Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisida (4582-IV-son)
15.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrdagi faoliyat yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, parlament ishini tartibga soluvchi qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi asosida tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) siyosiy xilma-xillik, koʻppartiyaviylik, masalalarni erkin muhokama qilish, jamoa boʻlib hal etish, ochiqlik va oshkoralik, jamoatchilik fikrini hisobga olish kabi asosiy prinsiplarga tayanib ish olib bordi.
Qonunchilik palatasining vakolatlari doirasidagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida 2024-yildagi faoliyatning asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi.
Hisobot davrida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jihatdan yanada rivojlantirish, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini mustahkamlash borasidagi islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Qonunchilikka tashabbus koʻrsatish imkoniyatlarini yanada oshirish maqsadida qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibi yoʻlga qoʻyildi. Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan qonunchilikka taklif kiritish institutidan ilk bor foydalanilib, Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga qoʻshimcha kiritish boʻyicha taklif kiritildi.
Milliy qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablari asosida takomillashtirish va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Qonun ijodkorligi faoliyati boʻyicha dastur qabul qilindi.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasi tomonidan jami 110 ta qonun loyihasi va 1 ta qonunchilikka taklif koʻrib chiqildi. 48 ta qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborildi. Shundan 4 tasi yangi, 22 tasi yaxlit, 13 tasi jamlanma (29 ta qonun loyihasini oʻz ichiga olgan) va 9 tasi ratifikatsiya qilishga doir qonunlardir.
Oʻtgan davrda deputatlarning qonun ijodkorligi faoliyati natijadorligi yanada oshib, ular tashabbusi bilan kiritilgan qonun loyihalarining salmogʻi ortdi. Xususan, 2023-yilning birinchi yarim yilligida deputatlar tashabbusi bilan jami 6 ta qonun loyihasi kiritilgan boʻlsa, joriy yilning mos davrida bu koʻrsatkich 16 tani tashkil etdi.
Davlat organlari va ular mansabdor shaxslari tomonidan qonunlarning ijro etilishi, davlat dasturlarining soʻzsiz bajarilishi, oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishiga doir faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazorati olib borildi.
Xususan, Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat aʼzolarining va davlat organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti 17 marotaba eshitildi (“parlament eshituvi”), mansabdor shaxslarga 8 ta parlament soʻrovi hamda 90 ta deputat soʻrovi yuborildi. Shuningdek Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan 69 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi, 16 ta qonunning ijro etilish holati hududlarga chiqqan holda oʻrganildi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining taklifi bilan 4 marotaba “hukumat soati” tashkil etildi. Ularda togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri, raqamli texnologiyalar vaziri, madaniyat vaziri hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri saylovchilar tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalar yuzasidan deputatlar savollariga javob berdi.
Davlat budjetining samarali bajarilishi, budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatilib, hukumatning Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitib borildi.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasining 28 ta majlisi oʻtkazilib, ularda qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatiga hamda boshqa yoʻnalishlarga oid jami 236 ta masala koʻrib chiqildi.
Deputatlar har oyning oxirgi haftasida oʻz saylov okruglarida boʻlib, fuqarolar bilan qator uchrashuvlar hamda muloqotlar oʻtkazdilar. Saylovchilar ishtirokida tashkil etilgan 2,5 mingdan ortiq uchrashuvlar davomida 54 mingdan ziyod fuqaro, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining 4,3 mingdan ortiq vakillari qamrab olindi.
Qonunchilik palatasi deputatlari mamlakatimiz Prezidentining hududlarga tashriflari davomida belgilangan ustuvor vazifalarning bajarilishi ustidan jamoatchilik va deputat nazoratini amalga oshirish, bu borada mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish hamda ularga amaliy koʻmak koʻrsatish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdilar.
Qonunchilik palatasining xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari izchil davom ettirildi. Jumladan, Qonunchilik palatasida 26 ta chet el delegatsiyasi qabul qilindi, Turkiya, Singapur, Gruziya, Misr, Malayziya va Tojikiston davlatlari parlamentlarining rahbarlari mamlakatimizga tashrif buyurib, ular bilan qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Shuningdek Qatar, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qirgʻiziston, Avstriya va Shvetsiya davlatlari parlamentlari bilan parlamentlararo guruhlarning yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.
Qonunchilik palatasining faoliyatidan jamoatchilik xabardorligini yanada oshirish, qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati haqida ishonchli, tezkor axborot yetkazishga ustuvor ahamiyat berildi. Xususan, Qonunchilik palatasining majlislari hamda “hukumat soati” tadbirlari palataning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari hamda YouTube videoxostingidagi kanali orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yoritib borildi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi faoliyatida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan muayyan masalalar ham mavjud ekanligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini yanada oshirishga, shu jumladan, ulardagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirish va havolaki normalarini amalga oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, saylovchilarni oʻylantirayotgan, joylarda dolzarb boʻlib turgan masalalarni parlament nazoratining taʼsirchan shakllaridan foydalangan holda hal etish boʻyicha tashabbuskorlikni kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Qoʻmitalar tomonidan qonunlarning ijro etilish holatini hududlarga chiqqan holda nazorat-tahlil tartibida oʻrganib borishga eʼtiborni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek muhim soha va yoʻnalishlar boʻyicha nazorat-tahlil tadbirlarining yakunlariga bagʻishlangan qoʻmita majlislarini hududlarda oʻtkazish amaliyotini yanada kengaytirish hamda ushbu jarayonga ekspert guruhlarini ham keng jalb etish kerak.
Qonun loyihalari yuzasidan jamoatchilik muhokamalarini oʻtkazish borasidagi amaliyotni yanada kengaytirish, muhokamalar davomida aholining takliflarini olish hamda ulardan loyihalarni maromiga yetkazishda samarali foydalanishga alohida eʼtibor berilishi zarur.
Qonunchilik palatasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritish ishlarini yanada kuchaytirish taqozo etilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin (ilova qilinadi).
2. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
oʻz partiyalarining dasturiy maqsad va vazifalaridan hamda elektorat tomonidan koʻtarilayotgan masalalardan kelib chiqib, fraksiya aʼzolari tomonidan qonun loyihalarini ishlab chiqish va Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha tashabbuskorlikni yanada oshirish;
qonun loyihalari yuzasidan joylarda partiya elektorati ishtirokida jamoatchilik muhokamalarini oʻtkazish, aholining takliflarini olish va ulardan loyihalarni maromiga yetkazishda foydalanish amaliyotini yanada kengaytirish;
saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni, joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda parlament nazoratining taʼsirchan shakllaridan unumli foydalanishga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
3. Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini yanada oshirish, ulardagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirish va havolaki normalarini amalga oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatishga ustuvor ahamiyat qaratish;
qonunlarning ijro etilishi, qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqqan holda nazorat-tahlil tartibida oʻrganish borasidagi faoliyatni yanada kuchaytirish;
nazorat-tahlil tadbirlarining yakunlariga bagʻishlangan qoʻmita majlislarini hududlarda oʻtkazish amaliyotidan unumli foydalanish hamda ushbu jarayonga ekspert guruhlarini ham keng jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish choralarini koʻrsin.
4. Parlament axborot markazi (M. Parmanova) Qonunchilik palatasining 2024-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisiga kiritilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-iyul,
4582-IV-son
