Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2024-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida (4628-IV-son)
22.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2024-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etilganligi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilish kafolatlari mustahkamlandi, davlat organlari bilan fuqarolar oʻrtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmi joriy etildi.
Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” davlat dasturida belgilangan vazifalarga hamohang ravishda tashkil etilgan.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlarda koʻproq faoliyat olib borishiga eʼtibor qaratilgan. Bu esa murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyat samaradorligini kuchaytirish, aholining turmush sharoitlarini oʻrganish hamda aniqlangan muammolarni parlament nazorati shakllaridan foydalangan holda hal etish imkonini bergan.
Qonunchilik palatasida xat-hujjatlar va murojaatlar bilan ishlash “edo.ijro.uz” axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshirilgan. Natijada murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlari ustidan tizimli nazorat olib borilgan hamda murojaatlarning va ularga berilgan javob xatlarining yaxlit elektron bazasi yaratilgan.
2024-yilning birinchi yarim yilligida Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslardan 3 002 ta murojaat kelib tushgan va ularning belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi taʼminlangan. Ularning 2 409 tasi ariza, 386 tasi shikoyat, 207 tasi takliflardir.
Jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan bildirgan 207 ta taklifi Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitalari majlislarida muhokama qilingan hamda ulardan qonun loyihalarini takomillashtirish jarayonida foydalanilgan.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan qonun ijodkorligi jarayonida jami 110 ta qonun loyihasi ustida ish olib borilib, 340 ta ishchi guruh hamda 61 ta ekspertlar guruhi yigʻilishi oʻtkazilgan. Qonunchilikka takliflar mazkur qonun loyihalarini maromiga yetkazish mobaynida ishchi guruh va ekspertlar guruhi yigʻilishlarida batafsil koʻrib chiqilgan.
Xususan, fuqarolar I. Rasulov va X. Kurbanovaning “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi QL-1129-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi boʻyicha takliflari Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan murojaatchilar ishtirokida muhokama etilgan hamda takliflardan mazkur qonun loyihasini maromiga yetkazishda foydalanilgan.
Deputatlarning saylovchilar bilan oʻtkazgan muntazam uchrashuvlari, ular tomonidan koʻtarilgan muammolarni hududning oʻzida oʻrganib, hal etib kelinayotganligi, Qonunchilik palatasining Fuqarolar qabulxonasiga kelgan murojaatchilarga huquqiy tushuntirishlar berilganligi natijasida kelib tushgan murojaatlar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 775 taga (21 foizga) kamaygan.
Murojaatlarda koʻtarilgan masalalarning sohalar boʻyicha tahlili ijtimoiy sohaga taalluqli murojaatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 229 taga (35 foizga), mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga oid murojaatlar 150 taga (19 foizga), qonunchilik va sud-huquq sohasiga taalluqli murojaatlar 88 taga (14 foizga) kamayganligini koʻrsatmoqda.
Qonunchilik palatasining Fuqarolar qabulxonasida 1 330 nafar jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan. Fuqarolar qabuli jarayonida 606 ta murojaat, shu jumladan 37 ta ogʻzaki murojaat qabul qilib olinib, 468 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Qonunchilik palatasiga kelib tushgan, ijobiy tarzda va huquqiy tushuntirish berish orqali hal etilgan murojaatlarning soni 411 tani tashkil etgan.
Qonunchilik palatasining qoʻmitalari majlislarida murojaatlarda koʻtarilgan masalalar qay darajada hal etilayotganligi boʻyicha davlat organlari rahbarlarining axboroti 6 marotaba eshitilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar ham mavjud.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, murojaatlarning aksariyat qismi sud, huquqni muhofaza qiluvchi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati bilan bogʻliq masalalar, shuningdek qonunchilikka zid boʻlgan idoraviy qarorlarni bekor qilish, ishga joylashish, sogʻliqni saqlash, bank kreditlarini olish masalalari yuzasidan kelib tushmoqda.
Shunga koʻra Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻz yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, murojaatlarni sohalar kesimida tahlil etishi hamda tahlil natijalaridan tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek davlat organlarining axborotini eshitishda foydalanishi lozim.
Ayrim hollarda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlarining buzilishi hollari kuzatilmoqda.
“Edo.ijro.uz” axborot tizimini yanada takomillashtirish, undan foydalanish yuzasidan Qonunchilik palatasi deputatlarining va Devoni xodimlarining malakasini oshirib borish zarur.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari X. Gapporovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2024-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qatʼiy amal qilgan holda, toʻliq, xolis va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
oʻz yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, murojaatlarni sohalar kesimida tahlil etsin hamda tahlil natijalaridan tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek davlat organlarining axborotini eshitishda foydalansin;
qonun hujjatlari normalarini takomillashtirish yuzasidan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari tomonidan berilgan asosli takliflarni qoʻmita majlislarida ushbu shaxslarni jalb etgan holda muhokama etib borish amaliyotini kengaytirsin;
jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik takliflarini koʻrib chiqishda Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining salohiyatidan yanada keng foydalanish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni:
“edo.ijro.uz” axborot tizimini yanada takomillashtirish choralarini koʻrsin hamda ushbu tizimdan foydalanish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining va Devoni xodimlarining malakasini oshirib borsin;
Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga har oy yakuni boʻyicha axborot kiritib borsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-iyul,
4628-IV-son
