“Tabiat uygʻunligi himoyachisi” va “Eng toza mahalla” tanlovlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (514-son)
16.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 4-yanvardagi PF-5-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, chiqindi va tozalash ishlari sohalari xodimlarini ragʻbatlantirish hamda mahallalarni toza va chiqindilardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 4-yanvardagi PF-5-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining:
a) sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi, uzoq vaqt (kamida 10 yil) va sadoqatli mehnat qilgan ishchilari uchun har yili “Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovini oʻtkazish;
b) har yili “Eng toza mahalla” tanlovini oʻtkazish va tanlovda gʻolib boʻlgan 14 ta mahallaga Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
mahallaning tegishli jamgʻarmasiga chiqindi yigʻish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlarini oʻrnatish va daraxtlarni ekish uchun jami 500 mln soʻmdan oʻtkazib berish;
xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil xarid qilish va topshirish choralarini koʻrish;
v) sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi ishchilariga, ekofaollarga hamda jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har oy 100 tadan velosiped va boshqa mukofotlarni berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Eng toza mahalla” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
2024-yil 1-sentabrdan boshlab sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi ishchilari, shuningdek, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilarining 100 nafarini har oyda bir marta velosiped va boshqa mukofotlar bilan taqdirlash amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
ikki oy muddatda sanitar tozalash korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalari ishchilari, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilarini har oyda taqdirlash tartibi hamda baholash mezonlarini tasdiqlasin va vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlar doirasida:
xarajatlar Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
davlat xaridlari qonunchilikda belgilangan xarid qilish tartib-taomillari natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi 2025-yil 31-dekabrga qadar manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda 2024-yil tajribasidan kelib chiqib, mazkur qaror bilan belgilangan ragʻbatlantirish choralariga oid maʼlumotlarni va ushbu ragʻbatlantirish tadbirlarini keyingi yillarda davom ettirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda Ekologiya jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining balanslashganligi hamda dolzarb xarajatlar ustuvor ravishda moliyalashtirilishi inobatga olinsin.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ushbu qaror ijrosi bilan bogʻliq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-avgust,
514-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-avgustdagi 514-son qaroriga 1-ILOVA
“Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi uzoq vaqt (kamida 10 yil) va sadoqatli mehnat qilgan xodimlari oʻrtasida “Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tanlov tashkilotchisi hisoblanadi.
3. Quyidagilar tanlovni oʻtkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi orasida ekologik bilim va madaniyatni targʻib qilish;
aholining tabiatni asrash borasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish;
chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish;
chiqindilarning aholi salomatligiga va atrof-muhitga salbiy taʼsirining oldini olish;
sohada koʻp yillar sadoqat bilan faoliyat yuritib kelayotgan xodimlar mehnatini munosib ragʻbatlantirish;
koʻp yillar faoliyat yuritib kelayotgan soha xodimlarining farzandlari va nevaralarining taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash.
4. Tanlov ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
2-bob. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish tartibi
5. Vazirlik har yili 1-sentabrga qadar tanlov haqida oʻz rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon beradi.
6. Tanlovni oʻtkazish uchun har yili sentabr oyida quyidagi tarkibda komissiya tashkil etiladi:
Vazirlikning tegishli sohaviy tarkibiy boʻlinmasiga rahbarlik qiluvchi oʻrinbosari — rais;
Vazirlik markaziy apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmasi boshligʻi — rais oʻrinbosari;
Vazirlik markaziy apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmasi xodimi (1 nafar);
Vazirlik huzuridagi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi xodimi (1 nafar);
sohaviy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari (2 nafar);
Vazirlik markaziy apparatining tegishli sohaviy tarkibiy boʻlinmasi xodimi — kotib.
7. Komissiya reglamenti Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri (keyingi oʻrinlarda — vazir) tomonidan tasdiqlanadi.
8. Tanlovda ishtirok etish uchun:
sanitar tozalash korxonalari — chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan xodimlar orasidan;
obodonlashtirish boshqarmalari — tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi xodimlar orasidan uzoq vaqt (kamida 10 yil) faoliyat yuritgan 3 nafardan nomzodlarni tavsiya etgan holda, 1-oktabrga qadar Vazirlikka ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda umumiy ragʻbatlantirish kvotasi teng taqsimlanishi hamda yoʻnalishlar boʻyicha taqsimot ellik foizdan oshmasligi ustuvor sifatida belgilanadi.
9. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
nomzodning biometrik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) nusxasi;
3x4 sm hajmdagi rangli fotosurati;
maʼlumotnomasi (obyektivka);
soʻnggi uch yil davomidagi faoliyati, shu jumladan, alohida tashabbuslari aks ettirilgan tavsifnoma;
farzandi yoki nevarasining toʻlov-kontrakt asosida davlat oliy taʼlim muassasasida taʼlim olayotganligi haqida maʼlumotnoma va shartnoma nusxasi;
davlat oliy taʼlim muassasasida taʼlim olayotgan shaxsning nomzodga qarindoshligini tasdiqlovchi maʼlumot;
nomzodning ushbu Nizomga 2-ilovada nazarda tutilgan mezonlarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Vazirlik tegishli tashkilotlar orqali mazkur maʼlumotlarning haqiqiyligini tekshirish huquqiga ega.
10. Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik ularni taqdim etilgan tashkilot rahbari zimmasiga yuklanadi.
11. Tanlov ishtirokchilari ushbu Nizomga 2-ilovadagi baholash mezonlariga muvofiq baholanadi.
12. Komissiya taqdim etilgan hujjatlarni 1-noyabrga qadar komissiya yigʻilishida koʻrib chiqadi, belgilangan tartibda xolisona baholaydi hamda ballar ketma-ketligida eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan 100 nafar nomzodni gʻolib deb topadi.
Komissiyaning qarori uning yigʻilishi bayoni bilan tasdiqlanadi.
3-bob. Tanlov gʻoliblarini taqdirlash tartibi
13. Komissiya yigʻilishining bayoni asosida 15-noyabrga qadar vazirning tanlov gʻoliblarini taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinadi.
14. Tanlov gʻoliblari 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida vazir yoki uning koʻrsatmasiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar tomonidan tantanali tarzda taqdirlanadi.
15. Tanlov gʻoliblarining davlat oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga bir yillik kontrakt summasi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan ortiq boʻlmagan qismi toʻlab beriladi. Bunda talabalar zimmasiga kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Vazirlik tanlovga taqdim etilgan hujjatlarning xolis koʻrib chiqilishi uchun masʼuldir.
17. Tanlovda gʻolib boʻlgan xodimlarning keyingi tanlovlarda takroran ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Tanlov gʻoliblari roʻyxati Vazirlikning rasmiy veb-saytida, ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinadi.
19. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan nomzodlar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni davomida vazir tomonidan tashkil etiladigan apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya arizasini berish huquqiga ega.
20. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga tanlov komissiyasi faoliyatida ishtirok etgan shaxslar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Apellyatsiya arizasi uni taqdim etgan nomzod ishtirokida besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi hamda natijasi boʻyicha arizani qanoatlantirish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
22. Tanlovni oʻtkazish va gʻoliblarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlikning Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
23. Vazirlik tanlovning yakuniy natijalari boʻyicha har yili dekabr oyining oxirgi oʻn kunligida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.
24. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
25. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovini oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Muddati 1-bosqich Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi 1. Tanlov haqida oʻz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon beradi. 1-sentabrga qadar 2. Tanlov komissiyasini tashkil etadi. sentabr oyida 2-bosqich Sanitar tozalash korxonalari, obodonlashtirish boshqarmalari Tegishlicha chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan xodimlar hamda tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi xodimlar orasidan uzoq vaqt (kamida 10 yil) faoliyat yuritgan 3 nafardan nomzodlarni tavsiya etgan holda, Vazirlikka ariza bilan murojaat qiladi. 1-oktabrga qadar 3-bosqich Tanlov komissiyasi Taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqadi, nomzodlarni xolisona baholaydi hamda ballar ketma-ketligida eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan 100 nafar nomzodni gʻolib deb topadi. 1-noyabrga qadar 4-bosqich Vazirlik 1. Komissiya yigʻilishining bayoni asosida tanlov gʻoliblarini tantanali tarzda taqdirlash toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi. 15-noyabrga qadar 2. Tanlov gʻoliblarining davlat oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga bir yillik kontrakt summasi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan ortiq boʻlmagan qismini toʻlab beradi. 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida
“Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanloviga tavsiya etilgan nomzodlarni baholash
MEZONLARI
T/r Baholash mezonlari Ball tizimi 1. Sanitar tozalash korxonalari xodimlari uchun — chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari sohasida; obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari uchun — tozalash ishlari sohasidagi ish staji: 10 yildan 12 yilgacha; 5 ball 12 yildan 15 yilgacha; 10 ball 15 yil va undan ortiq. 15 ball 2. Ijtimoiy holati boʻyicha: oilada yolgʻiz boquvchi ekanligi; 5 ball oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan ikki va undan ortiq farzandlari mavjudligi; 5 ball ikki va undan ortiq farzandlari oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan boʻlsa; 5 ball qaramogʻida 1 yoki 2-guruh nogironligi boʻlgan farzandi mavjudligi. 5 ball 3. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganligi: “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni, Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlari, Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, Oʻzbekiston Respublikasining medallari bilan; 15 ball Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan. 10 ball 4. Namunali faoliyati uchun idoraviy mukofotlar, faxriy yorliqlar, diplomlar va boshqacha tarzda taqdirlanganligi. 5 ball (birdan ortiq boʻlsa, har biri uchun qoʻshimcha 1 balldan)
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-avgustdagi 514-son qaroriga 2-ILOVA
“Eng toza mahalla” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha mahallalar oʻrtasida “Eng toza mahalla” tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) tanlov tashkilotchilari hisoblanadi.
3. Quyidagilar tanlovni oʻtkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi orasida ekologik bilim va madaniyatni targʻib qilish, mahallalarning yashillik darajasini oshirish hamda sanitar-tozalash xizmatini koʻrsatish sifatini yaxshilash;
aholining tabiatni asrash borasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish;
chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish;
chiqindilarning aholi salomatligiga va atrof-muhitga salbiy taʼsirining oldini olish;
tabiatga zarar yetkazishning, shu jumladan, belgilanmagan joylarga chiqindilar tashlashning salbiy oqibatlarining oldini olish.
4. Tanlov ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
2-bob. Tanlovni tashkil etish tartibi
5. Vazirlik va Uyushma har yili 1-sentabrga qadar tanlov haqida oʻz rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon beradi.
6. Tanlov har yili noyabr — yanvar oylarida quyidagi bosqichlarda oʻtkaziladi:
tuman (shahar) saralash bosqichi — noyabr oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;
hududiy saralash bosqichi — dekabr oyida tuman (shahar) bosqichi gʻoliblari oʻrtasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;
respublika bosqichi — yanvar oyida hududiy saralash bosqichi gʻoliblari oʻrtasida respublika miqyosida.
7. Tanlovning tuman (shahar) saralash bosqichini oʻtkazish uchun har yili sentabr oyida quyidagi tarkibda tuman (shahar) komissiyalari tashkil etiladi:
Uyushmaning tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari — rais;
Vazirlik va Uyushmaning tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlarining oʻrinbosarlari (2 nafar) — rais oʻrinbosarlari;
Vazirlik va Uyushma tuman (shahar) boʻlimlari tegishli xodimlari (2 nafar);
sohaviy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari (3 nafar);
Uyushma tuman (shahar) boʻlimlarining tegishli xodimi — kotib.
8. Tanlovning hududiy saralash bosqichini oʻtkazish uchun har yili sentabr oyida quyidagi tarkibda hududiy komissiyalar tashkil etiladi:
Uyushmaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinmalar) boshliqlari — rais;
Vazirlik va Uyushmaning hududiy boʻlinmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari (2 nafar) — rais oʻrinbosarlari;
Vazirlik va Uyushma hududiy boʻlinmalarining tegishli boʻlimlari xodimlari (2 nafar);
sohaviy nodavlat notijorat tashkiloti vakili (1 nafar);
Uyushma hududiy boʻlinmalarining tegishli sohaviy tarkibiy boʻlinmasi xodimi — kotib.
9. Tanlovning respublika bosqichini oʻtkazish uchun har yili sentabr oyida quyidagi tarkibda respublika komissiyasi tashkil etiladi:
Vazirlikning tegishli sohaviy tarkibiy boʻlinmasiga rahbarlik qiluvchi oʻrinbosari — rais;
Vazirlik va Uyushma markaziy apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmalari boshliqlari (2 nafar) — rais oʻrinbosarlari;
Vazirlik va Uyushma markaziy apparatining tegishli sohaviy tarkibiy boʻlinmalari xodimlari (2 nafar);
sohaviy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari (3 nafar);
Vazirlik markaziy apparatining tegishli sohaviy tarkibiy boʻlinmasi masʼul xodimi — kotib.
10. Tuman (shahar) komissiyalari va hududiy komissiyalar reglamentlari Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi tomonidan, Respublika komissiyasi reglamenti Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri (keyingi oʻrinlarda — vazir) tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Tanlovga hujjatlarni taqdim etish tartibi
11. Tanlovda ishtirok etish uchun nomzod mahallalar har yili 1-oktabrdan 30-oktabrga qadar Uyushmaning tuman (shahar) boʻlimlariga ariza beradi.
12. Arizaga quyidagi hujjatlar (maʼlumotlar) ilova qilinadi:
a) mahalla pasporti;
b) quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari, fotoalbom yoki 10 daqiqadan oshmagan videolavhali taqdimot materiali:
ijtimoiy obyektlardagi mavjud konteynerlar, koʻchalarga oʻrnatilgan chiqindi qutilari soni;
chiqindilarni yigʻish shoxobchalari soni va ularning holati;
koʻrsatilgan sanitar tozalash xizmatlari boʻyicha toʻlov intizomi (debitor qarzdorlik);
mahallada chiqindilarni toʻplash, saralash, olib chiqib ketish ishlari tashkil etilganligi hamda mahallani chiqindilardan xoli hududga aylantirish uchun amalga oshirilgan ishlar;
aholining ekologik tarbiyasi hamda ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlari, atrof-muhitni muhofaza qilishga oid jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari;
daraxt va butalarni parvarishlashda suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllagan holda sugʻorish ishlari tashkil etilganligi;
tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasidagi tashabbuslar;
chiqindilarni saralab yigʻish tizimi joriy etilganligi;
“Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan daraxt va butalarning holati;
energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish darajasi.
13. Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik mahalla raisi zimmasiga yuklanadi.
4-bob. Tanlovni oʻtkazish tartibi
14. Tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichlari ushbu Nizomga 2-ilovadagi baholash mezonlari asosida oʻtkaziladi.
15. Tuman (shahar) komissiyalari taqdim etilgan hujjatlarni 20-noyabrga qadar belgilangan tartibda komissiya yigʻilishida koʻrib chiqadi, eng koʻp ball toʻplagan uchtadan mahallani tanlab olib, saralash natijalarini yigʻilish bayoni bilan tasdiqlaydi.
Saralash natijalari boʻyicha materiallar (komissiya yigʻilishi bayoni, mahallalarni baholash hisobotlari va gʻolib mahallalar hujjatlari) 1-dekabrga qadar hududiy komissiyalarga taqdim etiladi.
16. Hududiy komissiyalar taqdim etilgan hujjatlarni 20-dekabrga qadar belgilangan tartibda komissiya yigʻilishida koʻrib chiqadi, eng koʻp ball toʻplagan uchtadan mahallani tanlab olib, saralash natijalarini yigʻilish bayoni bilan tasdiqlaydi.
Saralash natijalari boʻyicha materiallar (komissiya yigʻilishi bayoni, mahallalarni baholash hisobotlari va gʻolib mahallalar hujjatlari) 1-yanvarga qadar respublika komissiyasiga taqdim etiladi.
17. Respublika komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni 20-yanvarga qadar belgilangan tartibda komissiya yigʻilishida koʻrib chiqadi, ushbu Nizomga 2-ilovadagi baholash mezonlari asosida xolisona baholaydi hamda baholash natijalariga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha eng koʻp ball toʻplagan bittadan mahallani gʻolib deb topadi.
5-bob. Tanlov gʻoliblarini taqdirlash tartibi
18. Respublika komissiyasi yigʻilishining bayoni asosida 1-martga qadar vazirning tanlov gʻoliblarini taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinadi.
19. Tanlov gʻoliblari 21-mart — Navroʻz bayrami arafasida vazir yoki uning koʻrsatmasiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar tomonidan tantanali tarzda taqdirlanadi.
20. Tanlov natijalariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan gʻolib boʻlgan mahallalarning tegishli jamgʻarmasiga chiqindi yigʻish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlarini oʻrnatish hamda daraxtlarni ekish uchun 500 mln soʻmdan pul mukofoti oʻtkazib beriladi hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil topshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Tuman (shahar), hududiy va respublika komissiyalari raislari tanlovga taqdim etilgan hujjatlarning xolis koʻrib chiqilishi uchun masʼuldirlar.
22. Tanlovning har bir bosqichi gʻoliblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishli bosqich yakuni boʻyicha Vazirlik va Uyushmaning rasmiy veb-saytida, ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib boriladi.
23. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan mahallalar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida tegishli bosqichdagi apellyatsiya komissiyalariga apellyatsiya arizasini berish huquqiga ega.
24. Apellyatsiya komissiyalari tanlovning tuman (shahar) va hududiy bosqichlarida tegishlicha Vazirlikning tuman (shahar) boʻlimlari va hududiy boʻlinmalari rahbarlari tomonidan ularning raisligida kamida 5 kishidan iborat tarkibda tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga ommaviy axborot vositalari va sohaviy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kiritiladi.
Apellyatsiya komissiyalari tarkibiga tanlov komissiyalari faoliyatida ishtirok etgan shaxslar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Apellyatsiya arizasi uni taqdim etgan mahalla raisi (vakili) ishtirokida besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi hamda natijasi boʻyicha arizani qanoatlantirish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
26. Tanlovni oʻtkazish va gʻoliblarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlikning Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari, tanlov gʻoliblarini taqdirlash uchun taqdim etilgan elektromobillardan foydalanish va ularni saqlash xarajatlari gʻolib deb topilgan tegishli mahallalar hamda mahalliy budjet hisobidan amalga oshiriladi.
27. Vazirlik tanlovning yakuniy natijalari boʻyicha har yili yanvar oyining oxirgi oʻn kunligida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.
28. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Eng toza mahalla” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Eng toza mahalla” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Muddati 1-bosqich Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Tanlov haqida oʻz rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon beradi. 1-sentabrga qadar 2-bosqich Uyushma Tanlovning tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichlarini oʻtkazish uchun tegishlicha tuman (shahar) va hududiy komissiyalarni tashkil etadi. Sentabr oyida Vazirlik Tanlovning respublika bosqichini oʻtkazish uchun respublika komissiyasini tashkil etadi. 3-bosqich Nomzod mahallalar Tanlovda ishtirok etish uchun Uyushmaning tuman (shahar) boʻlimlariga ariza beradi. 1-oktabrdan 30-oktabrga qadar 4-bosqich Tuman (shahar) komissiyalari 1. Taqdim etilgan hujjatlarni komissiya yigʻilishida koʻrib chiqadi, eng koʻp ball toʻplagan uchtadan mahallani tanlab oladi va saralash natijalarini yigʻilish bayoni bilan tasdiqlaydi. 20-noyabrga qadar 2. Saralash natijalari boʻyicha materiallarni (komissiya yigʻilishi bayoni, mahallalarni baholash hisobotlari va gʻolib mahallalar hujjatlari) hududiy komissiyalarga taqdim etadi. 1-dekabrga qadar 5-bosqich Hududiy komissiyalar 1. Taqdim etilgan hujjatlarni komissiya yigʻilishida koʻrib chiqadi, eng koʻp ball toʻplagan uchtadan mahallani tanlab oladi va saralash natijalarini yigʻilish bayoni bilan tasdiqlaydi. 20-dekabrga qadar 2. Saralash natijalari boʻyicha materiallarni (komissiya yigʻilishi bayoni, mahallalarni baholash hisobotlari va gʻolib mahallalar hujjatlari) respublika komissiyasiga taqdim etadi. 1-yanvarga qadar 6-bosqich Respublika komissiyasi Taqdim etilgan hujjatlarni komissiya yigʻilishida koʻrib chiqadi hamda baholash natijalariga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha eng koʻp ball toʻplagan bittadan mahallani gʻolib deb topadi. 20-yanvarga qadar 7-bosqich Vazirlik 1. Respublika komissiyasi yigʻilishining bayoni asosida tanlov gʻoliblarini tantanali tarzda taqdirlash toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi. 1-martga qadar 2. Gʻolib mahallalarning tegishli jamgʻarmasiga chiqindi yigʻish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlarini oʻrnatish va daraxtlarni ekish uchun 500 mln soʻmdan pul mukofotini oʻtkazadi hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil topshiradi. 21-mart — Navroʻz bayrami arafasida
“Eng toza mahalla” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Eng toza mahalla” tanloviga tavsiya etilgan nomzodlarni baholash
MEZONLARI
T/r Baholash mezonlari *Ball tizimi 1. Aholining ekologik bilimi hamda ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot ishlari. 5 ball 2. Atrof-muhitni muhofaza qilishga oid jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari. 5 ball 3. Daraxt va butalarni parvarishlashda suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllagan holda sugʻorish ishlari tashkil etganligi. 10 ball 4. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasidagi tashabbusi. 5 ball 5. Mahalla pasporti mavjudligi. 5 ball 6. Mahalladagi ijtimoiy obyektlarda belgilangan standartlar va sanitariya-gigiyena talablariga javob beruvchi chiqindi konteynerlarining har biri uchun. 0.5 balldan jami 10 balldan oshmagan holda 7. Koʻchalarga oʻrnatilgan chiqindi qutilari bilan taʼminlanganligi (standartlardagi hamda sanitariya-gigiyena talablari darajasidagi chiqindi qutilarini har bir donasi uchun). 0,5 balldan jami 5 balldan oshmagan holda 8. Chiqindilarni yigʻish shoxobchalari soni va ularning holati 5 ball 9. Yillik oʻrtacha koʻrsatilgan sanitar tozalash xizmatlari uchun toʻlov intizomi: koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar 75 foizdan 85 foizgacha boʻlsa; 5 ball koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar 85 foizdan 95 foizgacha boʻlsa; 10 ball koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar 95 foizdan yuqori boʻlsa. 15 ball 10. Chiqindilarni saralab yigʻish tizimi joriy etilganligi. 15 ball 11. Yashil bogʻlar barpo etilganligi. 5 ball 12. Energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish joriy etilganligi (quyosh panellari oʻrnatilganligi). 5 ball Agar energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish qishloq joyidagi mahallada joriy etilgan boʻlsa. 15 ball
Izoh. Baholash mezonida keltirilgan koʻrsatkichlar tasdiqlovchi hujjatlari boʻlgan taqdirda baholanadi.
* Respublika miqyosida baholash mezonlari mazkur baholash mezonida keltirilgan har bir mezon boʻyicha 70 foizgacha miqdorda maksimal ball bilan baholanadi (masalan 5 bal = 3.5 balgacha, 15 = 10.5 ballgacha)
