 17 ta turagent va 9 ta turoperator faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Hududiy bandlik dasturi doirasida joriy yilning yanvar — iyun oylarida 293.6 ming aholining doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish oʻrinlarida bandligi taʼminlangan. Jumladan, investitsiya loyihalarini ishga tushirish orqali 4.6 ming, xizmat koʻrsatish sohasida 184,4 ming, qishloq xoʻjaligi sohasida 97,3 ming, qurilish sohasida 7,2 ming aholining bandligi taʼminlangan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 9,5 mingdan ziyod loyihalarga 157,8 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Mahalliy budjet daromadlari ijrosi prognozga nisbatan 104 foizga bajarilib, budjetga tushumlar qariyb 2,7 trln soʻmni tashkil qilgan. Tashabbusli budjet jarayonlarining joriy yilgi 1-mavsumi doirasida 348,8 mlrd soʻmlik 313 ta loyiha gʻolib deb topilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining muammolarini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar uchun “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalaridan 65,9 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ sarflangan. Xususan, “Ayollar daflari”ga kiritilgan 30,7 ming xotin-qizlarga hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 7,1 ming yoshlarga amaliy yordam koʻrsatilgan.
Aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturlari doirasida 1 133 ta xonadondan iborat 25 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilgan.
Shuningdek, oʻrganish viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash hamda bandlik dasturlari ijrosini taʼminlashda ayrim kamchilik va muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼulligida tibbiy uskunalar bilan jihozlashga doir chora-tadbirlar dasturi doirasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining kardiologiya boʻlimlari 22 ta EKG, 21 ta ExoKG, 18 ta xolter-monitor, 21 ta defibrillyator bilan taʼminlanmagan.
2022-2023-yillarda tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash dasturiga asosan 15 ta maxsus va 2 ta yoʻl tanlamas avtotransport vositalari bugungi kunga qadar yetkazib berilmagan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligi hamda viloyat hokimligi masʼul boʻlgan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy oʻrta taʼlim maktablarini tashkil etish loyihasi doirasida 4 ta maktab tashkil etish loyihasi uchun hanuzgacha yer uchastkalari ajratilmagan (muddati 2023-yil iyul) va loyihaning konsepsiyasi ishlab chiqilmagan.
Viloyat hokimligi masʼulligida joriy yilning 1-iyuliga qadar viloyat hududlarining 2030-yilgacha moʻljallangan ekologik “master-reja”si mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilmagan hamda tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritilmagan.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, viloyat hokimligi masʼulligida joriy yilning 1-iyuliga qadar Bekobod va Yangiyoʻl shaharlarida ichimlik va oqova suv taʼminoti tizimlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berish vazifasi yuzasidan amaliy ishlar boshlanmagan.
Viloyat hokimligi masʼulligida maktablarni zamonaviy kompyuter sinflari bilan taʼminlash maqsadida viloyat budjetidan 11 mlrd soʻm ajratilgan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar (muddati 2024-yil 1-aprel) ushbu kompyuter jihozlari xarid qilinmagan.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid vazifalar doirasida sotilishi belgilangan 17 ta obyekt balansda saqlovchilar tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshirilmaganligi sababli savdolarga chiqarilmagan.
2024-yilning 1-martiga qadar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 1,2 ming gektar yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi rejalashtirilgan boʻlsa-da, amalda reja doirasida bugungi kunga qadar 115 gektar yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarilmagan.
Iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, mahalliy sanoatni rivojlantirish, investitsiyalarni faol jalb qilish va eksport hajmini oshirish borasida ishlar samaradorligi ayrim hududlarda pastligicha qolmoqda.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmida oʻsish surʼati Parkent (54,9 foiz), Oʻrta Chirchiq (63,3 foiz) tumanlarida va Nurafshon shahrida (74,6 foiz) taʼminlanmagan.
Konsalting kompaniyalari tomonidan 4-toifadagi Bekobod, Boʻka va Piskent tumanlari uchun texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan 120 ta yangi loyihaga tashabbuskor — investorlar jalb qilinmagan.
Eksport prognozi koʻrsatkichlari ijrosi Parkent (61 foiz) va Qibray (82 foiz) tumanlarida bajarilmagan.
Joriy yilning 1-iyul holatiga davlat roʻyxatidan oʻtgan 61,5 ming kichik biznes subyektining 43 foizi yoki 26,6 mingtasi faoliyatini toʻxtatib qoʻygan. Ayniqsa, bu koʻrsatkich Boʻka, Yangiyoʻl, Oʻrta Chirchiq tumanlari hamda Nurafshon va Ohangaron shaharlarida yuqori boʻlib, mavjud subyektlarning qariyb 50 foizi faoliyat yuritmaydi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlar boʻyicha qarzdorlikni undirish ishlari sust, joriy yilning 1-iyul holatiga muammoli kreditlar qoldigʻi 239,8 mlrd soʻmni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 108,3 mlrd soʻmga (9,2 foizga) oshgan.
Sanoat zonalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash boʻyicha qabul qilingan dasturlardagi ayrim tadbirlarning ijrosi taʼminlanmagan.
Jumladan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ masʼulligida Yangiyoʻl shahar “Biokimyo” KSZda elektr energiyasi tarmogʻini qurish loyihasi boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va ekspertiza xulosasi olingan boʻlsa-da, moliyalashtirish masalasi hal etilmagani uchun qurilish ishlari (muddati 2021-2022-yillar) boshlanmagan.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va viloyat hokimligi masʼulligida Ohangaron tumanidagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasida terini qayta ishlash korxonalari uchun markazlashgan oqova suv tozalash inshootini qurish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish vazifasi bugungi kunga qadar (muddati 2024-yil aprel) bajarilmagan.
Yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil qilish maqsadida boʻsh turgan binolar va yer maydonlariga tadbirkorlarni jalb qilish boʻyicha yetarli darajada targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmaganligi natijasida viloyat boʻyicha 32 ta davlat obyekti uch oydan ortiq auksion savdolarida turgan boʻlishiga qaramasdan sotilmagan.
Viloyatda 2023-yilda davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan obyekt joylashgan tuman (shahar) budjetlarida qolishi lozim boʻlgan 12,1 mlrd soʻm toʻlaligicha, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinmasdan viloyat budjetida qoldirilgan.
Hududiy bandlik dasturi doirasida aholini daromadli mehnat bilan band qilish borasidagi vazifalar ijrosini taʼminlashda ayrim soha va tumanlarda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
2024-yil yanvar — iyun oylari uchun bandlik rejasi Oʻrta Chirchiq (69,8 foiz) tumanida hamda Nurafshon shahri (66,9 foiz)da bajarilmagan.
Yirik va hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga tashkil etiladigan yangi ish oʻrinlarida aholi bandligi Piskent tumanida 23,5 foiz va Boʻka tumanida 55,7 foizga taʼminlangan, xolos.
Qishloq xoʻjaligi sohasida doimiy ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlari Oʻrta Chirchiq (46,1 foiz) va Zangiota (48,6 foiz) tumanlarida toʻlaligicha bajarilmagan.
Xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish hisobiga aholini doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda band qilish rejasi ham Nurafshon shahrida (58,5 foiz) hamda Bekobod (34,1 foiz) tumanida past darajada ijro etilgan.
Xorijdan mehnat migratsiyasidan qaytgan 27,2 mingdan ortiq fuqarolardan atigi 28 foizining (7,7 ming nafari) bandligi taʼminlangan, xolos.
Jamoat ishlariga jalb qilish orqali fuqarolarning bandligini taʼminlash dasturi ijrosi Ohangaron (33 foiz) va Chirchiq (36 foiz) shaharlarida hamda Bekobod va Boʻstonlik (32 foiz), Piskent (34 foiz) va Ohangaron (41 foiz) tumanlarida 50 foizni ham tashkil qilmagan.
Joriy yilda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish rejasi Yuqori Chirchiq (10 foiz), Quyi Chirchiq (16 foiz), Oʻrta Chirchiq (43 foiz) va Piskent (44 foiz) tumanlarida 50 foizga ham bajarilmagan boʻlsa, Parkent tumanida esa yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi umuman joriy etilmagan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi muammolarini tizimli hal etish, ushbu maqsadda ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish borasida ham kamchiliklar mavjud.
“Ayollar daftari”dagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlashda hududdagi boʻsh ish oʻrinlaridan samarali foydalanilmagan. Xususan, Boʻstonliq, Yangiyoʻl va Qibray tumanlarida ushbu toifadagi xotin-qizlarning 90 foizdan ortigʻi oʻzini oʻzi band qilganlardir.
“Yoshlar daftari”dagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 4 245 nafar yoshlarning 1 070 nafariga yoki 25,2 foiziga 2023-yildan buyon amaliy yordam koʻrsatilmagan.
Mahalliy budjet ijrosini taʼminlashda ham ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Xususan, soliq toʻlovchilarning budjetdan muddati oʻtgan soliq qarzdorligi 577,5 mlrd soʻmni tashkil qilgan yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 157,7 foizga (211,5 mlrd soʻm) oshgan.
Viloyatdagi 36 649 ta korxona va tashkilotning 4 726 tasi (13 foizi) soliq hisobotlarida xodimlar soni 1 nafar etib koʻrsatilgan.
Joriy yilning oʻtgan davrida viloyat budjetining qoʻshimcha manba mablagʻlari hisobidan “Fuqarolar tashabbusi” jamgʻarmasiga umuman mablagʻ ajratilmagan.
Mahalliy budjet mablagʻlaridan foydalanishda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun tartib-taomillariga zid ravishda 121 ta holatda qariyb 3,1 mlrd soʻmlik xaridlar amalga oshirilgan.
Viloyat mahalliy budjetida shakllangan qoʻshimcha manbalari hisobidan xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan 15 ta holatda jami 465,4 mlrd so6m ajratish boʻyicha yoki manbasi (172,8 mlrd soʻm) mavjud boʻlmagan xarajatlar uchun qarorlar qabul qilingan.
Viloyat, shahar va tuman hokimliklari tomonidan qoʻshimcha manbalar hisobidan xarid qilingan tovarlar (ishlar) hamda xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz muddatida rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilmagan.
Toshkent viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyevning Toshkent viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari ijrosini oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Investitsiyalar, sanoat va savdo, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Iqtisodiyot va moliya, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi, Energetika, Sog6liqni saqlash, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari, Soliq, Oila va xotin-qizlar qoʻmitalari, Davlat aktivlarni boshqarish va Yoshlar ishlari agentliklari hamda Toshkent viloyati hokimligiga viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash borasida belgilangan vazifalarning ijrosi boʻyicha aniqlangan kamchiliklar koʻrsatib oʻtilsin.
3. Toshkent viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini samarali ijro etilishini taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Toshkent viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari samarali ijro etilishini taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” ijrosini nazoratga olsin;
mazkur Qaror ijrosi yuzasidan III chorak yakuni boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotni joriy yilning 20-oktabriga hamda yakuniy maʼlumotni 2025-yilning 30-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga kiritsin.
5. Toshkent viloyati hokimligi:
viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash borasida belgilangan vazifalarni ijro qilishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygani uchun Boʻka, Piskent va Yangiyoʻl tumanlari hamda Nurafshon shahri hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlarining faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqsin;
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan resurslardan samarali foydalanish hamda muammoli kreditlarni kamaytirish, yoshlarning bandligini taʼminlash tadbirlarini yetarli darajada tashkil qilmaganligi uchun Yangiyoʻl va Toshkent tumanlari hamda Yangiyoʻl shahri mahallalariga biriktirilgan hokim yordamchilariga nisbatan tegishli choralar koʻrsin.
6. Soliq qoʻmitasi Davlat budjeti daromadlari ijrosini taʼminlashda, shu jumladan, muddati oʻtgan soliq qarzdorligini qisqartirish borasida sustkashlikka yoʻl qoʻygan Piskent va Qibray tumanlari soliq inspeksiyasi rahbariyatining intizomiy javobgarlik masalasini koʻrib chiqsin.
7. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar Bekobod va Yangiyoʻl shaharlarida ichimlik va oqova suv taʼminoti tizimlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyatida sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlarini balansda saqlovchilardan qabul qilish, oʻz vaqtida auksion savdolariga chiqarish, sotishdan tushgan tushumlarni qonunchilikka muvofiq viloyat hamda obyekt joylashgan tuman va shaharlar mahalliy budjetlariga oʻtkazib berilishini taʼminlasin.
9. Xalq deputatlari Toshkent viloyati, tuman va shahar Kengashlariga:
yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni, shuningdek, viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlar dasturlari ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini Kengash sessiyalarida tizimli ravishda eshitish va tanqidiy muhokama qilish;
mahalliy budjetda shakllantirilgan qoʻshimcha manbalar hisobidan manbasi yetarli boʻlmagan xarajatlar uchun qabul qilingan Kengash qarorlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish hamda kelgusida bu kabi kamchiliklarning oldini olish choralarini koʻrish;
viloyat, tuman va shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi bandligi boʻyicha dasturlar ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar qoʻllash tavsiya etilsin.
10. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 14-avgust,
KQ-796-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 14-avgustdagi KQ-796-IV-sonli qaroriga ILOVA
Toshkent viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini samarali ijro etilishini taʼminlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
