9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida (754-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
Tabiatni muhofaza qilish sohasida:
atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish hamda uning oqibatlarini yumshatish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash;
fuqarolarning qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqlarini amalga oshirish, shuningdek ekologik osoyishtalikni taʼminlash choralarini koʻrish;
tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish hamda tabiatdan foydalanishni tartibga solishga doir faoliyatni tashkil etish;
tabiiy resurslarning davlat kadastrlari yuritilishi tartibini belgilash va ushbu kadastrlarning yuritilishini taʼminlash, respublika ahamiyatiga molik tabiiy resurslarning zaxiralarini tasdiqlash;
favqulodda ekologik vaziyatlarning va ekologik ofatlarning, ekologik jihatdan xavf tugʻdiradigan vaziyatlarning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
tabiiy ofatlar va yirik avariyalarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
tabiiy resurslardan maxsus foydalanganlik uchun haq toʻlash, atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlarini hisoblash tartibini, shuningdek tabiiy resurslardan foydalanish, chiqindilarni joylashtirish limitlarini belgilash;
ekologik taʼlim va tarbiya tizimini yaratish, shuningdek uning amalga oshirilishini taʼminlash;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning chegaralarini, tabiatni muhofaza qilish va xoʻjalik faoliyati rejimlarini tasdiqlash;
tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari jumlasiga kiradi.
