Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining 2024-yil yetti oyi davomidagi faoliyati toʻgʻrisida (4665-IV-son)
29.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2024-yil yetti oyi davomidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan xalqaro tajribadan unumli foydalangan holda, qonun ijodkorligi faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, shuningdek mamlakatda kechayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi boʻlishga, sohaga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan mamlakatimizda aholining sogʻligʻini saqlash, tibbiyot tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, shuningdek sohani bugungi kun talablari darajasida taraqqiy ettirishga qaratilgan tadbirlarni huquqiy jihatdan taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning huquqiy asosini takomillashtirishga qaratilgan 4 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlgan. Shundan 2 ta qonun loyihasi birlashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” degan nom bilan qabul qilingan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan maʼqullangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan.
Qonun hujjatlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilish holatini oʻrganish, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish boʻyicha Qoʻmita tomonidan 7 ta parlament nazorati tadbiri oʻtkazilgan.
Jumladan, Qoʻmita tomonidan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 30-moddasining (Shoshilinch va tez tibbiy yordam) ijrosi Navoiy va Xorazm viloyatlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–140-sonli hamda 2023-yil 28-dekabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–415-sonli qarorlarining ijro etilish holati Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadga erishish, xususan, onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash borasida sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan ishlarning holati Samarqand va Fargʻona viloyatlarida, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi Toshkent va Fargʻona viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganilgan. Oʻrganish yakunlari Qoʻmitaning kengaytirilgan yigʻilishlarida soha mutasaddilari ishtirokida koʻrib chiqilib, Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilingan.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari D. Sultonovning “Aholining sil va OIV bilan zararlanish darajasini kamaytirish hamda psixotrop va giyohvand moddalarga qaramlik profilaktikasi va davolanishi samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi axboroti eshitilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. Umarovaga “Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi yuborilgan.
Qoʻmita tomonidan “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A. Xudayarovning “Mamlakatimizda bolalar va oʻsmirlar orasida kasalliklar profilaktikasi hamda ularni davolash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati, shuningdek sogʻliqni saqlash sohasidagi istiqbol rejalar toʻgʻrisida”gi axborotini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida eshitish boʻyicha tashkiliy ishlar amalga oshirilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan 2 ta davra suhbati, Qoʻmitaning 11 ta kengaytirilgan yigʻilishi va 2 ta seminar tashkil etilgan.
Fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq oʻrganish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishda taʼsirchan deputat nazoratini oʻrnatish Qoʻmita faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Oʻtgan davr mobaynida Qoʻmitaga yuborilgan 186 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan hamda fuqarolar tomonidan koʻtarilgan muammolarni mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda hal etish choralari koʻrilgan.
Qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati, nazorat-tahlil tadbirlarining natijalari parlament faoliyati toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda yoritib borilgan. Jumladan, hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida jami 779 ta chiqish tashkil etilgan. Shundan bosma ommaviy axborot vositalarida 64 ta maqola chop etilgan, televideniyeda 95 ta, radioda 102 ta hamda ijtimoiy tarmoqlarda 518 ta chiqish qilingan. Shuningdek Internet sahifalarida 117 ta chiqish qilingan.
Shu bilan birga Qoʻmitaning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari bilan amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, ular bilan qonun loyihalarini ishlab chiqish borasida birgalikda ishlash tizimini yanada takomillashtirish talab etilmoqda.
Qoʻmita tashabbusi bilan oʻtkazilgan parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish zarur. Shuningdek Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolarini qonun loyihalarini ishlab chiqish va nazorat-tahlil tadbirlariga kengroq jalb etish lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining 2024-yil yetti oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining 2024-yil yetti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi:
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrsin;
qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni koʻpaytirish, Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish hamda kelib tushgan takliflar va fikr-mulohazalarni qonun loyihalarini maromiga yetkazishda hisobga olsin;
qonunchilik hujjatlari boʻyicha fuqarolar tomonidan berilgan takliflarni bevosita ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama etsin hamda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda koʻrib chiqsin;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmitaga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga toʻliq yechim topish borasida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. TOJIYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-iyul,
4665-IV-son
