SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (01/2-36-son)
25.07.2024
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XOʻJALIGI VAZIRINING
BUYRUGʻI
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-martdagi PF-5963-son “Oʻzbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 27-noyabrdagi PF-6119-son “Oʻzbekiston Respublikasi qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining 1996-yil 11-sentabrdagi 88-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan QMQ 2.09.19-97 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” qurilish meʼyorlari va qoidalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Energetika vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Birinchi oʻrinbosar S. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-iyul,
01/2-36-son
Kelishildi:
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2024-yil 11-iyun
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2024-yil 1-iyul
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2024-yil 14-iyun
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2024-yil 12-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDASHEV
2024-yil 20-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal hoʻjaligi vazirining 2024-yil 25-iyuldagi 01/2-36-son buyrugʻiga ILOVA
SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda SHNQ deb yuritiladi) neft va neft mahsulotlari omborxonalarini (bundan buyon matnda omborxona deb yuritiladi) loyihalash hamda ularni rekonstruksiya qilishga oid talablarni belgilaydi.
Ushbu SHNQning talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
harbiy obyektlarning omborxonalariga;
suyultirilgan gaz omborxonalariga;
20 °S haroratdagi bugʻlar bosimi 93,6 kPa (simob ustunining 700 mm) dan yuqori boʻlgan bosimdagi neft va neft mahsulotlarini saqlash omborxonalariga;
sintetik yogʻlar oʻrnini bosuvchi moddalar saqlanadigan omborxonalarga;
togʻ jinslaridagi yer osti va tosh tuz qatlamlaridagi omborxonalarga;
neft va neft mahsulotlarining texnologik qurilmalari tarkibiga kiruvchi rezervuarlar va boshqa sigʻimlarga.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Mazkur SHNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
QMQ 2.01.05-19 “Tabiiy va sunʼiy yoritish”;
QMQ 2.03.11-96 “Qurilish konstruksiyalarini korroziyadan himoya qilish”;
QMQ 2.04.04-96 “Plastmassa quvurli suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlarini loyihalash va montaj qilish boʻyicha yoʻriqnoma”;
SHNQ 2.04.12-22 “Poʻlat quvuroʻtkazgichlarni mustahkamlikka hisoblash”;
QMQ 2.09.03-02 “Sanoat korxonalarining inshootlari”;
SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish”;
SHNQ 2.01.02-04 “Binolar va inshootlarning yongʻin xavfsizligi”;
QMQ 2.01.03-19 “Seysmik hududlarda qurilish”;
SHNQ 2.04.09-07 “Bino va inshootlarning yongʻin avtomatikasi”;
SHNQ 2.01.19-22 “Portlab-yonish va yongʻin xavfi boʻlgan xonalar, bino va inshootlar hamda tashqi qurilmalar toifalarini aniqlash”;
SHNQ 2.09.17-21 “Sanoat korxonalarining bosh rejalarini loyihalash”;
QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash”;
GOST 1510-22 “Neft va neft mahsulotlari. Yorliqlash, qadoqlash, tashish va saqlash” (rasmiy manba: “Neft i nefteprodukti. Markirovka, upakovka, transportirovaniye i xraneniye”);
GOST 9238-2013 “Temir yoʻl harakat tarkibining oʻlchamlari va qurilishning taxminiy koʻrsatkichlari” (rasmiy manba: “Gabariti jeleznodorojnogo podvijnogo sostava i priblijeniya stroyeniy”);
GOST 25812-83 “Poʻlat magistral quvurlari. Korroziyadan himoya qilishga qoʻyilgan umumiy talablar” (rasmiy manba: “Truboprovodi stalnie magistralnie. Obshiye trebovaniya k zashite ot korrozii”).
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu SHNQda quyidagi atamalar va ularning taʼriflari qoʻllanilgan:
mahsulot nasos stansiyasi — binolarda, usti yopiq shiyponda yoki ochiq maydonchada oʻrnatilgan hamda neft va neft mahsulotlarini haydashga moʻljallangan nasos agregatlari guruhi;
quyilma — neft mahsulotlarini idishlarga (bochka) quyishga moʻljallangan qurilmalar bilan jihozlangan inshoot;
quyish-toʻkish qurilmasi — neft va neft mahsulotlarini temir yoʻl yoki avtomobil sisternalari va tankerlaridan oqizib olish yoki ularga quyishga moʻljallangan texnik vosita;
kazemat — yer osti poʻlat rezervuar atrofidagi balandligi boʻyicha rezervuar devorining ustigacha yetmaydigan tirgak devor bilan ihotalangan, kengligi kamida 1 m boʻlgan halqa shaklidagi oʻtish yoʻlagi.
3-bob. Umumiy qoidalar
3. Ishlab chiqarishni (binolarda hamda omborxonalardagi inshootlarda joylashtirilgan portlash, portlash-alangalanish va yongʻin xavfi boʻyicha) toifalash texnologik talablarga muvofiq bajarilishi lozim.
4. Neft va neft mahsulotlari bugʻlarining alangalanish haroratiga bogʻliq ravishda ushbu mahsulotlar alangalanish harorati 61 °S va undan past boʻlgan yengil alangalanuvchi hamda alangalanish harorati 61 °S dan yuqori boʻlgan yonuvchan guruhlarga ajratilishi kerak.
5. Omborxonalar ikki guruhga boʻlinishi lozim:
birinchi guruh:
neft va neft mahsulotlarini saqlash va turli toifadagi isteʼmolchilarni ular bilan taʼminlovchi omborxonalar;
neft va gazni qayta ishlash, neft va gaz qazib olish, neft-kimyo va gaz-kimyo korxonalarining mahsulot xomashyo omborxonalari (parklari);
bosh neft uzatgich va neft mahsulotlarini uzatuvchi nasos stansiyalarning rezervuar parklari;
neft va neft mahsulotlarini joʻnatish omborlari (bazalari);
ikkinchi guruh — korxonalar (sanoat, energetik) tarkibiga kiruvchi omborxonalar.
6. Neft mahsulotlarini saqlash va isteʼmolchilarni taʼminlashga moʻljallangan sigʻimi 1000 m3 gacha boʻlgan yengil alangalanuvchi neft mahsulotlari yoki 5000 m3 gacha yonuvchan neft mahsulotlari uchun moʻljallangan omborxonalar ikkinchi guruh omborxonalariga qoʻyiladigan talablarga muvofiq loyihalanishi kerak.
Yengil alangalanuvchi va yonuvchan neft mahsulotlarini bir vaqtda birga saqlash ushbu SHNQning 6-jadvali boʻyicha aniqlanishi lozim.
7. Rezervuarlar, shuningdek neft va neft mahsulotlarini idishlarda saqlash uchun moʻljallangan ombor binolari hamda inshootlari quyidagilarga boʻlinishi kerak:
yer osti (grunt ichida joylashgan yoki grunt bilan koʻmilgan, agar rezervuardagi suyuqlikning eng yuqori sathi (ombor binosi yoki inshotida quyiladigan suyuqlikning eng yuqori sathi omborga tutashgan maydonning eng past rejaviy sathidan kamida 0,2 m pastda boʻlsa ushbu maydon rezervuar yoki bino, inshoot devoridan 3 m masofa chegarasida joylashganda);
yer usti (rezervuralar hamda neft va neft mahsulotlari idishlari saqlanadigan bino yoki inshootlar yuqoridagi talabni taʼminlamasa).
8. Grunt bilan toʻldirish kengligi toʻkilgan suvning gidrostatik bosimi uchun hisoblash orqali belgilanishi, biroq vertikal (silindrik va toʻgʻri toʻrtburchak) rezervuarlar uchun yuqori qismi boʻylab hamda rezervuar devorining istalgan nuqtasidan grunt qiyaliligi kamida 3 m boʻlishi kerak.
9. Neft va neft mahsulotlarini saqlash uchun moʻljallangan rezervuarlarni yopiq xonalarda (kazematlarda) joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Omborxonalarning ishlab chiqarish binolarini (nasos stansiyalari, quyish, oʻlchash, tarqatish, neft mahsulotlarini rezervuarlarda saqlash, laboratoriyalar) ushbu SHNQga muvofiq loyihalash lozim.
11. Omborxonalarning inshootlarini (estakadalar, kanallar, yer osti yoʻllari) ushbu SHNQga asosan loyihalash kerak.
12. Omborxonalarda ishlovchilar uchun yordamchi bino va xonalar ushbu SHNQning ishlab chiqarish va maishiy binolarni loyihalash bobiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
13. Omborxonalardagi bino va inshootlarning (metall rezervuarlar bundan mustasno) olovbardoshliligi kamida II darajali boʻlishi kerak.
14. Neft va neft mahsulotlarini tashish quvurlari 10 MPa gacha poʻlat kuvuroʻtkazgichlar mustahkamliligini hisoblashga oid SHNQga, QMQ 2.04.04-96, SHNQ 2.04.12-22 va ushbu SHNQning 3-ilovasiga muvofiq loyihalanishi kerak.
15. Omborxonalardagi binolar va inshootlarning qurilish konstruksiyalarini korroziyadan himoyalash QMQ 2.03.11-96, shuningdek neft va neft mahsulotlari uchun moʻljallangan rezervuarlar konstruksiyasining ichki yuzasini himoyalash GOST 1510-22 talablari asosida bajarish lozim.
16. Neft va neft mahsulotlari uchun quvur oʻtkazgichlarni korroziyadan himoya qilishda quyidagilarga rioya qilish zarur:
yer ostida va yer ustida yotqizilganda GOST 25812-83da belgilangan talablarga;
texnologik talablar boʻyicha isitiladigan quvuroʻtkazgichlarni kechuvsiz anhorlarda yoki yer ustida yotqizishda quvurlar tashqi sirtini himoyalashga qoʻyiladigan talablarga.
17. Omborxonalarni loyihalashda atrofdagi tabiiy muhit (suv rezervuarlari, tuproq, havo) ifloslanishining oldini oluvchi tadbirlar taʼminlanishi kerak.
18. Ishlatilgan neft mahsulotlari yigʻiladigan joylar (bino, inoshootlar)ni birinchi guruh omborlari uchun qoʻyiladigan talablarga muvofiq loyihalash lozim.
19. Omborxonalar turar joy, ishlab chiqarish va jamoat bino (inshoot)larining shamolning asosiy (ustuvor) esish yoʻnalishiga teskari tomonda joylashtirilishi zarur.
Rezervuarlarning portlashdan xavfli hududidagi elektrtexnik uskunalar GOST 12.2.020, GOST 22782.0 ga muvofiq boʻlishi kerak.
4-bob. Birinchi guruh omborlari
20. Birinchi guruh omborxonalari ularning hajmlariga bogʻliq holda quyidagi 1-jadvalga koʻra uchta toifaga ajratilishi lozim.
Izoh. Omborxonalarning umumiy sigʻimi rezervuarlar va idishlarda saqlanadigan mahsulotlar hajmining yigʻindisi bilan aniqlanadi (quyish-taqsimlash qurilmalarining oraliq rezervuarlari hamda omborxonaning qozon xonasi va dizel elektrostansiyasining sarf rezervuarlari sigʻimlari bundan mustasno).
21. Omborlar daryo suvi chetidan 200 m va undan kam masofada joylashganda (suvning eng yuqori sathida) ularni loyihalashda rezervuarlarda avariya sodir boʻlganda neft va neft mahsulotlarining aholi punktlari, korxonalar hududiga, umumiy tarmoqdagi temir yoʻl izlariga yoki suv havzalariga oqishining oldini olish uchun qoʻshimcha chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur.
Portlash, portlab-yonish va yongʻin xavfi va yongʻin xavfiga ega boʻlgan ishlab chiqarish neft va neft mahsulotlari binolari va inshootlariga (idishlarda saqlash parklari hamda toʻkish-quyish qurilmalaridan) qoʻshni boʻlgan korxonalar, aholi punktlarining turar joy obyektlari hamda jamoat binolari va inshootlarigacha boʻlgan masofalar ushbu SHNQning 1-ilovasidagi jadvalga muvofiq boʻlishi kerak.
22. Omborxonalarning rezervuar parklariga qoʻshni aholi punktlari, korxonalar, temir yoʻllarning umumiy tarmoqlari joylashgan yer sathidan pastda joylashtirilishi zarur.
23. Neft va neft mahsulotlari saqlanadigan parklarni qoʻshni aholi punktlari, korxonalar hududi va umumiy tarmoqdagi temir yoʻl izlari sathiga nisbatan yuqori sathga ega boʻlgan maydonchalarga (rezervuar parkidan 200 m gacha masofada oʻrnashgan) joylashtirishda rezervuarlarda avariya sodir boʻlganda neft va neft mahsulotlarining aholi punktlari, korxonalar hududiga, umumiy tarmoqdagi temir yoʻl izlariga yoki suv havzalariga oqishining oldini olish uchun qoʻshimcha chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur.
Neft va neft mahsulotlarini saqlash parklari suv rezervuarlari joylashgan kenglikda (polosada) suv chetidan koʻpi bilan 200 m gacha (suvning eng yuqori sathida) masofada boʻlganda ham taʼminlanishi kerak.
24. Omborxonalar (daryo oqimi boʻyicha) qirgʻoqlar, gidroelektrstansiyalar, gidrotexnik inshootlardan quyidagi masofalarda joylashtirilishi zarur:
I toifa omborxonalar — 3000 m;
II toifadagi omborxonalar — 2000 m;
III toifa omborxonalar — 1500 m;
qolgan obyektlardan — 1000 m.
25. Neft va neft mahsulotlari yer usti rezervuarlaridan omborxona binolari va inshootlarigacha boʻlgan masofa ushbu SHNQning 2-ilovasiga muvofiq boʻlishi kerak.
26. Omborxonalar binolari va inshootlaridan (rezervuarlarni va ushbu SHNQning 2-ilovasidagi jadvalning 5 va 6-bandlarida keltirganlari bundan mustasno) yengil alangalanuvchi neft va neft mahsulotlari uchun qoʻyish-taqsimlash qurilmalarigacha masofa kamida 15 m, yonuvchi neft va neft mahsulotlari uchun esa 10 m boʻlishi lozim.
27. Ochiq alangadan foydalanuvchi ishlab chiqarish jarayoniga ega boʻlgan omborxonadan quyidagi obyektlargacha masofa yengil alangalanuvchi neft va neft mahsulotlari uchun kamida 40 m va yonuvchi mahsulotlar uchun 30 m boʻlishi kerak:
quyish-taqsimlash qurilmalarigacha (temir yoʻl va avtomobil sisternalari uchun),
mahsulot nasos stansiyalari hamda ularning soʻrgichlari tugunlari uchun moʻljallangan maydonchalargacha;
ishlab chiqarish oqova suvlari (neft va neft mahsulotli) uchun kanalizatsiya nasos stansiyalari va tozalagich inshootlargacha;
quyuvchi, taqsimlovchi va tarqatuvchi ombor binolari hamda neft mahsulotlarini rezervuarlarda saqlash maydonchalargacha;
ishlatilgan idishlarni saqlash maydonchalargacha.
28. Unumdorligi 10000 m3/h va undan ortiq boʻlgan nasos stansiyalari maydonchalarni 60 m gacha uzaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
29. Suyuqlik sirti ochiq boʻlgan ishlab chiqarish oqova suvlar (neft va neft mahsulotlari boʻlgan) uchun kanalizatsiya tozalash inshootlari (tindirgich hovuzlar, neft tutqichlar)dan omborxona binolari va inshootlarigacha (rezervuarlar va ushbu SHNQning 3-jadvalida keltirilgan binolar va inshootlar bundan mustasno) masofa kamida 30 m, qolgan kanalizatsiya tozalash inshootlarigacha masofa esa 15 m boʻlishi kerak.
30. Kanalizatsiya tozalash inshootlarining binolari va inshootlari orasidagi masofani neft va gaz sanoati korxonalari, binolari va inshootlarini loyihalash uchun moʻljallangan texnik talablarga muvofiq belgilash lozim.
31. Idishlarga solingan neft mahsulotlari uchun omborxona binolarini temir yoʻl izlariga nisbatan qurilmalarning yaqinlashish oʻlchamlari mos tarzda GOST 9238-2013 boʻyicha joylashtirish kerak.
32. Omborxonaning bino va inshootlari orasidagi masofa, muhandislik tarmoqlarining joylashishi SHNQ 2.09.17-21 talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
33. Omborxonaning neft va neft mahsulotlarini tashishga moʻljallangan quvuroʻtkazgichlaridan (2,5 MPa (~25 kgf/cm2 gacha boʻlgan bosim) omborxonaning bino va inshootlari hamda boshqa muhandislik tarmoqlarigacha masofani ushbu SHNQning 3-ilovasiga muvofiq belgilash lozim.
34. Omborxonadan tashqarida (quyish-taqsimlash temir yoʻl estakadalariga, qozonxona qurilmalari va omborxonaning avto taʼminot stansiyalari, neft va neft mahsulotlarining qoʻshni omborxonalariga) oʻtkaziladigan yer osti quvuroʻtkazgichlaridan kontakt tarmogʻi va aloqa tayanchlari ihotasi, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlari poydevorigacha masofani aholi punktlarini rejalashtirish boʻyicha yuqori bosimli gaz oʻtkazgichlar uchun (0,6 dan yuqori 1,2 MPa gacha (6 dan yuqori 12 kgf/cm2 gacha) belgilangan masofaga teng qilib olish kerak.
35. Quvuroʻtkazgichlardan binolar va inshootlar poydevorigacha masofa quyidagicha boʻlishi kerak:
diametri 300 mm gacha boʻlgan quvuroʻtkazgichlardan — 15 (10) m;
diametri 300 mm dan ortiq kuvuroʻtkazgichlardan — 25 (15) m, (bunda qavs ichida keltirilgan masofa faqat yonuvchi neft va neft mahsuloti quvuroʻtkazgichlari uchun keltirilgan).
36. Aholi punktlarida yotqiziladigan neft va neft mahsulotlari uchun moʻljallangan quvuroʻtkazgichlarning ishonchliligini taʼminlash, barcha payvand choklarini sinovlar orqali 100 foiz nazorat qilish, quvuroʻtkazgichlarni ikki karra ishchi bosimga teng, biroq barcha hollarda quvur metalli oqish chegarasining 0,9 ga teng boʻlgan kuchlanishni yuzaga keltiradigan bosimdan ortiq boʻlmagan bosimda sinash, quvuroʻtkazgichlarda bosim tushganda mahsulot haydovchi nasoslar va ushbu quvuroʻtkazgichlarni uzib qoʻyish uchun yopqich armatura ishlatilishi kerak.
37. Rezervuar parklari chegaralari guruhlarining orasida va quyish-taqsimlash qurilmalari maydonchalariga oʻtish uchun yurish qismi kengligi 3,5 m va toʻr qoplamali oʻtish yoʻllari loyihalanishi zarur.
Marzalar boʻylab yoʻllar va oʻtish yoʻllarini loyihalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
38. Yoʻllar va oʻtish joylarini oʻralgan tarzda loyihalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ichki avtomobil yoʻllari hamda oʻtovlardan omborxonalarning portlab-yonish va yongʻinga xavfi boʻlgan binolari hamda inshootlarigacha masofa kamida 5 m boʻlishi zarur (rezervuarlar bundan mustasno).
39. I va II toifali omborxonalarda umumiy tarmoq avtomobil yoʻllariga yoki omborxona oʻtish yoʻliga olib boruvchi ikkita chiqish yoʻlagi boʻlishi kerak.
40. Omborxonalarning hududi ikki tomondan (eng yaqin yoʻl oʻqidan boshlab hisoblanganda) quyish-taqsimlash qurilmalari bilan jihozlangan temir yoʻl estakadalaridan 15 m masofada hamda omborxonaning boshqa binolari va inshootlaridan (maʼmuriy va yordamchi binolar bundan mustasno) 5 m masofada joylashgan 2 m balandlikdagi devorga ega boʻlishi lozim.
41. Omborxonalar maydonlaridagi qurilmalar zichligi quyidagicha boʻlishi zarur:
I toifa omborxonalar uchun — kamida 30 foiz;
II toifa omborxonalar uchun — kamida 25 foiz;
III toifa omborxonalar uchun — kamida 20 foiz.
5-bob. Rezervuar parklari
42. Neft va neft mahsulotlari rezervuar parklari uchun optimal oʻlchamlardagi rezervuarlardan foydalanish zarur.
43. Neft va neft mahsulotlarining rezervuarlari parklari uchun ularning toifalari va guruhlaridan qatʼiy nazar idish turlari GOST 1510-22ga muvofiq boʻlishi lozim.
Qotish harorati 0 °S dan yuqori boʻlgan neft va neft mahsulotlari uchun suzuvchi qopqoqli yoki pontonli rezervuarlarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi, ushbu mahsulotlar uchun (toʻyingan bugʻ bosimidan qatʼiy nazar) turgʻun qopqoqli rezervuarlar boʻlishi kerak.
44. Rezervuarlarni guruhlarga boʻlib joylashtirish zarur.
45. Bir guruhdagi rezervuarlarning umumiy sigʻimi quyidagilardan ortiq boʻlmasligi lozim:
suzuvchi qopqoqli yoki pontonli rezervuarlar guruhi 50 000 m3 va undan katta hajmli rezervuarlardan iborat boʻlsa — 200000 m3;
suzuvchi qopqoqli yoki pontonli rezervuarlar guruhi 50 000 m3 dan kichik hajmdagi rezervuarlardan iborat boʻlsa — 120000 m3.
46. Turgʻun qopqoqli rezervuarlar guruhi chaqnash harorati 45 °S dan yuqori boʻlgan neft va neft mahsulotlari saqlansa, 120000 m3 hamda chaqnash harorati 45 °S va undan past boʻlgan neft va neft mahsulotlari saqlansa — 80000 m3 boʻlishi kerak.
47. Suzuvchi qopqoqli rezervuar hajmi — 120000 m3 va pontonli yoki turgʻun qopqoqli rezervuarlar hajmi — 50000 m3 dan ortiq boʻlmasligi lozim.
48. Yer osti rezervuarining sirti yuzasi 7000 m2 dan va yer osti rezervuarlari guruhining umumiy sirti yuzasi 14000 m2 dan ortiq boʻlmasligi kerak.
49. Sigʻimi 10000 m3 va undan ortiq boʻlgan rezervuarlarni guruhlari bir yoki ikki qatorda joylashtirish zarur.
50. Bitta guruhda joylashgan neft va neft mahsulotlari saqlanadigan yer usti rezervuarlarining devorlari orasidagi masofa quyidagicha boʻlishi lozim:
suzuvchi qopqoqli rezervuarlar uchun — 0,5 D (D — rezervuarning tashqi diametri);
pontonli rezervuarlar uchun — 0,65 D (D — rezervuarning tashqi diametri);
turgʻun qopqoqli rezervuarlar uchun — 0,75 D (D — rezervuarning tashqi diametri).
Biroq, bitta guruhda joylashgan neft va neft mahsulotlari saqlanadigan yer usti rezervuarlarining devorlari orasidagi masofa koʻpi bilan 30 m boʻlishi kerak ushbu SHNQning 144-bandida keltirilganlari bundan mustasno).
51. Turli xil va oʻlchamli rezervuarlar orasidagi masofa ushbu rezervuarlar uchun belgilangan masofadan eng kattasi olinishi kerak.
52. Neft za neft mahsulotlari uchun hajmi 400 m3 gacha boʻlgan rezervuarlarni guruhlab bitta maydonchada umumiy hajmi 4000 m3 gacha joylashtirilishi, bunda ularning devorlari orasidagi masofa normalanmaydi.
Hajmi 4000 m3 boʻlgan qoʻshni guruhlarning eng yaqin rezervuarigacha boʻlgan masofa 15 m boʻlishi lozim.
53. Sigʻimi 4000 m3 gacha boʻlgan yer usti rezervuarlarining rezervuarlar parkining tashqi toʻsigʻi (marzasi)dan tashqarida joylashgan har bir guruhi vertikal rezervuarlar uchun balandligi 0,8 m, gorizontal rezervuarlar uchun 0,5 m uyulgan gruntli marza yoki devor bilan oʻralgan boʻlishi zarur.
54. Bitta guruh yer osti rezervuarlarining devorlari orasidagi masofa kamida 1 m boʻlishi kerak.
55. Qoʻshni guruhlarda joylashgan eng yaqin rezervuarlar devorlari orasidagi masofa quyidagicha boʻlishi lozim:
yer usti rezervuarlari — 40 m;
yer osti rezervuarlari — 15 m.
56. Har bir quruq yer usti rezervuarlarni ushbu rezervuarlarda saqlanuvchi barcha suyuqlikni sigʻdiruvchi alohida oʻrada joylashtirilganda qoʻshni rezervuarlarning yuqorigi chetlari orasidagi masofa 15 m boʻlishi zarur.
57. Yer usti rezervuarlarining ushbu SHNQning 45 — 47-bandlarida keltirilgan kattalikdan ortiq boʻlmagan umumiy sigʻimli har bir guruhi tepasining kengligi kamida 0,5 m boʻlgan tutash, grunt uyumi bilan yoki yoyilgan suyuqlikning gidrostatik bosimiga hisoblangan devor bilan toʻsilishi kerak.
Rezervuarlar guruhi tashqi toʻsigʻining balandligi yoyilgan suyuqlikning hisobiy hajmi sathidan 0,2 m yuqori boʻlishi, biroq sigʻimi koʻpi bilan 10000 m3 boʻlgan rezervuarlar uchun kamida 1 m hamda sigʻimi 10000 m3 va undan ortiq boʻlgan rezervuarlar uchun 1,5 m boʻlishi lozim.
58. Oʻramaning ichki nishabi yoki toʻsuvchi devorlar orasida hosil boʻluvchi hajmni guruhdagi eng katta rezervuar yoki yakka turgan rezervuar hajmiga teng boʻlgan yoyilgan suyuqlikning hisobiy hajmi boʻyicha aniqlash zarur.
59. Rezervuarlar devorlaridan oʻramaning ichki nishabi pastki chetigacha yoki toʻsuvchi devorlargacha masofani kamida: hajmi 10000 m3 dan kichik rezervuarlar uchun 3 m, hajmi 10000 m3 va undan ortiq boʻlgan rezervuarlar uchun 6 m qilib olish kerak.
60. Hajmi 20000 m3 va undan ortiq yoki yigʻindi sigʻimi 20000 m3 boʻlgan bir nechta kichik rezervuarlar bitta guruh chegaralarida, shuningdek etilli benzinlar saqlanadigan rezervuarlar guruhning boshqa rezervuarlaridan, sigʻimi 10000 m3 dan kichik rezervuarlar holida balandligi 0,8 m boʻlgan va sigʻimi 10000 m3 va undan ortiq rezervuarlar 1,3 m boʻlgan ichki grunt uyumi yoki devorlar bilan ajratilishlari lozim.
61. Toifalari I va II boʻlgan omborxonalarda bitta guruhda rezervuarlarda mazutlar, moylar va boshqa neft mahsulotlari saqlangan hollarda moyli va mazutli rezervuarlar guruhning boshqa rezervuarlaridan ichki grunt uyumlari yoki devorlar bilan ajratilishi zarur.
62. Yer osti rezervuarlarining oʻrab olinishiga ularda neft va mazut saqlangan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
63. Oʻramaning ichki nishablari orasida hosil boʻladigan hajm guruhdagi eng katta yer osti rezervuarining 10 foiz suyuqligi yoyilganda ushbu yoyilgan suyuqlikni tutib qolish shartidan aniqlanishi lozim.
64. Neft va mazut saqlanadigan yer osti rezervuarlari guruhini ushbu rezervuarlar guruhi atrofidagi avtomobil yoʻllarining grunt tasmasi nishablari orasida hosil boʻluvchi hajm koʻrsatilgan shartlarni taʼminlaganda oʻramaslikka yoʻl qoʻyiladi.
65. Oʻramadan yoki toʻsiq devordan oʻtish uchun (toʻsiqning qarama-qarshi tomonlarida) rezervuarlar guruhi uchun toʻrtta va ayrim turgan rezervuarlar uchun kamida ikkita narvonli oʻtish joylari loyihalanishi kerak.
66. Zulfinlar (zadvijkalar) qismlari rezervuarlar guruhlari oʻramalari (toʻsuvchi devorlari)ning tashqi tomonida joylashtirilishi lozim.
Asosiy yopuv qurilmasini bevosita rezervuar yaqinida oʻrnatish zarur.
67. Rezervuar parkini oʻrab turuvchi marza (toʻsiq) ichida zulfinlar (zadvijkalar) oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi (rezervuarning qabul qilish va tarqatish naychalariga oʻrnatilgan turgʻun (qimirlamaydigan hamda yongʻin oʻchirish tizimiga doir zulfinlar (zadvijkalar) bundan mustasno).
Har bir rezervuar guruhi atrofi, toʻkilgan suyuqliklarning gidrostatik bosimiga bardosh bera oladigan, kengligi kamida 0,5 m boʻlgan gruntli marza yoki yonmaydigan materialdan tayyorlangan toʻsiq-devor bilan oʻrab chiqilish kerak.
Bitta rezervuar guruhidagi har bir hajmi 20000 m3 dan yuqori boʻlgan rezervuarlarni yoki bir necha turdagi, biroq umumiy hajmining yigʻindisi 20000 m3 gacha boʻlgan rezervuarlarni ichki marza yoki toʻsiq devorlar bilan ajratish lozim.
68. Ichki marza yoki toʻsiq devorning balandligi quyidagicha boʻlishi kerak:
hajmi 10000 m3 va undan yuqori boʻlgan rezervuarlar uchun — 1,3 m;
boshqa rezervuarlar uchun — 0,8 m.
69. Ichki yoʻllar va oʻtish joylarida yongʻin oʻchirish vositalarini ishlatish imkoniyati boʻlmaganda, ikki yoki undan koʻp qatorli rezervuar guruhlari ichiga koʻchma va transportirovka qilinadigan oʻt oʻchirgichlar kiradigan joylar loyihalanishi kerak.
70. Marza yoki toʻsiq devordan oʻtish hamda rezervuar ustiga chiqish uchun marza yoki devor toʻsiqning tashqi tarafiga eni kamida 0,7 m boʻlgan oʻtish narvonlari oʻrnatilishi, bunda narvonlar soni rezervuarlar guruhi uchun 4 ta, alohida rezervuarlar uchun 2 ta boʻlishi zarur.
Marzadan oʻtish joyi va rezervuarga turgʻun holatda oʻrnatilgan narvonlar oraligʻidagi masofaga eni kamida 0,7 m va qattiq qoplamali piyodalar uchun yoʻl (trotuar) qurilishi, marza ichidagi quvurlarni faqat payvandlash yoʻli bilan ulash zarur.
71. Rezervuar parkidan ishlab chiqarish-yongʻin kanalizatsiyasiga quyidagilar chiqarilishi kerak:
rezervuarlardagi mahsulot ostida hosil boʻlgan ishlab chiqarish oqova suvlari;
qor erishi tufayli hosil boʻlgan atmosfera suvlari;
yongʻin paytida rezervuarni sovutish uchun sepilgan suv.
72. Yongʻin oʻchirish quduqlarini gidravlik toʻsiqlarning chiqish joyi orqali ishlab chiqarish yongʻin kanalizatsiyasiga ulash lozim.
6-bob. Idishlarga solingan neft mahsulotlari uchun omborxonaning bino va inshootlari
73. Idishlardagi neft mahsulotlarini iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda binolar yoki usti yopiq maydonchalarda saqlash zarur.
Alangalanish harorati 45 °S dan yuqori boʻlgan neft mahsulotlarini ochiq maydonchalarda saqlashga yoʻl qoʻyiladi.
Idishlardagi yonuvchi neft mahsulotlari uchun omborxona binolari uch qavatli hamda I va II toifalardagi binolarning yongʻinga chidamlilik darajasidan baland boʻlmasligi, yengil alangalanuvchi neft mahsulotlari uchun esa bir qavatli boʻlishi lozim.
74. III toifa omborxonalar uchun alangalanish harorati 120 °S dan yuqori boʻlgan neft mahsulotlaridan 60 m3 gacha miqdorda saqlash uchun yonuvchi materiallardan yer osti inshootlarini loyihalashga yoʻl qoʻyiladi, bunda ushbu inshootlarni qalinligi kamida 0,2 m boʻlgan grunt qatlami bilan zichlab yopish hamda ularda yonmaydigan materiallardan toʻshama boʻlishi kerak.
75. Idishlardagi neft mahsulotlari uchun omborxona binolari olovga bardoshlilik chegarasi kamida 0,75 h yonmaydigan devorlar (toʻsiqlar) bilan har birining sigʻimi 200 m3 dan ortiq boʻlmagan yengil alangalanuvchi hamda 1000 m3 dan ortiq boʻlmagan yonuvchi neft mahsulotlari omborxona xonalariga ajratilishi kerak.
Idishlardagi neft mahsulotlari uchun bitta omborxona binosining umumiy sigʻimi yengil alangalanuvchi neft mahsulotlari uchun 1200 m3 dan va yonuvchi neft mahsulotlari uchun 6000 m3 dan ortiq boʻlmasligi zarur.
76. Bir vaqtda yengil alangalanuvchi hamda yonuvchi neft mahsulotlarini idishlarda saqlash uchun omborxona binolari yoki xonalari yengil alangalanuvchi 1 m3, neft mahsulotlari yonuvchi neft mahsulotlarining 5 m3 ga tenglashtirilishi lozim.
77. Idishlardagi neft mahsulotlari uchun omborxona xonalarini quyish, qadoqlash va tarqatish xonalari hamda nasosxona va boshqa xizmat xonalari bilan bir binoda birlashtirish kerak.
78. Ombor xonalarini boshqa xonalardan olovbardoshlik chegarasi kamida 0,75 h boʻlgan yonmaydigan devor toʻsiqlar bilan ajratish zarur.
79. Idishlardagi neft mahsulotlari uchun omborxona binolari devorlaridagi eshiklar kengligi mexanizatsiya vositalarining oʻtishini taʼminlaydigan oʻlchamlarda boʻlishi, biroq kamida 2,1 m kenglikka va 2,4 m balandlikka, shuningdek eshiklar 0,6 h olovbardoshlilik chegarasiga ega boʻlishi, oʻzi yopiluvchi tarzda loyihalanishi hamda eshiklarning ostona balandligi 0,15 m dan oshmasligi va panduslar bilan taʼminlanishi lozim.
80. Idishlardagi neft mahsulotlari uchun omborxona binolari toʻshamalari yonmaydigan va neft mahsulotlarini shimdirmaydigan materiallardan qurilishi hamda suyuqlikning tarnov va traplarga oqishi uchun nishabga ega boʻlishi kerak.
81. Idishlardagi (bochka, kanistr, maxsus konteynerlar) neft mahsulotlarini saqlash uchun omborxona binolarini va soyabon ostidagi maydonchalarni loyihalashda idishlarni mexanizatsiyalashtirilgan holda joylash uchun quyidagilar qabul qilinishi kerak:
tokchalar yoki tubdonlar taxlamalari — 5,5 m dan ortiq boʻlmasligi;
tokchaning har bir qavatida idishni joylashda — balandlik boʻyicha bir qator va kenglik boʻyicha ikki qator;
qatlam kengligi — toʻrttadan ortiq boʻlmagan tubdon joylashtirish shartidan;
tokchalar va taxlamalar orasidan oʻtish kengligi — qoʻllaniladigan mexanizatsiya vositalarining oʻlchamlariga bogʻliq ravishda belgilanishi, biroq kamida 1,4 m;
taxlamalar va tokchalar orasidagi yoʻlaklar — 1 m kenglikda.
82. Temir yoʻl va avtomobil transporti uchun yuk platformalari (rampalar) yonmaydigan materiallardan tayyorlanishi, III toifali omborxonalar uchun yuk platformalarini yonuvchan materiallardan loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
83. Idishlardagi neft mahsulotlarini saqlash uchun ochiq maydonchalarni loyihalashda quyidagilar inobatga olinishi zarur:
neft mahsulotli idishlar taxlamlari soni — koʻpi bilan oltita boʻlishi;
taxlam oʻlchamlarining uzunligi 25 m, kengligi 15 m va balandligi 5,5 m boʻlishi;
taxlamda idishlar yoki tubdonlar ikki qatorda joylashishi, ular orasidagi yoʻlak ushbu SHNQning 81-bandiga muvofiq boʻlishi;
maydonchada taxlamlar orasidagi masofa — 5 m, qoʻshish maydonchalari taxlamlari orasidagi masofa esa — 15 m boʻlishi.
84. Idishlardagi neft mahsulotlarini saqlash maydonchalari (ochiq va soyabon ostidagi) balandligi 0,5 m boʻlgan grunt uyumi yoki yonmaydigan devor bilan toʻsilishi kerak.
85. Boʻsh metall idish (bochka)larni saqlash uchun ularni balandligi boʻyicha toʻrt qatlam qilib taxlash zarur.
Maydonchalarni mazkur SHNQning 83-bandida keltirilgan talablarga muvofiq loyihalash kerak.
86. A va B toifali binolarda, shuningdek ochiq maydonlarda hamda A va B toifali shiyponlar ostida uchqun chiqmaydigan pol turlari qoʻllanilishi kerak.
7-bob. Temir yoʻl toʻkish-quyish estakadalari
87. Temir yoʻllardan oʻtishga moʻljallangan yoʻl oʻtkazgichlarda estakadalar oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
88. Oqizish-quyish estakadalarini temir yoʻl izining toʻgʻri qismida joylashtirish zarur.
89. III-toifa omborxonalarida toʻkish-quyish estakadalari, bir tomonida toʻkish-quyish moslamalari bilan jihozlangan uskunalarni yoʻlning egri qismlarida kamida 200 m radiusda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
90. Temir yoʻl toʻkish-quyish estakadalarining uzunligi toʻkish-quyish ishlari (operatsiya)larining hajmiga koʻra aniqlanishi, biroq temir yoʻl sisternalari bitta marshrutining maksimal uzunligidan ortiq boʻlmasligi lozim.
91. Oqizish va quyish estakadali temir yoʻl izi har ikki yoʻnalishda sisternalarni tortib olish imkonini beruvchi parallel aylanma yoʻlga ega boʻlishi kerak.
92. Parallel aylanma yoʻlni tashkil qilishning iloji boʻlmasa, boshi berk yoʻlni loyihalashda (yoʻlni oxirida sisternani tortib olishga imkon beruvchi lebyodka yoki boshqa moslamani oʻrnatish bilan taʼminlagan holda) uzunligi hisoblangan yoʻl poyezdining eng chetdagi sisternadan toʻxtash chizigʻigacha boʻlgan masofa 30 m gacha oshirilishi kerak (yongʻin sodir boʻlganda poyezdni ajratish imkoniyatini yaratish uchun).
93. Oqizish-quyish qurilmalari parallel temir yoʻl izlarida joylashtirilayotganda ikki tomonidan oqizish-quyish qurilmalari bilan jihozlangan bitta estakada loyihalanishi lozim.
94. Oqizish-quyish estakadalariga qoʻshni eng yaqin temir yoʻl izlarining oʻqlari orasidagi (parallel yoʻllarda joylashgan) masofa kamida 20 m boʻlishi, oqizish-quyish qurilmalari boʻylama orasidagi masofa 15 m dan kam boʻlmasligi zarur.
95. Temir yoʻl izlaridan oqizish-quyish estakadalarining chiqib turgan qismlarigacha masofa GOST 9238-2013ga muvofiq belgilanishi kerak.
96. Poyezd lokomotivi harakati sodir boʻladigan temir yoʻl izining oʻqidan (omborxona yoki korxonadan) oqizish-quyish estakadali eng yaqin yoʻlning oʻqigacha masofa agar oqiziladigan neft va neft mahsulotlarining alangalanish harorati 120 °S va undan pastroq boʻlsa, kamida 20 m hamda alangalanish 120 °S dan yuqori boʻlsa, kamida 10 m boʻlishi lozim.
97. Poyezd lokomotivi oʻtadigan joyda oqizish-quyish estakadali temir yoʻl izi boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
98. Alangalanish harorati 120 °S va undan pastroq boʻlgan neft va neft mahsulotlari (mazut bundan mustasno) uchun oqizish-quyish qurilmalari yopiq boʻlishi zarur.
99. Alangalanish harorati 120 °S dan yuqori neft mahsulotlari va mazutlar uchun oqizish qurilmalarining ochiq boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
100. I-toifali omborxonalarda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar uchun oqizish-quyish qurilmalari alohida joylashishi kerak.
101. Mazut uchun yer osti oqish sigʻimlarini oqish-quyish estakadali temir yoʻl izlarining tashqi tomonida, temir yoʻl izlarining ostida ham joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
102. Oqish-quyish estakadalari uchun platformalar suv oʻtkazmaydigan qattiq qoplamaga ega boʻlishi, perimetri boʻylab yon tomoni balandligi kamida 0,2 m boʻlgan bortik bilan oʻralgan boʻlishi, suyuqliklarni qabul qilish uchun qurilmalarning (ariqlar, quduqlar, chuqurlar) qiyaligi kamida 2 foiz boʻlishi zarur.
103. Oqish-quyish estakadalari qirralarida uning uzunligi boʻyicha bir-biridan 100 m masofada yonmaydigan materiallardan tayyorlangan narvonlar boʻlishi, bunda narvon zinalarining kengligi kamida 0,7 m, nishabligi esa 1:1 dan oshmasligi lozim.
Estakadalar va zinapoyalarga oʻtish joylari kamida 1 m balandlikdagi toʻsiq bilan oʻralgan boʻlishi kerak.
8-bob. Quygichlar, qadoqlagichlar va tarqatgichlar
104. Quygichlar, qadoqlagichlar va tarqatgichlar xonalaridagi pollar ushbu SHNQning 80-bandi talablariga muvofiq loyihalanishi lozim.
105. Quygichlar, qadoqdagichlar va tarqatgichlarni iqlim sharoitlariga va neft mahsulotlarining turiga bogʻliq holda binolar yoki maydonchalarda (ochiq yoki soyabon ostidagi) joylashtirish zarur.
106. Binolar ichidagi quygichlar, qadoqlagichlar va tarqatgichlar ushbu SHNQning 8 va 77-bandlariga muvofiq loyihalanishi kerak.
107. Etillangan neft mahsulotlarini quyish uchun alohida xona loyihalanishi kerak.
108. Avtotsisternalar uchun oqizish-quyish qurilmalarni maydonchalarda (ochiq yoki soyabon ostidagi) joylashtirish lozim.
109. Avtotsisternalar uchun toʻkish-quyish qurilmalari quyidagicha joylashtirilishi kerak:
yengil alangalanuvchi va yonuvchan neft mahsulotlari uchun bitta maydonchada;
alangalanish harorati 120 °S dan yuqori boʻlgan neft mahsulotlari uchun bevosita quygichlar, qadoqlagichlar va tarqatgichlar oldida hamda moylar uchun temir yoʻl toʻkish-quyish estakadalari oldida;
omborxona toʻsigʻining tashqi tarafidan.
110. Quygichlarning tutash (oraliqlarsiz) devorlari yaqinida kamida 2 m masofada (binoning tashqi tomonida) har birining sigʻimi 25 m3 gacha boʻlgan hamda umumiy sigʻimi 200 m3 dan ortiq boʻlmagan tarqatgich rezervuarlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi. Tarqatgich rezervuarlar orasidagi masofa 1 m dan kam boʻlmasligi zarur.
111. Sigʻimi 75 m3 gacha boʻlgan, isitishga va moy berishga moʻljallangan tarqatish rezervuarlarni ularning qirralari quyish xonasida joylashadigan qilib loyihalash lozim.
112. Sigʻimi 25 m3 gacha boʻlgan isitishga va moy berishga moʻljallangan tarqatgich rezervuarlarni (rezervuarlardan chiqayotgan bugʻlarning xonadan tashqariga chiqarilishini taʼminlagan holda) quyish xonasida joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
113. Moylar uchun umumiy sigʻimi 400 m3 dan ortiq boʻlmagan rezervuarlarni bir qavatli binoning yertoʻla xonalarida quygichlar, qadoqlagichlar, tarqatgichlar tagida hamda idishlardagi moy saqlanadigan omborxona tagida ular bilan birlashgan bir binoda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
114. Ushbu SHNKning 111-bandida keltirilgan yertoʻla xonalaridan chiqish joylari bevosita tashqariga yoʻnaltirilgan boʻlishi va binolarning birinchi qavati bilan tutashmasligi kerak.
9-bob. Mahsulot nasos stansiyalari va laboratoriyalar
115. Neft va neft mahsulotlarini haydashga moʻljallangan nasoslarni binolar yoki maydonchalarda (ochiq yoki soyabon tagida) joylashtirish zarur.
116. Neft va neft mahsulotlarini haydashga moʻljallangan, konstruksiyasi va yuritgichlari ochiq havoda ishlatishga imkon beradigan nasoslarni maydonchalarda joylashtirish kerak.
117. Mahsulot nasos stansiyasi binosida quvuroʻtkazgichlarning katod himoyasi stansiyasini, nazorat va boshqaruv punktini, texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish vositalarini oʻrnatish ushbu SHNQning 8-bandida keltirilgan talablarni inobatga olgan holda va boshqa xonalarni joylashtirish ushbu SHNQ talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
118. Mahsulot nasos stansiyasi binosidagi III-toifali omborxonalarga dizel generatorlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
119. Sigʻimi bir sutkalik ehtiyojdan ortiq boʻlmagan yonuvchan neft mahsulotlarining sarf baklarini mahsulot nasos stansiyasining binosi tashqarisida (boʻsh oraliqsiz) devor tomoni yoki yonmaydigan materiallardan qurilgan qoʻshimcha xonada joylashtirish kerak.
120. Alangalanish harorati 120 °S dan yuqori boʻlgan neft mahsulotlari va mazutlarning yer osti gorizontal rezervuarlarining yon tomonini ushbu rezervuarlarga xizmat qiluvchi mahsulot nasos stansiyasi xonalarida yoki nazorat va boshqarish punkti xonalarida joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
121. Zulfin (zadvijka) qismlarini mahsulot nasos stansiyasi binosining tashqarisida (eng yaqindagi zulfin (zadvijka)dan), binoning boʻsh oraliqli devoridan kamida 3 m masofada hamda binoning boʻsh oraliqsiz devoridan 1 m da joylashtirish zarur.
Zulfin (zadvijka) qismlari nasoslar bilan birgalikda joylashtirilganda ushbu xonadagi asosiy ishchi nasoslarning (zaxiradagi, tozalovchi, vakuum va boshqa yordamchi nasoslarni hisobga olmaganda) soni quyidagicha boʻlishi kerak:
I va II toifalardagi omborxonalarda — alangalanish harorati 120 °S va undan pastroq (mazut bundan mustasno) boʻlgan neft va neft mahsulotlari uchun koʻpi bilan 6 ta yoki alangalanish harorati 120 °S dan yuqori neft va neft mahsulotlari uchun yoki mazutlar uchun koʻpi bilan 10 ta;
III toifali omborxonalarda alangalanish harorati 120 °S va undan pastroq boʻlgan neft va neft mahsulotlari uchun koʻpi bilan 10 ta yoki alangalanish harorati 120 °S dan yuqori boʻlgan neft va neft mahsulotlari uchun istalgan sonda;
alangalanish haroratidan 10 °S pastroq darajagacha isitiladigan mazutlarni haydashda I va II toifali omborxonalarda koʻpi bilan 6 ta hamda III toifali omborxonalarda koʻpi bilan 10 ta.
122. Zulfinlar (zadvijkalar) qismlari alohida xonada joylashtirilganda u nasoslar joylashtiriladigan xonadan olovbardoshligi chegarasi 0,75 h boʻlgan yonmaydigan devor bilan ajratilishi va tashqariga chiqish eshigi boʻlishi kerak.
Bu xonalar orasidagi eshikning olovbardoshlik chegarasi 0,6 h va u oʻzi yopiladigan boʻlishi lozim.
123. Zulfin (zadvijka) qismlari joylashgan toʻshamada oqimlarning yopiq yigʻgich yoki ishlab chiqarish kanalizatsiyasi tarmogʻidagi gidravlik yopqichli quduqqa oqishi uchun tarnovlar boʻlishi zarur.
124. Mahsulot nasos stansiyalarida nasoslarning chiqib turgan qismlari orasidagi oʻtish kengligi kamida 1 m boʻlishi lozim.
Kengligi 0,6 m gacha va balandligi 0,5 m gacha boʻlgan nasoslar orasidagi yoʻl kengligini 0,7 m gacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
125. Mahsulot nasos stansiyalari devorlaridan quvurlar oʻtgan joylarda zichlovchi qurilmalar boʻlishi kerak.
126. Mahsulot nasos stansiyalari binolarida ichki yonish yuritgichlari xonasini nasoslar xonasidan olovbardoshlik chegarasi kamida 0,75 h boʻlgan gaz oʻtkazmaydigan yonmaydigan tutash devor (boʻsh oraliqlarsiz) bilan ajratish zarur.
127. Ushbu SHNQning 125-bandida keltirilgan devorda yuritgichni nasos bilan ulovchi oʻq oʻtgan joylarda zichlovchi qurilmalar boʻlishi lozim.
128. Omborxonaning laboratoriya xonalarini gazgeneratorlar, katta bosim apparatlari, neft va neft mahsulotlari namunalari va kimyoviy reaktivlarni saqlash xonalari bilan bitta binoda joylashtirish zarur.
Laboratoriya xonalari tarkibini omborxonalarni texnologik loyihalashtirish talablariga koʻra tanlash kerak.
10-bob. Suv taʼminoti va kanalizatsiya
129. Omborxonalarda oʻrtacha karralikli havo mexanik koʻpik bilan yongʻinni oʻchirish taʼminlanishi kerak.
130. Omborxonalarda yongʻinni oʻchirish uchun quyidagilar boʻlishi zarur:
statsionar avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari;
koʻpik generatorli yongʻin oʻchiruvchi va koʻchma qurilmalar.
131. Avtomatik boʻlmagan yongʻin oʻchirish statsionar qurilmasi statsionar oʻrnatilgan koʻpik generatorlari va avtomatlashtirish vositalaridan tashqari xuddi avtomatik qurilma kabi qismlardan tashkil topishi, koʻpik oʻtkazgichlarda yongʻin gidrantlari yoki yongʻin paytida oʻt oʻchirish yenglari va koʻpik generatorlarini ulash uchun moʻljallangan tirgaklar boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
132. Koʻchma qurilma yongʻin-qutqaruv avtomobillari yoki motopompalar suvni tashqi suv quvurlari tarmogʻi (yongʻin gidrantlari yoki ulanuvchi kallakli quvurlar) orqali yoki ushbu SHNQning 142-bandiga muvofiq yongʻinga qarshi sigʻimlardan uzatib berishi lozim.
133. Neft va neft mahsulotlari uchun sigʻimi 5000 m3 va undan ortiq boʻlgan yer usti rezervuarlari, shuningdek omborxona binolari va xonalari roʻy berishi mumkin boʻlgan yongʻinni oʻchirish uchun statsionar avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan taʼminlanishi kerak.
134. Ikkitadan ortiq boʻlmagan sigʻimi 5000 m3 boʻlgan yer usti rezervuarlariga ega boʻlgan III toifali omborlarda, rezervuarlardagi yongʻinni oʻchirishni mobilli yongʻin oʻchirish vositalari (statik oʻrnatilgan koʻpik generatorlari) va quruq quvurlaroʻtkazgichlar (yongʻin texnikasini qoʻshish uchun ulagich kallagiga ega boʻlgan) bilan yordamida oʻchirishga yoʻl qoʻyiladi.
135. Yer osti rezervuarlaridagi yongʻinni oʻchirish uchun noavtomatik yongʻin oʻchiruvchi turgʻun (statsionar) qurilmalar, I va II toifa omborxonalarida rezervuarlar mavjud boʻlganda temir yoʻl va avtomobil sisternalari uchun quyish-taqsimlash qurilmalari boʻlishi kerak.
136. Omborxonada koʻpik generatorli oʻchirish qurilmalaridan foydalanilganda umumiy nasos stansiya va suyuqlik oʻtkazgich tarmogʻi bilan taʼminlanishi kerak.
137. Hajmi 5000 m3 dan kichik boʻlgan yer usti va yer osti rezervuarlari hamda maydonchalarga joylashtirilgan mahsulot nasos stansiyalari, II va III toifalardagi omborxonalardagi temir yoʻl va avtomobil sisternalariga moʻljallangan quyish-taqsimlash estakadalari va qurilmalari, shuningdek omborxona binolari hamda xonalari uchun (ushbu xonalarning maydoni va nasos stansiyalarining ish unumdorligi ushbu SHNQning 5-jadvalida keltirilgan qiymatlardan kichik boʻlganda) yongʻinni mobilli oʻt oʻchirish vositalari bilan oʻchirish nazarda tutilishi kerak.
138. Binolar va xonalardagi, shuningdek sigʻimi 1000 dan 5000 m3 gacha boʻlgan yer usti rezervuarlardagi yongʻinni oʻchirishda (texnik-iqtisodiy asoslangan hollarda) avtomatik yongʻin oʻchirish statsionar qurilmalaridan foydalanishga, quyish-taqsimlash qurilmalari uchun esa avtomatik boʻlmagan statsionar yongʻin oʻchirish qurilmalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
139. Sigʻimi 1000 dan 5000 m3 gacha boʻlgan yer usti rezervuarlari QMQ 2.09.03-02 ga muvofiq koʻpik generatorlari bilan jihozlanishi kerak.
140. Statsionar avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanadigan omborxonalarning binolari va xonalari ushbu SHNQning 4-ilovasidagi keltirilgan.
141. Avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlangan omborxonalarning binolari va xonalarida ichki yongʻinga qarshi suv oʻtkazgichni taʼminlamaslikka yoʻl qoʻyiladi, bunda binolar, xonalarda koʻpiklagichning olti karrali zaxirasi boʻlishi lozim.
Suyuqlik oʻtkazgichning turgʻun tarmogʻida (xonalarga kirish joylarida) yongʻin joʻmraklari, yongʻin nasoslari esa uzoqdan turib ishga tushirish bosmalari bilan (turgʻun qurilmada oʻchirish vositalari hisobiy zaxirasida) jihozlanishi lozim.
142. Devorining balandligi 12 m dan ortiq boʻlgan yer usti rezervuarlari (I iqlimiy hududlarda joylashtiriladigan, yonmaydigan materiallardan issiqlik izolyatsiyali rezervuarlar hamda suzuvchi qopqoqli rezervuarlardan tashqari) turgʻun sovutish qurilmalari bilan jihozlanishi zarur.
143. Devorlarining balandligi 12 m gacha boʻlgan turgʻun qopqoqli yoki pontonli yer usti rezervuarlari, shuningdek sigʻimi 400 m3 dan ortiq boʻlgan yer osti rezervuarlari koʻchma qurilmalar bilan sovitilishi kerak.
144. Yongʻin paytida sovutilishi talab etiladigan rezervuarlarni sovutish uchun rezervuar park atrofi halqa shaklida yongʻinga qarshi suv oʻtkazgich bilan taʼminlanishi lozim.
145. I va II toifadagi omborlar temir yoʻl sisternalari, oqizish-quyish qurilmalari va estakadalarni sovutish uchun statsionar lafet dastaklari boʻlishi zarur.
146. Quyidagilar sovutilmaydi:
rezervuar devorining balandligidan qatʼiy nazar I iqlimiy mintaqada joylashtiriladigan va yonmaydigan materiallardan tayyorlangan issiqlik izolyatsiyasiga ega boʻlgan turgʻun qopqoqli yoki pontonli yer ustidagi rezervuarlar hamda suzuvchi qopqoqli rezervuarlar (20000 m3 hajmli rezervuarlar orasidagi masofa 40 m gacha yetkazilishi kerak);
daxlsiz suv zaxirasi kamida 800 m3 boʻlgan hajmi 10000 m3 gacha boʻlgan rezervuarlar;
daxlsiz suv zaxirasi kamida 2000 m3 hajmi 20000 m3 dan ortiq boʻlgan rezervuarlar;
devorlarining balandligi 12 m gacha, avtomatik yongʻin oʻchiruvchi turgʻun qurilma bilan jihozlangan suzuvchi qopqoqli yor ustidagi rezervuarlar;
devorlarining balandligi 12 m dan ortiq boʻlgan hamda sovutish qurilmalari bilan jihozlangan, turgʻun qopqoqli yoki pontonli rezervuarlar bilan birgalikda rezervuarlar parkida joylashadigan suzuvchi qopqoqli yer ustidagi rezervuarlar (park uchun bittasining sigʻimi 20000 m3 va undan ortiq boʻlgan rezervuarlar uchun suv zaxirasi kamida 1500 m3 hamda bittasining sigʻimi 20000 m3 dan kichik boʻlgan rezervuarlar uchun kamida suv zaxirasi 1000 m3 boʻlishi kerak);
devorining balandligi 12 m dan ortiq boʻlgan yonayotgan suzuvchi qopqoqli qoʻshni yer usti rezervuarlari;
turgʻun qopqoqli yoki pontonli qoʻshni yonayotgan yer usti rezervuarlari;
yongʻin paytida ichida saqlanayotgan neft na neft mahsulotlari haroratining oshishiga yoʻl qoʻymaydigan issiqlik izolyatsiyali yonayotgan qoʻshni yer usti rezervuarlari;
sigʻimi 400 m3 va undan kichik boʻlgan yer osti rezervuarlari.
147. Rezervuarni sovutish statsionar qurilmasi rezervuar devorlarining yuqori qismida joylashtiriladigan vertikal sugʻorish boʻlmali halqadan (suvni purkovchi qurilma bilan jihozlangan sugʻorish quvurlari, perforatsiya, sprinkler yoki drencher kallakdan), sugʻoruvchi boʻlma halqasini yongʻinga qarshi suv quvuri tarmogʻi bilan bogʻlovchi quruq quvurdan va vertikal quvuroʻtkazgichlardan, shuningdek yongʻin paytida rezervuarning butun sirtini hamda rezervuarlarning guruhda joylashishiga bogʻliq ravishda uning istalgan choragi yoki yarmi (perimetr boʻyicha hisoblaganda) sovutish uchun suvni uzatishni taʼminlovchi qoʻlda boshqariladigan zulfin (zadvijka) dan tashkil topishi lozim.
148. Rezervuarni sovutish koʻchma qurilmasi oʻt oʻchirish tirsaklariga ulanuvchi yoki ulagich kallaklar vositasida yongʻinga qarshi suv quvuri tarmogʻidagi quruq quvurga tutashtiruvchi yongʻin moʻrilari, I va II-toifali omborxonalarda texnik-iqtisodiy asoslash bilan devorlarining balandligi 12 m gacha boʻlgan yer usti rezervuarlarini statsionar sovutish qurilmalari bilan jihozlashga yoʻl qoʻyiladi.
149. Har bir rezervuarining hajmi 5000 m3 dan kichik boʻlgan rezervuarli III-toifali omborxonalarda sovutish va yongʻinni oʻchirish uchun suvni yongʻinga qarshi sigʻimlardan (rezervuarlar yoki ochiq sunʼiy va tabiiy hovuzlardan) yongʻin avtomobillari va motopompalar yordamida uzatishga yoʻl qoʻyiladi.
150. Rezervuar parklari tabiiy suv havzalaridan 200 m gacha boʻlgan masofada joylashganda, yongʻinga qarshi rezervuarlar va sunʼiy suv havzalarini qurmaslikka yoʻl qoʻyiladi.
151. Avtomatik yongʻin oʻchirish turgʻun qurilmali mahsulot nasos stansiyalari, idishlarga solingan neft mahsulotlari uchun omborxona binolari, quyish, qadoqlash va tarqatish rezervuarlarida, sovutilishi zarur boʻlgan rezervuarlar oldida ushbu SHNQning 2-jadvaliga muvofiq yongʻinga qarshi uskunalar uchun yongʻin postlari yoki xonalar boʻlishi kerak.
152. Omborxonalarda xoʻjalik ichimlik, yongʻinga qarshi suv taʼminoti va issiq suv taʼminoti, kanalizatsiya hamda suv oqizish tizimlari loyihalanishi lozim.
153. Yongʻinga qarshi ichki suv taʼminoti QMQ 2.04.01-98, tashqi suv taʼminoti tarmogʻi SHNQ 2.04.02-2019 talablariga muvofiq loyihalanishi kerak.
154. Omborxonalarda yongʻinni oʻchirish uchun hisoblangan suv sarfi uchun rezervuar parkidagi yongʻinni (bitta rezervuar uchun eng koʻp sarfni hisobga olgan holda) yoki temir yoʻl estakadasidagi yongʻinni oʻchirish uchun yoki omborxona binolaridan biridagi tashqi va ichki yongʻinni oʻchirish uchun eng koʻp sarf yigʻindisi qabul qilinishi lozim.
Omborxonalarda bir vaqtda sodir boʻladigan yongʻinlarning hisobiy sonini quyidagicha belgilash kerak:
omborxona sathi 150 ha gacha boʻlganda bitta yongʻin;
sathi 150 ha dan ortiq boʻlganda ikkita yongʻin.
155. Yongʻinni oʻchirishga suv va koʻpik sarfini alangalanish harorati 28 °S va undan pastroq boʻlgan neftdan tashqari neft mahsulotlarini oʻchirishga suyuqlanmani 94 foiz suv va 6 foiz koʻpik uzatish jadvalidan neft va neft mahsulotlari bugʻlanayotgan sirtning 1 m2 ga 0,08 l/s, neft va qolgan neft mahsulotlari uchun esa 0,05 l/s hamda yongʻinni oʻchirishning 10 min ga teng boʻlgan hisobiy vaqtidan kelib chiqqan holda aniqlash lozim.
156. Bugʻlanish yuzasini quyidagilarga teng qilib belgilash kerak:
pontonli yer usti rezervuarlari va yer osti rezervuarlarida ularning gorizantal kesimi yuzasiga;
suzuvchi qopqoqli rezervuarlarda rezervuar devori va koʻpikni cheklash uchun moʻljallangan toʻsiq orasidagi halqaviy boʻshliq (fazo) yuzasiga;
umumiy sigʻimi 4000 m3 gacha boʻlgan guruhda yagona maydonchada joylashgan sigʻimi 400 m3 gacha boʻlgan rezervuarlar uchun ushbu guruhni oʻrab oluvchi sathga, biroq barcha hollarda 300 m2 dan ortiq emas;
oqizish-quyish temir yoʻl estakadalari uchun temir yoʻl izlarini ham qamrab olgan holda inshootning tashqi tarhi boʻyicha estakada sathiga, biroq barcha hollarda 1000 m2 dan ortiq emas;
idishlardagi neft mahsulotlari uchun omborxona binolarida (ichki yongʻin oʻchirishga) eng katta omborxona xonasi toʻshamasi sathiga;
mahsulot nasos va kanalizatsiya stansiyalari, quyish, qadoqlash, tarqatish va ishlab chiqarish binolarida ichki yongʻin oʻchirish uchun neft va neft mahsulotlari boʻlgan eng katta xonaning toʻshamasi yuzasiga;
oqizish-quyish qurilmalariga;
avtotsisternalar uchun quyish orolchalari egallagan maydoncha sathiga, biroq barcha hollarda koʻpi bilan 800 m2.
Suzuvchi qopqoqli (sigʻimi 5000 m3 gacha) rezervuardagi yongʻinni koʻchma yongʻin oʻchirish qurilmasi bilan oʻchirishda rezervuarlardagi bugʻlanish maydoni sathini rezervuarning gorizontal kesimi sathiga teng qilib belgilash kerak.
157. Eritmani tayyorlash uchun suv va koʻpik hosil qiluvchi modda zaxirasini bitta yongʻinni oʻchirishga eritma uch karra koʻp sarflanishni hisobga olib belgilash lozim.
158. Eritma oʻtkazuvchi turgʻun (statsionar) yongʻin oʻchirish qurilmalarining quruq quvurlarini birlamchi toʻldirish uchun qoʻshimcha eritma miqdori zarurligi hisobga olinishi lozim.
159. Koʻpik hosil qilgich yoki uning suyuqlanmasi zaxiralarini saqlash uchun kamida ikkita rezervuar boʻlishi, 10 m3 miqdordagi koʻpik hosil qilgich yoki 50 m3 miqdorda uning suyuqlanma zaxirasi uchun bitta rezervuar boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
160. Rezervuarni toʻsiqlar yordamida har birining sigʻimi 10 m3 dan ortiq boʻlgan boʻlmalarga ajratish sharti bilan 10 m3 dan ortiq koʻpik hosil qilgichning zaxirasi uchun bitta rezervuarni taʼminlashga yoʻl qoʻyiladi.
161. Eritma tayyorlash uchun koʻpik hosil qilgich va suv zaxiralarini yoki koʻpik hosil qilgich eritmasi zaxirasini saqlashda, ularning umumiy sigʻimi 200 m3 dan ortiq boʻlmaganda metall rezervuarlardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
162. Yer usti rezervuarlarini sovutish uchun suv sarfini quyidagicha aniqlash kerak:
yonayotgan rezervuarlar uchun (suzuvchi qopqoqli rezervuarlardan tashqari) rezervuar butun aylanasining 1 m uzunligiga 0,5 l/s hisobidan;
suzuvchi qopqoqli yonayotgan rezervuarlar uchun rezervuar butun aylanasining 1 m uzunligiga 0,3 l/s hisobidan;
qoʻshni rezervuarlar uchun har bir rezervuarning (suzuvchi qopqoqli rezervuarlar bundan mustasno) aylanasi yarmining 1 m uzunligiga 0,2 l/s hisobidan.
163. Yer osti rezervuarlarini sovutishda suvning umumiy sarfini (yonayotgan va ularga yonma-yon joylashgan rezervuarlar uchun) quyidagicha olish kerak:
eng katta rezervuar sigʻimi 400 dan 1000 m3 gacha boʻlganda — 10 l/s;
sigʻim 1000 dan 5000 m3 gacha boʻlganda — 20 l/s;
sigʻim 5000 dan 30000 m3 gacha boʻlganda — 30 l/s;
sigʻim 30000 dan 50000 m3 boʻlganda — 50 l/s.
164. Rezervuarlarni (yonayotgan va unga yonma-yon joylashgan rezervuarlar) sovutishning vaqtini quyidagicha yer usti rezervuarlarini, yongʻin turgʻun yongʻin oʻchirish (110-bandda keltirilgan) qurilmasi bilan oʻchirilayotganda — 3 h va koʻchma qurilmada — 6 h belgilash kerak.
165. Yongʻinga qarshi sigʻimlarda (yongʻindan soʻng) suvning zaxirasini tiklash vaqti 96 h oshmasligi zarur.
166. Ikkala tomonidan oqizish, quyish qurilmalari bilan jihozlangan rezervuar parkidagi yoki temir yoʻl estakadasidagi yongʻinni oʻchirish uchun eritma oʻtkazgichlar tarmogʻini (har doim eritma bilan toʻldirilgan yoki boʻsh) ayrim binolarga va inshootlarga (avtomatik yongʻin oʻchirgichlar turgʻun oʻrnatilganda rezervuarlarga ham) uchi berk tarmoqlanishlar (kiritmalar) bilan birgalikda halqaviy tarzda loyihalash lozim.
Halqaviy tarmoqning suyuqlanma oʻtkazgichlarini rezervuar park atrofida, parkning tashqi oʻramasidan (yoki toʻsuvchi devorlardan) tashqarida, ikki tomonidan oqizish-quyish qurilmalari bilan jihozlangan temir yoʻl izlari estakadasidan kamida 10 m uzoqlikda oʻtkazish kerak.
167. Sigʻimi 10000 m3 va undan ortiq boʻlgan yer usti rezervuarlariga, shuningdek omborxonaning eritma oʻtkazgichlari halqaviy tarmogʻidan 200 m dan uzoqroqda joylashgan binolar va inshootlarga har biridan yongʻinni oʻchirishga toʻliq hisobiy sarfni uzatish uchun eritma oʻtkazgichlar halqaviy tarmogʻining turli qismlaridan ikkitadan berk tarmoqlanishlar (kiritmalar) taʼminlanishi kerak.
168. Uzunligi 250 m dan ortiq boʻlmagan eritma quvurlari tarmogʻini uchi berk tarzda loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
169. Eritma quvurlarini yongʻinga qarshi gidratnlarni boshqaruv tugunlari va yongʻin gidrantlari uchun umumiy quduqlar yasash bilan bitta xandaqda yotqizilishi kerak.
170. Yongʻin paytida yongʻin oʻchirish barqaror suyuqlanma oʻtkazgichlar tarmogʻidagi erkin bosim, barqaror oʻrnatilgan yoki yongʻin tirsaklari yordamida ulanuvchi koʻpik generatorlari kiruvida koʻpi bilan 60 m va kamida 40 m boʻlishi kerak.
171. Yongʻin paytida yongʻinga qarshi suv oʻtkazgich tarmogʻidagi erkin qisuvni quyidagicha qabul qilish kerak:
rezervuarlar turgʻun qurilmalar vositasida sovitilayotganda — sovutish halqasining texnikaviy tavsifnomasi boʻyicha, biroq sovutish halqasi sathidan kamida — 10 m;
rezervuarlarni koʻchma qurilmalar vositasida sovutishda yongʻin dastaklarining texnikaviy tavsifnomalari boʻyicha, biroq kamida — 40 m.
172. Omborxonalar hududida quyidagi oqova suvlarni oqizish (qabul qilish) uchun ishlab chiqarish kanalizatsiyasi boʻlishi kerak:
neft mahsulotlari boʻlgan idish (bochka)lar, oqizish-quyish qurilmalari oʻrnatilgan maydonchalarni hamda mahsulot nasos stansiyalaridagi toʻshamalarni yuvishdan hosil boʻlgan oqova suvlarni;
rezervuarlar atrofidan oqadigan oqova suvlarni;
oqizish-quyish qurilmalari va boshqa texnologik qurilmalar joylashgan ochiq maydonchalardan (ushbu suvlar neft yoki neft mahsulotlari bilan ifloslanishi mumkin) rezervuar parkining maydonchalaridan yoki idishlarda neft mahsulotlarini saqlash uchun oʻralgan maydonchalardan oqadigan yomgʻir suvlarini;
yongʻin paytida rezervuarlarni sovutish vaqtida hosil boʻladigan (oqadigan) suvlarni.
173. Yongʻin suvlari miqdori yiliga 400 mm dan kam boʻlgan hududlarda rezervuar parklarining oʻralgan maydonchalaridan yomgʻir suvlarini chiqarish uchun kanalizatsiya tarmogʻini oʻrnatmaslikka yoʻl qoʻyiladi.
174. Choʻmilish va yuvinish xonalarining mahalliy tozalash inshootlarida tozalangan, miqdori 5 m3/sut dan ortiq boʻlmagan oqova suvlarni maishiy kanalizatsiya mavjud boʻlmagan holda ishlab chiqarish-yomgʻir kanalizatsiyasiga oqizishga yoʻl qoʻyiladi.
175. Magistral neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlari nasos stansiyalarining rezervuar parklaridagi mahsulot osti suvlarini qabul qilish uchun kanalizatsiya boʻlmasligiga yoʻl qoʻyiladi.
176. Etillangan benzinni saqlash va ishlatish bilan bogʻliq rezervuarlar hamda texnologik qurilmalardan ajralgan oqova suvlar, shuningdek tetraetil qoʻrgʻoshinga ega boʻlgan laboratoriyalarning oqova suvlari alohida kanalizatsiya vositasida shu suvlarni tozalashga moʻljallangan tozalash inshootlariga yoki alohida (binodan va qurilmalardan tashqaridagi) suv toʻplagichlarga yigʻilishi va maxsus ajratilgan joylarga oqizib chiqarilishi zarur.
177. Ushbu SHNQning 178-bandida keltirilgan oqova suvlar uchun quyidagi holatlarda alohida kanalizatsiya tizimi boʻlmasligiga yoʻl qoʻyiladi:
omborxonaning tozalangan oqova suvlari hovuz, bugʻlatgichlarga chiqarilganda;
omborxonaning ishlab chiqarish oqova suvlarining umumiy miqdori kuniga 100 m3 dan ortiq boʻlmaganda va ular ozonlagich qurilmalarida qoʻshimcha tozalanganda.
178. Neft va neft mahsulotlari rezervuarlarini tozalashda ajralgan oqova suvlarni kanalizatsiya tarmogʻiga oqizishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda, oqova suvlar yigʻish va taqsimlash quvuroʻtkazgichlari orqali shlam yigʻgichlarga oqizilishi hamda shlam yigʻgichlarda tindirilgandan soʻng ishlab chiqarish yoki ishlab chiqarish yomgʻir kanalizatsiya tarmogʻi orqali omborxonaning tozalash inshootlariga yoʻnaltirilishi kerak.
179. Rezervuar parkining oʻralgan maydonchasidagi yomgʻir qabul qilgichlar, toʻsiq oʻqi boʻylab joylashgan yoki parkning tashqi toʻsigʻi (oʻramasi) tashqarisidagi joylardan harakatga keltiriluvchi qulf qurilmalar (ilgichlar, zulfinlar (zadvijkalar) bilan jihozlanishi lozim.
180. Omborxonalarining ishlab chiqarish va ishlab chiqarish yomgʻir kanalizatsiyasi tarmogʻini yonmaydigan materiallardan loyihalash va yer ostiga joylashtirilishi, ishlab chiqarish yomgʻir kanalizatsiya tarmogʻidagi oʻzi oqar quvuroʻtkazgichlarning diametri 200 mm dan kam boʻlmasligi zarur.
181. Temir yoʻl estakadalari maydonchalarida (oqizish-quyish qurilmalari boʻylab) yomgʻir qabul qilgichlarga nishabli ochiq tarnovlar oʻrnatilishi kerak.
182. Ishlab chiqarish yoki ishlab chiqarish yomgʻir kanalizatsiyasi quduqlarida (balandligi kamida 0,25 m boʻlgan) gidravlik qulflar oʻrnatilishi lozim:
kanalizatsiyaning bosh tarmogʻida — har 400 m oʻtkazib;
binolardan chiqish joylarida (mahsulot nasos stansiyasida, quyishda, laboratoriyada), rezervuar parkining oʻralgan maydonchalarida;
oʻrama (toʻsiq) tashqarisida joylashgan yomgʻir qabul qilgichning chiqish joyida;
oqizish-quyish qurilmalari maydonchalarida (temir yoʻl va avtomobil sisternalariga) joylashgan yomgʻir qabul qilgichlarning chiqish joyida;
neft tutqichdan keyin va oldinda, undan kamida 10 m masofadagi kanalizatsiya tarmogʻida.
183. Ishlab chiqarish oqova suvlari hamda neft va neft mahsulotlari bilan ifloslangan yomgʻir suvlari omborxonaning mahalliy tozalash inshootlarida tozalanishi kerak.
Tozalash inshootlarining tarkibi va suvlarni tozalash darajasi (aylanma suv taʼminoti, bugʻlatish, neft konlarida suv bostirishda, sanoat tarmogʻining yoki qoʻshni korxonaning tozalash inshootlariga chiqarish, hovuzga tushirib yuborish) boʻyicha belgilanishi lozim.
184. Omborlarning ishlab chiqarish oqova suvlaridagi ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi (loyihalash topshirigʻida maʼlumotlar boʻlmaganda) ushbu SHNQning 3-jadvali boʻyicha belgilanishi lozim.
185. Ishlab chiqarish-yomgʻir kanalizatsiyasi tarmogʻi hamda inshootlarining oʻtkazish qobiliyati oqova suvlarini ishlab chiqarish binolari va inshootlaridan qabul qilish qobiliyatiga hisoblanishi hamda quyidagi hisobiy sarflarning eng kattasiga moʻljallanishi kerak:
bosh neftoʻtkazgichlar va neft mahsulotlari oʻtkazgichlari nasos stansiyalari rezervuar parklaridan tashqari bitta eng katta rezervuardan ajraluvchi mahsulot osti suvlariga;
oqizish-quyish qurilmalari uchun ochiq maydonchalardan oqadigan yomgʻir suvlariga;
rezervuar parkining oʻralgan maydonchasidan tartibga solib oqiziladigan yomgʻir suvlariga;
yongʻin paytidagi rezervuarlarni sovutishdan.
186. Rezervuar parkining oʻralgan maydonchasidan yomgʻir suvlari yoki yongʻin paytida rezervuarlarni sovutish suvlarining hisoblangan sarfi suvlarni oʻralgan maydonchadan 24 h ichida chiqarib tashlanishi shartidan kelib chiqqan holda tartibga solingan oqizish amalga oshirilganda aniqlanishi lozim.
187. Omborxonalarda ishlab chiqarish va yomgʻir oqova suvlarini mexanik tozalash uchun qumli tutqichlar, neftni tutqichlar flotatsiya qurilmalar, rezervuar-tindirgichlar, hovuzcha-tindirgichlar va hovuzcha-bugʻlatgichlardan foydalanish lozim.
Tetraetil qoʻrgʻoshin bilan ifloslangan oqova suvlarni tozalash uchun oqova suvlarni 30 d davomida tindirishga moʻljallangan (shimoliy qurilish iqlimiy zona mintaqalar bundan mustasno) ozonator qurilmalar yoki hovuzcha-tindirgichlar taʼminlanishi kerak.
188. Oʻtkazish qobiliyati 15 l/s dan ortiq boʻlmagan neftoʻtkazgichlarni yigʻilgan neft va neft mahsulotlarini jamlash rezervuari hamda nasoslarni oʻrnatish boʻlmasi bilan bitta blokka birlashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
189. Omborxonalarning yer osti kanalizatsiya inshootlari (tindirgich hovuzlari, bugʻlatish hovuzlari, shlam yigʻgichlar), shuningdek avariya yer osti omborlari ushbu SHNQ 22-bandiga muvofiq yer osti gruntlarining neft va neft mahsulotlari bilan ifloslanishining oldini olish uchun nishablar va ularning tubi filtrlanishga qarshi polimer pardalardan loydan himoya ekranlariga ega boʻlishi zarur.
190. Barcha ishlab chiqarish va ishlab chiqarish yomgʻir kanalizatsiyalarida (neft tutqichlar, tindirgich hovuzlari, flotatsiyaviy qurilmalar va boshqalarda) tutib qolingan neft va neft mahsulotlarini nasos yordamida 10 min davomida boʻshatish, biroq barcha hollarda kamida 5 m3 sigʻimli rezervuarga yigʻish taʼminlanishi kerak.
191. Tutib qolingan neft va neft mahsulotlarini haydash uchun kanalizatsiya nasos stansiyalarini mahsulot nasos stansiyalarining omborxonalariga qoʻyiladigan talablar boʻyicha loyihalash kerak.
192. Tozalash inshootlarida tutib qolingan neft va neft mahsulotlarini suvsizlantirish uchun ajratuvchi rezervuarlarni, omborxonaning tozalash inshootlariga (bufer rezervuarlarga) keluvchi oqova suvlar miqdorini rostlash uchun turgʻun qopqoqli yer usti rezervuarlarini hamda rezervuar tindirgichlarni ushbu SHNQning mazkur bobida belgilangan talablarga muvofiq loyihalash kerak.
193. Omborxonalarning kanalizatsiya nasos stansiyalarida bitta xonada ishlab chiqarish oqova suvlarini, tutib qolingan neft va neft mahsulotlarini, kanalizatsiya tozalash inshootlaridan choʻkmalarni (neft tutqichlarni, flotatsiya qurilmalarini), shuningdek maishiy oqova suvlarni haydash uchun nasoslar oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi.
11-bob. Issiqlik taʼminoti, isitish hamda shamollatish
194. Omborxonalarning binolari va inshootlarining issiqlik taʼminoti, isitish va shamollatilishi issiqlik tarmoqlari, qozonxona qurilmalari, issiq suv taʼminoti, isitish, shamollatish tizimlari hamda havoni sovutish QMQ 2.04.05-97ga muvofiq loyihalanishi lozim.
195. Omborxonalar uchun (issiqlik tarmoqlaridan) markazlashtirilgan issiqlik taʼminotidan taʼminlanishi kerak.
Asoslangan hollarda issiqlik bilan omborxona qozonxonasidan taʼminlashga yoʻl qoʻyiladi.
196. Omborxonalarning binolari va inshootlarini isitish va shamollatish uchun issiqlik tashuvchi sifatida harorati 150 °S dan yuqori boʻlmagan issiq suvdan foydalanish kerak.
197. Omborxonada texnologik isteʼmolchilar boʻlganda harorati 130 °S dan yuqori boʻlmagan suv bugʻidan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
198. Portlash, portlab-yonish va yongʻin xavfi boʻlgan ishlab chiqarish omborxona xonasi toʻshamasi ostidan isitish kuvuroʻtkazgichlarini yotqizishga yoʻl qoʻyilmaydi (eshik va darvoza oldida yotqizish bundan mustasno).
Quvuroʻtkazgichlarni eshiklar va darvozalar oldidagi xandaqlarga yotqizish, qum bilan toʻldirish va olib qoʻyiladigan taxtalar bilan yopish zarur.
199. Zararli moddalar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda, omborxonalar binolari va xonalarida havo almashinuv karraligini ushbu SHNQning 4-jadvali boʻyicha belgilashga yoʻl qoʻyiladi.
200. Omborxonalar binolari va inshootlari hamda xonalaridagi shamollatish tizimi ushbu SHNQning 5-jadvaliga muvofiq loyihalanishi lozim.
12-bob. Elektr texnik qurilmalar, aloqa va avtomatlashtirish
201. Omborxonalarning elektr texnik qurilmalarini EQTQ hamda QMQ 2.01.05-19 talablariga muvofiq loyihalash kerak.
Izohlar:
1. Shamollatish uchun havo almashtirish karraligini aniqlashda xonalar balandligini 6 m ga teng deb qabul qilish kerak.
2. Harorati 80 °S dan yuqori boʻlgan neft va neft mahsulotlari joylashgan xonalarda havoni almashtirish karraligi neft uchun (ushbu jadvalning 1 va 2 bandlari boʻyicha) 1,2 koeffitsiyent bilan va qolgan neft mahsulotlari uchun 1,5 koeffitsiyent bilan olinishi lozim.
3. Isitilmaydigan omborxonalarda idishlardagi neft mahsulotlari uchun (ularning turidan qatʼiy nazar) havo almashinishini soatiga kamida bir karra qilib qabul qilish kerak.
4. Neft va neft mahsulotlaridan tozalangan oqova suvlarni oqizish uchun kanalizatsiya nasos stansiyalari xonalarida havo almashinuvini soatiga besh karra qilib olish kerak.
Izohlar:
1. Laboratoriya xonalaridan soʻriluvchi havo hajmi oqib keluvchi havo hajmidan 10 foiz ortiq boʻlishi kerak.
2. Neftni qayta ishlovchi va neft-kimyo korxonalarning mahsulot-xomashyo omborlari (parklari) yoki ushbu korxonalar hududida joylashtirilgan omborxonalarning binolari, inshootlari va xonalarini shamollatish loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi lozim.
3. Shamollatish uskunalari xonalar va omborxonalarning portlab-yonish va yongʻin xavfi boʻyicha, elektr yuritgichlar esa EQTQ talablariga muvofiq loyihalanishi zarur.
202. Omborxonalardagi elektr qabul qilgichlarning elektr taʼminoti ishonchliligi quyida toifalarga boʻlinishi kerak:
birinchi toifa — omborxonalar (bazalar) neft va neft mahsulotlarini eksport qilishga moʻljallangan mahsulot nasos stansiyalarining elektr qabul qilgichlari hamda barcha neft va neft mahsulotlari boʻyicha yongʻinga qarshi nasos stansiyalarining elektr qabul qilgichlari;
ikkinchi toifa — neft va neft mahsulotlarini saqlash va isteʼmolchilarga yetkazish uchun I va II toifa omborxonalari mahsulot nasos stansiyalarining elektr qabul qilgichlari;
uchinchi toifa — omborxonalarning elektr taʼminoti ishonchliligi boʻyicha birinchi va ikkinchi toifalariga kirmaydigan barcha boshqa elektr qabul qilgichlari.
203. Elektr qabul qilgichlarning neftni qayta ishlash hamda neft-kimyo korxonalaridagi mahsulot-xomashyo omborxona (park)larining magistral neftoʻtkazgichlar va neft mahsulot oʻtkazgichlar nasos stansiyalari oldidagi rezervuar parklari, shuningdek korxonalar (sanoat, energetika) tarkibiga kiruvchi neft mahsulotlari omborxonalarining elektr taʼminoti ishonchliligini taʼminlash toifalari xonalar va nasos stansiyalarining elektr taʼminoti ishonchliligi boʻyicha elektr qabul qilgichlarning toifasini aniqlash paytida belgilanishi zarur.
204. Omborxonalarda tabiiy va sunʼiy yoritish tizimlari loyihalanishi lozim.
205. Omborxonalarda tashqi yoritgich va xavfsizlik yoritigichi boʻlishi kerak.
Rezervuar parklarini yoritish uchun rezervuar parkining tashqi toʻsigʻi (oʻramasi)dan bevosita tashqarida joylashgan minoralarda tashqi yoritish chiroqlari (projektorlar) oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
206. I va II toifa omborxonalarining sathi 250 m2 dan katta mahsulot nasos stansiyalari xonalarida, shuningdek operatorlar va dispetcherlar uchun xonalarda favqulodda yoritish taʼminlanishi kerak.
207. Omborxonalarni telefon aloqasi bilan jihozlash zarur.
208. Omborxonalarda quyidagilar avtomatik yongʻin signalizatsiyasi bilan jihozlanishi lozim:
magistral neft mahsuloti oʻtkazgichlarining omborxonalari, rezervuar parklaridagi mahsulot nasos stansiyalari, tutilgan neft va neft mahsulotlarining har bir sathi 300 m2 dan kichik boʻlgan kanalizatsiya nasos stansiyalari binolaridagi nasoslar va zulfinlar (zadvijkalar) tugunlari binolari;
magistral neftoʻtkazgichlarning rezervuar parklari, mahsulot nasos stansiyalari binolaridagi stansiyaning ishlab chiqarish qobiliyati 1200 m3/h kichik boʻlganda nasoslar va zulfinlar (zadvijkalar) qismlari uchun xonalar;
idishlardagi neft mahsulotlari uchun sathi 100 dan 500 m2 gacha boʻlgan omborxona xonalari;
15 kg/m2 dan ortiq miqdorda neft va neft mahsulotlari boʻlgan, sathi 100 dan 500 m2 gacha omborxonalarning quyish, tarqatish, qadoqlash va ishlab chiqarish xonalari.
209. Omborxonalarda xavfsizlik signalizatsiyasi oʻrnatilganda avtomatik himoya yongʻin signalizatsiyasi loyihalanishi lozim.
210. Omborxonaning avtomatik yongʻin signalizatsiyasi qurilmalarini oʻrnatish nazarda tutilmaydigan binolar va inshootlar qoʻl yordamida boshqariladigan (ishga tushiriladigan) elektr yongʻin signalizatsiyasi bilan jihozlanishi lozim.
211. Avtomatik yongʻin oʻchirish tizimining turgʻun qurilmalari bilan jihozlangan omborxonalarning binolari va xonalarini, shuningdek eng yaqin yongʻin qismi bilan doimiy (sutka davomida odamlar boʻladigan) telefon aloqasi bilan jihozlangan III toifa omborxonalarining binolari hamda xonalarini avtomatik yongʻin signalizatsiyasi bilan jihozlamaslikka yoʻl qoʻyiladi.
212. Omborxonalarni loyihalashda EQTQga muvofiq statik elektrdan himoya taʼminlanishi zarur.
213. Omborxonalarda katod himoya stansiyalarini loyihalashda texnologik uskunalarning yerga ulanishi inobatga olinishi kerak.
214. Omborxonalarda ularni qabul qilish, tarqatish va saqlash (mahsulot sathi, haroratini oʻlchash) jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish taʼminlanishi zarur.
215. Neft va neft mahsulotlari magistral quvuroʻtkazgichlar orqali omborxonalarga yetkazilganda (transportirovka qilinganda) ushbu quvuroʻtkazgichlar ortiqcha bosim taʼsiridan himoya qilingan boʻlishi kerak.
13-bob. Ikkinchi guruh omborlari.
1-§. Ikkinchi guruh omborlarini loyihalash talablari
216. Korxonalar tarkibiga kiruvchi omborxonalarda yengil alangalanuvchi va yonuvchan neft mahsulotlarini quyidagi jadvalda keltirilgan rezervuarlarda hamda idishlarda saqlashga yoʻl qoʻyiladi.
Izohlar:
1. Yengil alangalanuvchi va yonuvchan neft mahsulotlarini bir vaqtning oʻzida yer ustida va yer ostida saqlashda ushbu mahsulotlarni sarflashga moʻljallangan omborxonaning umumiy keltirilgan sigʻimi mazkur jadvalda keltirilgan sigʻimdan ortiq boʻlmasligi, bunda keltirilgan sigʻim quyidagicha aniqlanishi kerak: yengil alangalanuvchi neft mahsulotining 1 m3 yonuvchan neft mahsulotining 5 m3 ga tenglashtiriladi hamda yer ustida saqlashda rezervuarlar va idishlar hajmining 1 m3 yer ostida saqlashda rezervuarlar va idishlar hajmining 2 m3 ga tenglashtiriladi;
2. Umumiy keltirilgan sigʻimni aniqlashda quyidagilar hisobga olinmaydi:
oraliq rezervuarlar (quyish-toʻkish estakadalari yonidagi);
oqib tushgan neft mahsulotlari yigʻiladigan rezervuarlar ishlab chiqarish kanalizatsiyasi yoki ishlab chiqarish va yomgʻir suvlari oqiziladigan kanalizatsiyada tutib qolingan neft mahsulotlari yigʻiladigan rezervuarlar (jadvalda koʻrsatilganidan kattaroq sigʻimli ikkinchi guruh omborxonalarini loyihalash I guruh omborxonalarini loyihalash talablari boʻyicha amalga oshirilishi kerak).
217. I va II darajali olovga bardoshli ishlab chiqarish binolarida mazkur SHNQning 7-jadvalida keltirilgan miqdorlarda neft mahsulotlari saqlashga yoʻl qoʻyiladi.
218. Ikkinchi guruh omborxonalarida neft mahsulotlarini saqlash va taqsimlash xonalari, neft mahsulotlarini idishlarda va rezervuarlarda saqlash omborning xonalari, moy regeneratsiya qurilmalari, mahsulot nasoslari, quyish, qadoqlash va tarqatish xonalari, idish yuvish, emulsol qaynatish, tozalovchi materiallar regeneratsiyasi, boʻsh idishlarni saqlash, laboratoriyalarni ushbu SHNQning 11-bandiga asosan bitta binoda joylashtirilishi kerak.
219. Mahsulot haydash nasoslari hamda neft mahsulotlarini idishlarda va rezervuarlarda saqlash xonalari qolgan xonalardan olovbardoshlik chegarasi kamida 0,75 h boʻlgan yonmaydigan toʻsiqlar bilan ajratilishi lozim.
Mazkur toʻsiqlarning eshik oʻrinlarida olovbardoshlik chegarasi kamida 0,6 h boʻlgan oʻzi yopiluvchi eshiklar va balandligi 0,05 m boʻlgan ostonalar (pandus) boʻlishi zarur.
Izohlar:
1. Sarf rezervuarlari motor sinash stansiyalaridan tashqarida oʻrnatilishi kerak.
2. Yengil alangalanuvchi neft mahsulotlari uchun birlik va umumiy sigʻimi 1 m3 dan ortiq hamda yonuvchi neft mahsulotlari uchun birlik va umumiy sigʻimi 5 m3 dan ortiq boʻlgan yer usti sarf rezervuarlaridan (ishlab chiqarish binolariga oʻrnatiladigan va sarf oboriga tegishli boʻlgan) mazkur mahsulotlarni oqizish uchun avariya yer soti rezervuar yoki ushbu mahsulotlarni mahsulot nasosi yordamida omborning asosiy rezevurlariga oqizish (boʻshatish) nazarda tutilishi kerak.
3. Avariya rezervuari (uning ichiga neft mahsulotlari oʻz oqimi bilan oqib tushadi) eshik, deraza oʻrinlari va boshqa oraliqlarga ega boʻlmagan devordan kamida 1 m masofada hamda eshik, deraza oʻrinlari va boshqa oraliqlarga ega boʻlgan devorlardan 5 m masofada (bino tashqarisida) yer ostiga joylashtirilishi zarur. Neft mahsulotlari omborning asosiy rezervuarlariga oʻz oqimi bilan oqib tushganda maxsus avariya rezervuarini loyihalamaslikka yoʻl qoʻyiladi. Avariya rezervuarining hajmi (sigʻimi)sarf omborining ishlab chiqarish binolariga oʻrnatiladigan barcha sarf rezervuarlari jamlangan sigʻimining 30 foizidan kam boʻlmasligi va eng katta rezervuar sigʻimidan kam boʻlmasligi kerak.
4. Sarf rezervuarlarini avariya rezervuari bilan ulaydigan har bir avariya quvur oʻtkazgichida bino tashqarisida yoki birinchi qavatda (tashqariga chiqish eshigi yaqinida) oʻrnatiladigan yopish qurilmasi boʻlishi kerak.
5. Neft mahsulotlari oʻz oqimi bilan oqadigan avariya quvuroʻtkazgichlarini ular ichidan alanga koʻchishining oldini oluvchi qurilmalar bilan jihozlash va mazkur quvuroʻtkazgichlarning diametri 100 mm dan kam boʻlmasligi lozim. Avariya vaqtida neft mahsulotlarining oqizilishini taʼminlaydigan mahsulot nasoslarini rezervuarlar joylashgan xonalardan ajratilgan alohida xonaga joylashtirish lozim.
6. Moylar saqlanadigan rezervuarlar va idishlar yertoʻla xonalarida joylashtirilganda ularning miqdorini 400 m3 gacha oshirishga yoʻl qoʻyiladi.
7. Yengil alangalanuvchi va yonuvchan neft mahsulotlarining bugʻlarini rezervuardan ushbu rezervuar oʻrnatilgan xonaga chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
220. Omborxonalardan korxonalarning turar joy va jamoat binolarigacha masofani SHNQ 2.07.01-23 ga muvofiq belgilash kerak.
221. Korxonalarning toʻsilgan maydonchalarida joylashgan omborxonalar alohida toʻsiqqa ega boʻlmasligi lozim.
222. Neft mahsulotlari uchun yer usti rezervuarlaridan omborxonalarning binolari va boshqa inshootlarigacha masofa quyidagi 8-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izohlar:
1. Jadvalning 1 va 2-bandlarida keltirilgan masofalarni yer osti rezervuarlari holida 50 foizga kamaytirish kerak.
2. Yonuvchan neft mahsulotlari yer osti rezervuarlaridan hamda alangalanish harorati 120 °S dan yuqori boʻlgan neft mahsulotlari uchun yer usti rezervuarlaridan mahsulot nasos stansiyalarigacha masofalar normalanmaydi;
3. Yer osti rezervuarlarini boshqarish va nazorat qilish punktlari xonalarini shu rezervuarlarga bevosita yaqin joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
223. Sarf omborlarida mahsulot nasos stansiyalari va neft mahsulotlarini idishlarda saqlashga moʻljallangan omborxona binolaridan yengil alangalanuvchi neft mahsulotlari uchun moʻljallangan quyish-toʻkish qurilmalarigacha boʻlgan masofa kamida 10 m, yonuvchan neft mahsulotlari uchun moʻljallangan quyish-toʻkish qurilmalarigacha boʻlgan masofa 8 m boʻlishi kerak.
224. Yer usti rezervuarlaridan, neft mahsulotlarini idishlarda va rezervuarlarda saqlashga moʻljallangan omborxona binolaridan, mahsulot nasos stansiyalaridan, temir yoʻl va avtomobil sisternalari uchun oqizish, qadoqlash va tarqatish, toʻkish-quyish qurilmalaridan, neft mahsulotlari uchun quyish (oraliq) rezervuarlaridan temir yoʻl va avtomobil yoʻllarigacha boʻlgan masofa ushbu SHNQning 9-jadvaliga muvofiq belgilanishi lozim.
225. Sarf omborining neft mahsulotlarini tarqatish ustunlari (kolonkalari)dan korxonaning binolari va inshootlarigacha boʻlgan masofa ushbu SHNQning 10-jadvaliga muvofiq belgilanishi zarur.
226. Aholi punktlaridan tashqarida, shuningdek yogʻoch tayyorlash hududlarida joylashgan korxona va qurilish maydonchalarida 12 m3 dan ortiq boʻlmagan miqdorda yengil alangalanuvchi neft mahsulotlarini saqlash uchun moʻljallangan inshootlarni yoki 60 m3 dan ortiq boʻlmagan miqdorda yonuvchi neft mahsulotlarini saqlash uchun moʻljallangan inshootlarni kamida 0,2 m qalinlikda zichlangan grunt qatlami bilan yopish zarur.
Izohlar:
1. Yer osti rezervuarlari holida jadvalda koʻrsatilgan masofalarni 50 foizga kamaytirish kerak.
2. Alangalanish harorati 120 °S dan yuqori boʻlgan idishlardagi neft mahsulotlari uchun omborxona binolaridan korxonaning ichki temir yoʻl izlarigacha masofani qurilmalarning temir yoʻl izlariga yaqinlashish oʻlchamlariga koʻra GOST 9238-2013 ga muvofiq qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Izoh. Lokomotivlarni taʼminlash uchun suyuq yoqilgʻi va moylar tarqatish ustunlarini qurilmalarning temir yoʻl izlariga yaqinlashish oʻlchamlariga rioya qilgan holda GOST 9238-2013 boʻyicha joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
227. Ikkinchi guruh omborxonalarida rezervuarlarni sovutish va yongʻinni oʻchirish uchun suv berishni korxonaning tashqi suv oʻtkazgichidan beriladigan suvning hisoblangan sarfini hamda tarmoqda zaruriy erkin qisuv taʼminlanganda yoki ushbu SHNQning 149-bandiga muvofiq taʼminlanishi kerak.
228. Ikkinchi guruh omborxonalarini loyihalashda ushbu bob talablaridan tashqari birinchi guruh III-toifa omborxonalarini loyihalashda mazkur SHNQning 31-bandi hisobga olinishi lozim.
14-bob. Neft va neft mahsulotlari omborlarida yongʻin xavfsizligi talablari
1-§. Yongʻin signalizatsiyasi tizimlari
229. Binolar, inshootlar, xonalar hamda omborlar avtomatlashtirilgan yongʻin signalizatsiyasi qurilmalari bilan jihozlanishi kerak.
230. Omborlar qoʻlda boshqariladigan yongʻin xabarlagichli elektr yongʻin signalizatsiya tizimi bilan jihozlanishi lozim.
231. Ombor hududida qoʻl yongʻin xabarlagich signalizatsiyasi quyidagilar uchun oʻrnatilishi zarur:
portlash, portlab-yonish va yongʻin xavfi boʻyicha A, B, va V toifalardagi binolar uchun binolarning tashqarisida, kirish joylarida va perimetr boʻylab har 50 m dan koʻp boʻlmagan masofada;
rezervuar parklari va neft mahsulotlarini idishlarda saqlash uchun moʻljallangan ochiq maydonlarda toʻsiq (toʻsuvchi devor) perimetri boʻylab har 150 m dan koʻp boʻlmagan masofada;
chaqnash harorati 120 °S dan yuqori boʻlgan neft mahsulotlari va boshqa neft mahsulotlarini saqlash joylarida 100 m dan ortiq boʻlmagan masofada;
toʻkish-quyish estakadaning chekkalarida va uning uzunligi boʻylab kamida har 100 m da, biroq ikkitadan kam boʻlmagan holda estakadalarga xizmat koʻrsatish zinalari yonida;
portlovchi va yongʻin xavfi boʻlgan tashqi texnologik qurilmalarda sanoat tarmoqlarini oʻrnatish perimetri boʻylab 100 m dan oshmagan holda;
qoʻlda boshqariladigan yongʻin detektorlari 5 m dan ortiq boʻlmagan masofada;
parkning qulash chegarasidan yoki tashqi chegarasidan hamda quyish va toʻldirish estakadalaridan 20 m dan oshmaydigan masofada.
232. Yongʻin signalizatsiyasi tizimining qabul qilish va boshqarish moslamalari omborga, sutka davomida navbatchilikni olib boruvchi xodimlar joylashgan xonaga joylashtirilishi zarur.
Yongʻin va boshqa favqulodda vaziyatlar haqida xabar berish tizimlari SHNQ 2.04.09-07 talablariga muvofiq loyihalanishi lozim.
2-§. Yongʻinni oʻchirish va suv bilan sovutish tizimlariga qoʻyiladigan umumiy talablar
233. Omborlarda yongʻinga oʻchirish va suv bilan sovutish tizimlari loyihalanishi lozim.
234. Omborxonalarning bino hamda inshootlari uchun yongʻin oʻchirish va sovutish tizimlarini loyihalashda yongʻinga qarshi suv oʻtkazmasi (vodoprovod) tarmoqlari va ushbu tarmoqlar uchun moʻljallangan inshootlarga qoʻyiladigan talablar inobatga olinishi kerak.
235. Hajmi 5000 m3 va undan ortiq yer usti neft hamda neft mahsulotlari rezervuarlari, shuningdek ushbu SHNQning 239-bandida keltirilgan binolar va omborxonalar uchun yongʻinni avtomatik oʻchirish tizimlari loyihalanishi zarur.
236. III toifa omborlarida 5000 m3 hajmdagi ikkita yer usti rezervuarlari mavjud boʻlganda, ushbu rezervuarlardagi yongʻinni (rezervuarlarga statsionar qurilmalarni oʻrnatish sharti bilan) alanga oʻchiruvchi moddani uzatib berish uchun mobil vositalar (koʻpik generatorlari, koʻpik purkagich yoki karbonad angidridni uzatish moslamalari, boshqa qurilmalar) va toʻsiq tashqarisiga chiqarilgan quruq quvuroʻtkazgichlardan foydalanib oʻchirish lozim.
237. I va II toifadagi omborlarda 5000 m3 va undan ortiq hajmdagi yer osti rezervuarlari, temir yoʻl va avtomobil sisternalari uchun quyish-toʻldirish qurilmalari uchun statsionar yongʻin oʻchirish moslamalari (avtomatik boʻlmagan) loyihalanishi zarur.
238. Och rangli neft mahsulotlarini temir yoʻl sisternalariga avtomatlashtirilgan holda quyishga moʻljallangan qurilmalarni loyihalashda ushbu sisternalarni yongʻinga qarshi himoyalash uchun quyish zonasida avtomatlashtirilgan statsionar oʻt oʻchiruvchi moddaning qopqogʻi germetik yopiladigan sisternaning bevosita boʻgʻzigacha toʻlishini taʼminlaydigan (masalan, karbonad angidrid, azot yoki boshqa neytral gazli) oʻt oʻchirish tizimi inobatga olinishi zarur.
239. Binolar, inshootlar, neft va neft mahsulotlarini saqlash binolari hamda uskunalari avtomatlashtirilgan yongʻinga qarshi qurilmalar bilan jihozlanishi zarur.
Yongʻinga qarshi qurilmalarni boshqarish apparaturasiga, signalizatsiyaga qoʻyiladigan umumiy talablar, yongʻin xabarlagichlari turlarini tanlash, yongʻin signalizatsiyasining nazorat zonalarini tashkil etishga qoʻyiladigan talablar, xabarlagichlarni joylashtirish, yongʻin signalizatsiyasi tizimlarining bino hamda inshootlarning texnologik va elektrotexnik uskunalari bilan oʻzaro bogʻliqligi SHNQ 2.04.09-07 ga muvofiq belgilanishi lozim.
240. Omborlarning bino va inshootlari ushbu SHNQning 11-jadvalida keltirilgan avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
241. Hajmi 5000 m3 boʻlgan yer osti va yer usti rezervuarlari, maydonchalarda joylashgan mahsulot nasos stansiyalari, III toifa omborlaridagi temir yoʻl va avtomobil sisternalari uchun toʻkish-quyish estakadalarida, shuningdek omborlarning ushbu SHNQning 239-bandida keltirilgan binolari va xonalari uchun (ushbu xonalarning maydonlari hamda nasos stansiyalarining unumdorligi ushbu SHNQning 11-jadvalida keltirilganlardan kam boʻlmaganda) modulli yongʻin oʻchirish vositalari boʻlishi kerak.
Bunda, hajmi 1000 dan 5000 m3 gacha boʻlgan rezervuarlarda oʻt oʻchirish moddasini uzatish qurilmalari (koʻpik generatorlari, koʻpik chiqargichlar yoki karbonad angidridni yetkazib berish uchun nasadkalar) oʻrnatilgan boʻlishi, ushbu qurilmalar quruq quvuroʻtkazgichlarga va gruntli toʻsiqdan tashqarida joylashgan boʻlishi lozim.
242. Avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlangan binolar va xonalarda ichki yongʻinga qarshi suv oʻtkazmasi (vodoprovod) boʻlmasligiga yoʻl qoʻyiladi.
243. Koʻpik hosil qiluvchi moddaning va eritma tayyorlash uchun suvning zaxirasini (yongʻinni oʻchirish qurilmasining turidan qatʼiy nazar) bitta yongʻin uchun eritmaning uch baravar (karra) sarflanishini hisobga holda belgilash zarur.
244. Hajmi 5000 m3 va undan ortiq boʻlgan yer usti rezervuarlari statsionar sovutish qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
245. Yonmaydigan materiallardan tayyorlangan issiqlik izolyatsiyasiga ega boʻlgan rezervuarlar uchun statsionar sovutish qurilmasi yongʻinga qarshi suv oʻtkazmasi (vodoprovod)ga ulamaslikka yoʻl qoʻyiladi, bunda quruq quvuroʻtkazgichlarni gruntli toʻsiqlardan tashqariga chiqarish va ularni biriktiruvchi kallaklar hamda boshi berk yopgich (zaglushka)lar bilan jihozlash zarur.
246. Hajmi kamida 5000 m3 boʻlgan yer usti va hajmi 400 m3 dan katta boʻlgan yer osti rezervuarlarini modulli yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan sovutish kerak.
I va II toifa omborlarida temir yoʻl sisternalarini, estakadalardagi toʻkish-quyish qurilmalarini sovutish uchun statsionar tashish dastaklari bilan taʼminlash zarur.
247. Hajmi 5000 m3 dan kichik boʻlgan rezervuarlar joylashtirilgan III toifa omborlarida yongʻinga qarshi suv suv oʻtkazmasi (vodoprovod)ni loyihalamaslikka yoʻl qoʻyiladi, yongʻinga qarshi sigʻim (rezervuar)lardan yoki ochiq sunʼiy va tabiiy suv havzalaridan mobilli yongʻin oʻchirish vositalari yordamida sovutish va yongʻin oʻchirishga suv berilishi lozim.
248. Ombordagi yongʻinni oʻchirishga hisoblangan suv sarfi uchun quyidagi sarflardan eng yuqorisi qabul qilinishi kerak:
rezervuarlardagi yongʻinni oʻchirish va ularni sovutish uchun (bitta rezervuardagi yongʻinni oʻchirish uchun eng koʻp sarfidan kelib chiqqan holda);
temir yoʻl sisternalari, toʻkish-quyish qurilmalari hamda estakadalardagi yongʻinni oʻchirish va ularni sovutish yoki avtomobil sisternalari uchun toʻkish-quyish qurilmalaridagi yongʻinni oʻchirish uchun;
ombor binolaridan biridagi tashqi va ichki yongʻinni oʻchirish uchun.
249. Oʻchirish vositalarining sarfi neft va neft mahsulotlarini oʻchirish uchun ularni zarur boʻlgan hisobiy maydonining 1 m2 yuzasiga yetkazib berish intensivligidan kelib chiqqan holda aniqlanishi zarur.
250. Hisobiy oʻchirish maydoni quyidagiga teng qilib qabul qilinishi kerak:
turgʻun (statsionar) qopqoqli yer usti vertikal rezervuarlarda, pontonli rezervuarlarda — rezervuar gorizontal kesimining maydoniga;
suzuvchi qopqoqli rezervuarlarda — rezervuar devori va koʻpikni cheklash uchun toʻsiq orasidagi halqa koʻrinishidagi boʻshliq (fazo) maydoniga (koʻpikni yuqoridan beradigan avtomatlashtirilgan yongʻin oʻchirish qurilmalarini hisoblashda) va rezervuar gorizontal kesimining maydoniga (uygʻunlashgan yongʻin oʻchirish qurilmalarini hisoblashda (oʻt oʻchirish moddasi yuqoridan berilganda) yoki mobilli yongʻin oʻchirish vositalari qoʻllanilganda);
gorizontal rezervuarlarda — rezervuarning rejadagi maydoniga;
har birining hajmi 400 m3 gacha va umumiy sigʻimi 4000 m3 gacha boʻlgan guruhlab bitta maydonda joylashgan rezervuarlar uchun — ushbu guruh toʻsigʻining chegarasi ichidagi maydonga, biroq bu maydon 300 m2 dan oshmasligi;
temir yoʻl toʻkish-quyish estakadalari uchun — inshoot, shuningdek temir yoʻl (yoʻllari)ning tashqi konturi boʻylab estakada maydoniga, biroq 1000 m2 dan oshmasligi;
avtomobil sisternalarining qoʻyish-toʻldirish qurilmalari uchun — yoqilgʻi quyish orolchalari egallab turgan maydonchaning maydoniga, biroq 800 m2 dan oshmasligi;
neft mahsulotlarini konteynerlarda saqlash uchun omborxona binolarida (ichki yongʻinni oʻchirish uchun) — eng katta ombor polining maydoniga;
mahsulot nasosi va kanalizatsiya nasosi stansiyalaridagi quyish, qadoqlash va sanoat binolaridagi ichki yongʻinni oʻchirish uchun — neft va neft mahsulotlari mavjud boʻlganda ushbu SHNQning 12-jadvalida keltirilganlardan eng katta xonaning maydoniga.
251. Yer usti vertikal rezervuarlarni sovutish uchun suv sarfini ushbu SHNQning 12-jadvaliga koʻra qabul qilingan suvni uzatish intensivligidan kelib chiqib aniqlash zarur.
Umumiy suv sarfi yonayotgan va guruhda unga qoʻshni boʻlgan rezervuarni sovutish uchun sarflangan suv miqdorining yigʻindisi sifatida aniqlanishi lozim.
252. Suv sarfini hisoblashda yonayotgan rezervuarga qoʻshni boʻlgan quyidagi yer usti rezervuarlarini sovutishga berilgan suv hisobga olinmaydi:
yonmaydigan materiallardan tayyorlangan issiqlik izolyatsiyasiga ega boʻlgan rezervuarlar, bunda maydonchada hajmi 10 000 m3 gacha boʻlgan rezervuarlar uchun kamida 800 m3 hajmda daxlsiz suv zaxirasi, hajmi 10 000 m3 dan yuqori boʻlgan rezervuarlar uchun 2000 m3 hajmda daxlsiz suv zaxirasi nazarda tutilishi, bunda hajmi 10 000 m3 dan yuqori boʻlgan rezervuarlar orasidagi masofa 40 m gacha oshirilishi;
yonayotgan rezervuardan ikkita meʼyoriy masofadan ortiq masofada joylashganligi.
253. Hajmi 100 m3 va undan ortiq boʻlgan yer usti gorizontal (yonayotgan va ularga qoʻshni boʻlgan) rezervuarlarni sovutish uchun umumiy suv sarfi kamida 20 l/s ga teng qilib belgilanishi lozim.
254. Yer osti (yonayotgan va ularga qoʻshni boʻlgan) rezervuarlarini sovutish uchun umumiy suv sarfi eng katta rezervuar hajmiga teng qilib belgilanishi lozim:
400 dan yuqori va 1000 m3 gacha — 10 l/s;
1000 dan yuqori va 5000 m3 gacha — 20 l/s;
5000 dan yuqori va 30000 m3 gacha — 30 l/s;
30000 dan yuqori va 50000 m3 gacha — 50 l/s.
255. Temir yoʻl sisternalari, estakadalardagi toʻkish-quyish qurilmalarini lafetli dastaklar bilan sovutish uchun umumiy suv sarfini bir vaqtning oʻzida ikkita lafetli dastakning ishlashini hisobga olgan holda kamida 40 l/s ga teng qilib belgilash kerak.
256. Lafet dastaklarining soni va joylashishini temir yoʻl sisternalari hamda estakadaning har bir nuqtasini ikkita ixcham oqim bilan sugʻorish shartidan kelib chiqib aniqlash lozim.
257. Lafet dastaklarini estakada temir yoʻllaridan kamida 15 m masofada oʻrnatish zarur.
258. Statsionar oʻt oʻchirish lafet dastaklarini yongʻin paytida issiqlikning tarqalish tezligini kamaytiruvchi himoya ekranlari bilan jihozlashga yoʻl qoʻyiladi.
259. Yongʻin sodir boʻlganda yongʻinga qarshi suv taʼminoti tarmogʻining erkin bosimi quyidagicha belgilanishi kerak:
rezervuarlarni statsionar qurilma bilan sovutishda — sugʻorish halqasining texnik tavsifi boʻyicha, biroq halqa (yarim halqa, seksiya) oxirgi teshigining sathida kamida 10 m;
rezervuarlarni mobil oʻt oʻchirish vositalari bilan sovutishda — oʻt oʻchirish dastaklarining texnik tavsifi boʻyicha, biroq kamida 40 m.
260. Rezervuarlarni (yonayotgan va unga qoʻshni boʻlgan rezevuarlarni) sovutishning hisobiy davomiyligi quyidagicha belgilanishi lozim:
yongʻinni avtomatlashtirilgan tizim bilan oʻchirishda yer usti rezervuarlari uchun — 4 h;
yongʻinni mobil oʻt oʻchirish vositalari bilan oʻchirishda yer usti rezervuarlari uchun — 6 h;
yer osti rezervuarlari uchun — 3 h.
261. Yongʻinga qarshi sigʻimlardagi daxlsiz suv zaxirasining tiklanish vaqti yongʻindan keyin 96 h dan oshmasligi zarur.
262. Rezervuarlar, nasos stansiyalari, neft mahsulotlarini idishda saqlash uchun omborxona binolari, quyish, qadoqlash xonalarida hamda rezervuarlar statsionar sovutish qurilmalari bilan jihozlanganda oʻt oʻchirish postlari yoki oʻt oʻchirish jihozlari uchun xonalar loyihalanishi lozim:
umumiy sigʻimi 100 ming m3 gacha boʻlgan omborlarda — yongʻin oʻchirish uskunalari (jihozlari) va yongʻin motopompalari uchun kamida 20 m2 maydonga ega boʻlgan xona;
umumiy sigʻimi 100 dan yuqori va 500 ming m3 gacha omborlarda — bitta avtomobil oʻt oʻchirish posti (zaxira avtomobil uchun boksga ega boʻlgan);
umumiy sigʻimi 500 ming m3 dan ortiq boʻlgan omborlarda — ikkita avtomobil uchun oʻt oʻchirish posti.
263. Rezervuarlar, bino va inshootlardagi yongʻinni statsionar tizim (avtomatlashtirilmagan) va (yoki) modulli yongʻin oʻchirish qurilmasi yordamida oʻchirish nazarda tutilgan omborlar uchun oʻt oʻchirish uskunalari (jihozlari) hamda oʻt oʻchirish texnikasi uchun oʻt oʻchirish depolari, postlari yoki xonalari (ularga ushbu texnikani joylashtirishni hisobga olgan holda) loyihalanishi kerak.
Seysmik hududlarda bino va inshootlar, yer osti omborlarini qurish, ularni seysmik taʼsirlarga hisoblash QMQ 2.01.03-19 talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlash, yongʻin tarqalishining oldini olish, oʻt oʻchirish va qutqaruv ishlarida SHNQ 2.01.02-04 talablariga, bino yoki inshootlarning portlab-yonish va yongʻin xavfi boʻyicha toifalari, tashqi qurilmalarning yongʻin xavfi boʻyicha toifalari SHNQ 2.01.19-22 ga muvofiq aniqlanishi lozim.
Rezervuar parki tarkibidagi rezervuarlarning geometrik oʻlchamlarini belgilashda, alohida rezervuarlar va ularning guruhlarini oʻzaro joylashtirishda QMQ 2.09.19-97 talablarini inobatga olish zarur.
15-bob. Atrof-muhit muhofazasi talablari
264. Omborxonalarni qurish jarayonida atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya qilish zarur.
265. Quriladigan omborxona va uning obyektlari hududlarida hamda ularga tutashgan hududlarda “yashil bogʻ” va “yashil belbogʻ”lar barpo etish kerak.
266. Obyektlar yaqinidagi yoʻl boʻylarida daraxt koʻchatlarini kamida 5 qator qilib ekish zarur.
SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 1-ILOVA
Omborlardan bino va inshootlarigacha boʻlgan masofa
Izohlar:
1. Jadvalda koʻrsatilgan masofalar quyidagicha aniqlanadi: binolar va inshootlar orasida (rezervuarlarni ham hisobga olgan holda) — tashqi devorlar orasidagi masofa tarzida;
umumiy tarmoq temir va avtomobil yoʻllarigacha — tegishli yoʻllar tasmasi chegarasigacha;
temir yoʻl sisternalari uchun quyish va taqsimlash qurilmalaridan — quyish va taqsimlash estakadali temir yoʻl izi oʻqidan boshlab;
maydonchalardan (ochiq yoki soyabon ostida avtomobil sisternalari, nasoslar, rezervuarlar va boshqalar uchun quyma-tarqatma qurilmalar) — bu maydonchalarning chegaralaridan boshlab.
2. Sigʻimi 50 ming m3 dan ortiq sigʻimli II toifa omborxonalarning binolaridan va inshootlaridan masofalarni ushbu jadvalning 1-bandi boʻyicha — 100 m, 6-bandi boʻyicha — 200 m qilib olish lozim.
3. Omborxonalarni oʻrmon massivlarida joylashtirishda, ushbu jadvalning 2-bandida koʻrsatilgan ignabargli oʻrmon massivigacha masofani ikki marta qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
4. Omborxonalar binolari va inshootlaridan torf ochiq joylashgan joylarigacha masofani, agar ushbu jadvalning 3-bandida koʻrsatilgan tegishli toifa omborxonalar binolari va inshootlarigacha masofaning yarmi chamasida ochiq yotgan torfni kamida 0,5 m qalinlikdagi grunt qatlami bilan yopish sharti bajarilganda ikki marta qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
5. Magistral neft oʻtkazgichlar va neft mahsulot oʻtkazgichlarining nasos stansiyalari rezervuar parklaridan korxonalar binolari va inshootlari, aholi punktlari va boshqa obyektlargacha masofani magistral quvuroʻtkazgichlarni loyihalashda nasos stansiyadan boshlab hisoblash kerak.
6. Neft va neft mahsulotlari binolari va inshootlaridan elektr qurilmalarigacha (RU, TP, PP.) masofalarni EQTQ muvofiq belgilash zarur;
7. Neft va neft mahsulotlarining ikkita yonma-yon joylashgan omborxonalaridan ushbu jadvalda koʻrsatilgan binolar, inshootlar va obyektlargacha masofani ularning toifasini har ikkala omborning yigʻindi sigʻimi boʻyicha aniqlagan holda, ushbu jadval boʻyicha aynan bitta omborxona deb qabul qilish kerak.
8. Jadvalda koʻrsatilgan masofalar chegarasida, omborxonalar hududlaridan tashqarida tilogʻoch navli daraxt-buta, bogʻdorchilik, polizchilik koʻchatlari oʻtqazish hamda yonmaydigan materiallarning ochiq omborxonalarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 2-ILOVA
Ombor bino va inshootlaridan oʻlchanadigan masofa
Izohlar:
1. Yer usti rezervuarlaridan binolar va inshootlargacha olovbardoshlik chegarasi kamida 2 h boʻlgan tutash (boʻsh oraliqlarsiz) devor tomonidan masofalarni 10 foizga kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
2. Har birining hajmi 5000 m3 dan kam boʻlgan III toifa omborxonalarining yer usti sigʻimlari uchun shu sigʻimlardan avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlangan binolar va inshootlargacha (jadvalning 4 va 6-bandlarida koʻrsatilganlardan tashqari) masofani 25 foizgacha qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
3. Yer osti rezervuarlaridan boshlab ushbu jadvalda koʻrsatilgan masofalarni 1 — 3, 5,7 va 9-bandlari boʻyicha 50 foizga qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
Yer ostidagi rezervuarlardan chuqurda joylashtirilgan mahsulot nasos stansiyalarigacha tutash (boʻsh oraliqlarsiz) devorlar tomonidan masofalarni 3 m gacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
4. Moylarni tortuvchi nasos agregatlarini moyli idishlardan 5 m masofada joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Portlashdan himoyalangan botirma elektr nasoslarni bevosita idishlar ichida joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
5. Neft va neft mahsulotlari rezervuarlaridan toza metall idishlar saqlanadigan maydonchalargacha, shuningdek kanalizatsiya tozalash inshootlaridan (neft tutqichlar, tindirgich hovuzlar va boshqalardan) yigʻgich-idishlargacha va ushbu inshootlardan olib ketiluvchi choʻkmalar maydonchalarigacha masofalar normalanmaydi.
6. Magistral neft oʻtkazgichlar stansiyasining ishlab chiqarish qobiliyati 10 000 m3/h va undan ortiq boʻlgan I toifa omborxonalaridagi nasos stansiyalari rezervuarlaridan ushbu jadvalning 6-bandida koʻrsatilgan masofalarni 80 m ga teng qilib qabul qilish kerak.
SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 3-ILOVA
Omborxona neft va neft mahsulotlarini tashish quvurlaridan boshlab gorizontal boʻylab oʻlchangan masofa
Izohlar:
1. Qavs ichida boʻsh oraliqlari boʻlmagan devor tomonidan binolar poydevorlarigacha masofa koʻrsatilgan.
2. Mazkur jadvalda koʻrsatilgan neft va neft mahsulotlari uchun quvuroʻtkazgichlardan temir yoʻl oʻqlarigacha, shuningdek ushbu jadvalning 1 va 2-bandlarida keltirilgan binolar hamda inshootlargacha masofalar tegishlicha temir yoʻl quyish-taqsimlash estakadalari quvuroʻtkazgichlari va bu quvuroʻtkazgichlar binolar hamda inshootlarga (tarmogʻiga) oid emas, issiqlik oʻtkazgichlargacha masofalar esa, neft, mazut va moy quvuroʻtkazgichlarining texnologik talablarida nazarda tutilgan isitish tizimlariga oid emas.
SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 4-ILOVA
Statsionar avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanadigan xonalar
