Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-132-son)
30.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Joriy yilning 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida kelib tushgan 12 mingta murojaatda koʻtarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish hamda ochiq muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Tadbirkorlar bilan keng muhokamalarda bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan va ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha 5 ta yoʻnalishdan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish dasturi doirasida quyidagilar:
ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) 1-ilovaga muvofiq;
amaliy tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlik va idoralar rahbarlariga mazkur Farmonga 1-ilovaga muvofiq qonunchilik hujjatlari loyihalari sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi va oʻrnatilgan tartibda kiritilishi, shuningdek, mazkur Farmonga 2-ilovaga muvofiq tadbirlar soʻzsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
Topshiriqlarni toʻliq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki ijrosini taʼminlamagan vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriq ijrosi muddati tugagan kundan boshlab ijrosi taʼminlangunga qadar boʻlgan muddatda ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻxtatilishi belgilansin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-noyabrdan:
davlat dasturlari asosida kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga barcha tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari jalb qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-306-son qaroriga asosan amalga oshirilayotgan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan 100 million soʻmgacha garovsiz mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish yoki ular boʻyicha kafilliklar taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda tijorat banklariga va mikromoliya tashkilotlariga oʻz resurslari hisobiga mazkur mikrokredit miqdorini 300 million soʻmgacha oshirishga ruxsat etiladi.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvardan boshlab elektron onlayn auksion savdolarida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini mulk huquqi asosida realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Vazirlar Mahkamasi 2024-yil 1-noyabrga qadar tadbirkorlik subyektlariga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun toʻlovni oldindan amalga oshirishda qulaylik yaratish, elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli miqdorlariga nisbatan shartnomaviy limitlarni oshirish va undan ortishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda ortiq isteʼmol qilingan elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun qoʻshimcha toʻlovni kamida 10 baravarga kamaytirish choralarini koʻrsin.
6. Belgilansinki:
a) eksport operatsiyalari boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplashda:
soliq toʻlovchilardan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan oʻtkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar belgilangan mamlakatga joʻnatilganligini tasdiqlovchi belgisi qoʻyilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish talab etilmaydi;
bojxona organlari tomonidan real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi vositasida soliq organlariga tovarlar bojxona chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos boʻladi.
Bunda mazkur tartib 2023-yil 1-dekabrdan ushbu Farmon kuchga kirgunga qadar boʻlgan davrdagi eksport operatsiyalari boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash uchun taqdim etilgan arizalarga nisbatan ham tatbiq etiladi;
b) asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi qismlar importiga oid kontraktda ularni yetkazib berish muddati 180 kundan ortiq etib belgilangan boʻlsa, mazkur operatsiya boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati sifatida kontraktda koʻrsatilgan yetkazib berish muddati eʼtirof etiladi.
7. 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytirilsin.
8. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga 2028-yil 1-yanvarga qadar har oyning 25 sanasiga qadar toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika budjetidan qaytarish tizimi joriy etilsin:
a) oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz (toʻlov terminallari yoki mobil toʻlovlar orqali) qismi:
60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga — budjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining 40 foizi;
60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga — budjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining 20 foizi;
b) turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga — budjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining 20 foizi.
9. 2025-yil 1-yanvardan boshlab davlat xaridlarini (korporativ buyurtmachilarning tijorat maqsadlarida amalga oshiriladigan davlat xaridlaridan tashqari) amalga oshirishda tovarning oʻzlashtirish darajasidan kelib chiqib ishlab chiqaruvchilarni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilsin. Bunda mazkur tizim Elektron kooperatsiya portali bilan bir qatorda davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portali vositasida barcha davlat xaridlari elektron tizimlarida joriy etiladi.
Savdo-sanoat palatasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Statistika agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tarmoqlar kesimida mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar toʻgʻrisidagi sertifikatlarni berish tizimini hamda ularni oʻzlashtirish darajasi boʻyicha reyestrni joriy etsin.
10. Belgilansinki:
2024-yil 1-noyabrdan boshlab barcha uchun ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) joriy qilinadi;
2025-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini toʻxtatib turishga faqatgina Reyestrga kiritilgan omillar asosida yoʻl qoʻyiladi, bundan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini sud tartibida hamda qonunda belgilanadigan asoslar boʻyicha toʻxtatib turish holatlari mustasno.
11. 2025-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfini aniqlash boʻyicha “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etilsin. Bunda tekshiruv va profilaktika tadbirlarini tashabbus etish ushbu tizim natijalari asosida amalga oshirilishi belgilansin.
12. Bosh prokuratura Adliya vazirligi va Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirishni, kamaytirib koʻrsatishni, shuningdek, davlat tomonidan belgilangan soliqlarni yoki yigʻimlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlashni sodir etganlik boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻladigan zarar miqdorini 2 baravar oshirish boʻyicha qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
13. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiyaga tashqi savdodagi tarif va notarif choralarni Jahon savdo tashkiloti talablari asosida vaqtincha tartibga solish boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolati berilsin.
14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Adliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda har oyda amaliy tadbirlar rejasi va Roʻyxatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish holatini oʻrganib boradi, natijalari boʻyicha maʼlumot va topshiriqlar ijrosida yuzaga kelayotgan masalalar yechimi boʻyicha takliflarni Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi;
amaliy tadbirlar rejasi va Roʻyxatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish holati har oyda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida koʻrib chiqiladi, yuzaga kelayotgan muammolar yechimi boʻyicha hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun tegishli masʼullarga choralar koʻrib boriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Nazorat inspeksiyasi amaliy tadbirlar rejasi va Roʻyxatda belgilangan vazifalar masʼul vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan muddatlarda va sifatli ijro etilishini taʼminlaydi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev belgilansin.
Farmon ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-avgust,
PF-132-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-son Farmoniga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish dasturi doirasida ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari
ROʻYXATI
Izoh: normativ-huquqiy hujjatlarning turlari tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish dasturi doirasida bajariladigan
AMALIY TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-181-son qarori quyidagi mazmundagi 51-band bilan toʻldirilsin:
“51. Komissiyaga tashqi savdodagi tarif va notarif choralarni JST talablari asosida vaqtincha tartibga solish boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolati berilsin”.
