Mahallalarda aholi muammolarini aniqlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida (486-son)
06.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi muammolarini aniqlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, ijtimoiy himoyani mahalla darajasida manzilli tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-319-son qarori bilan:
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar tomonidan fuqarolarning arizalarini onlayn qabul qilish 28 ta tuman (shahar)da eksperiment tariqasida yoʻlga qoʻyilganligi;
“mahalla yettiligi” tomonidan mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi muammolarini yagona savolnoma asosida (keyingi oʻrinlarda — yagona savolnoma) aniqlash tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab:
mahallalarda fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yagona savolnoma asosida birlamchi oʻrganiladi;
yagona savolnoma asosida aniqlangan muammolar “Raqamli mahalla” platformasida shakllantiriladi hamda “mahalla yettiligi”ning tegishli elektron platformalariga fuqaro bilan individual tartibda ishlash uchun buyurtma shaklida yuboriladi;
yagona savolnoma asosida shakllantirilgan buyurtmaga muvofiq “mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolarning muammolari atroflicha oʻrganiladi, tahlil qilinadi va zarur choralar koʻriladi.
3. Quyidagilar:
Aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yagona savolnomaga asosan aniqlash va bartaraf etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Aholining muammolarini aniqlash boʻyicha yagona savolnoma namunasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) quyidagi holatlarda yagona savolnoma asosida fuqarolarning muammolarini oʻrganish va ularga ijtimoiy-iqtisodiy yordam (xizmat) koʻrsatish ishlari tashkil qilinadi:
fuqaroning murojaatiga asosan;
uyma-uy yurish orqali;
boshqa fuqarolar tomonidan shaxsning ijtimoiy-iqtisodiy yordamga (xizmatga) muhtojligi toʻgʻrisida xabar berilganda;
b) yagona savolnoma:
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan “Raqamli mahalla” platformasi negizida alohida modul sifatida yuritiladi;
“mahalla yettiligi” tomonidan foydalaniladigan mavjud elektron platformalar “Raqamli mahalla” platformasi bilan oʻzaro integratsiya qilinadi.
5. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrga qadar “Raqamli mahalla” platformasida “mahalla yettiligi”ning yagona savolnomasi natijasida aniqlangan muammolar boʻyicha buyurtmalarni shakllantirish hamda ushbu buyurtmalarni masʼul vazirlik va idoralarga yoʻnaltirish imkonini beruvchi “Yagona savolnoma” modulining ishga tushirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Soliq qoʻmitasi hamda Yoshlar ishlar agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “mahalla yettiligi” faoliyatini yagona savolnoma asosida tashkil etishga qaratilgan malaka oshirish dasturini qabul qilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Q.Q. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 6-avgust,
486-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-avgustdagi 486-son qaroriga 1-ILOVA
Aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yagona savolnomaga asosan aniqlash va bartaraf etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “mahalla yettiligi” tomonidan aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yagona savolnomaga asosan aniqlash va bartaraf etish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“mahalla yettiligi” — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari namunaviy tuzilmasiga kiritilgan mahalla raisi rahbarligidagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori aʼzolaridan iborat boʻlgan guruh;
“Raqamli mahalla” platformasi — “mahalla yettiligi” tomonidan aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha avtomatlashtirilgan dasturiy taʼminot;
yagona savolnoma — aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini birlamchi aniqlashda foydalaniladigan anketa-savolnoma shakli.
3. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli “mahalla yettiligi” tomonidan yagona savolnomaga asosan birlamchi oʻrganiladi.
4. “Mahalla yettiligi” tomonidan aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yagona savolnomaga asosan mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq aniqlanadi va bartaraf etiladi.
2-bob. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yagona savolnomaga asosan aniqlash va bartaraf etishda masʼul davlat organlari va tashkilotlarning vazifalari
5. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi:
yagona savolnoma asosida mahallalardagi xonadonlar va fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash ishlarini tashkil qiladi;
“Raqamli mahalla” platformasida “Yagona savolnoma” modulini yuritadi va doimiy monitoring qiladi;
“mahalla yettiligi”ning “Raqamli mahalla” platformasidan foydalanish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratadi va uning yuritilishini nazorat qiladi;
“mahalla yettiligi” vakillari tomonidan aniqlangan hamda masʼul tashkilotlarga yoʻnaltirilgan muammolar oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va ijobiy hal etilishini taʼminlaydi.
6. “Mahalla yettiligi”ning yuqori turuvchi davlat organlari va tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — yuqori turuvchi tashkilot):
yagona savolnoma asosida mahallalardagi xonadonlar va fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash ishlarini tashkil qiladi;
“mahalla yettiligi”ning oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi;
“mahalla yettiligi” vakillarining bilim va koʻnikmalarini tizimli oshirib boradi;
“mahalla yettiligi” ishini metodik qoʻllab-quvvatlaydi;
“mahalla yettiligi” tomonidan yagona savolnoma asosida aniqlangan muammolarni tahlil qiladi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
3-bob. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yagona savolnomaga asosan aniqlash va bartaraf etish
7. Fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yagona savolnoma asosida ikki bosqichda oʻrganiladi:
birinchi bosqichda — yagona savolnomaga asosan aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini birlamchi oʻrganish va tegishli “mahalla yettiligi” vakiliga buyurtmani shakllantirish;
ikkinchi bosqichda — birlamchi oʻrganish natijasida aniqlangan muammolardan kelib chiqqan holda, kompleks oʻrganish ishlarini tashkil qilish.
8. Yagona savolnomaga asosan birlamchi oʻrganish uyma-uy yurish orqali, fuqaroning murojaati, shu jumladan, boshqa fuqarolar tomonidan shaxsning ijtimoiy-iqtisodiy yordamga (xizmatga) muhtojligi toʻgʻrisidagi xabariga asosan oʻtkaziladi.
9. Yagona savolnomaga asosan birlamchi oʻrganish natijasida fuqaroda muammo va/yoki yordamga muhtojligi aniqlanmasa, fuqaroni oʻrganish ishlari shu bosqichning oʻzida yakunlanadi.
Bunda yagona savolnomaga asosan birlamchi oʻrganish oʻtkazishga fuqaro tomonidan rozilik bildirilmagan taqdirda, yagona savolnoma boʻyicha oʻrganish oʻtkazilmaydi.
10. “Mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolarning yagona savolnoma asosida aniqlangan muammolari aholi bilan individual tartibda ishlash uchun ikki ish kuni ichida “Raqamli mahalla” platformasida buyurtma shakllantiriladi va tegishligiga koʻra “mahalla yettiligi”ning tegishli elektron platformasiga yuboriladi.
11. Shakllantirilgan buyurtmadan kelib chiqib, “mahalla yettiligi” vakillari oʻzlarining idoraviy savolnomasidan foydalangan holda oʻn besh kun muddatda muammoni atroflicha oʻrganadi.
12. “Mahalla yettiligi” vakillari tomonidan aniqlangan muammo “mahalla yettiligi” vakillarining vakolatlari doirasiga kiradigan boʻlsa, qonunchilikda belgilangan muddatda muammoni hal etish chorasini koʻradi.
13. Aniqlangan muammo “mahalla yettiligi” vakillarining vakolatlari doirasiga kirmagan taqdirda, buyurtma “mahalla yettiligi” vakillari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yoʻnaltiradi.
14. “Mahalla yettiligi” tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga yoʻnaltirilgan buyurtmasi natijalarini “mahalla yettiligi”ning tegishli masʼullari tomonidan “Raqamli mahalla” platformasiga kiritish majburiy hisoblanadi.
15. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yagona savolnoma asosida bir kalendar yilda kamida bir marta oʻrganiladi.
16. Yagona savolnoma boʻyicha aniqlangan muammolar va ularga koʻrsatilgan yordamlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bir yil davomida platformada aktiv holatda saqlanadi.
17. “Mahalla yettiligi” vakillari tomonidan buyurtma davlat organlari va tashkilotlariga notoʻgʻri yuborilgan taqdirda, mahalla raisi tomonidan ushbu buyurtma qaytarib olinadi hamda bu toʻgʻrisida fuqaroga qonunchilik hujjatlariga muvofiq yozma (elektron) xabar beriladi.
4-bob. “Mahalla yettiligi” vakillarining reytingi
18. “Mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan buyurtmalar Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan monitoring qilib boriladi.
19. Monitoring natijasi boʻyicha “mahalla yettiligi”ning reytingi yuritiladi.
20. “Mahalla yettiligi”ning reytingi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan yuqori turuvchi tashkilotlar bilan kelishilgan holda yuritiladi va eʼlon qilinadi.
5-bob. “Raqamli mahalla” platformasida ishlash va maʼlumotlar almashish
21. “Mahalla yettiligi” vakillari uning yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan “Raqamli mahalla” platformasidan uzluksiz foydalanish uchun mobil planshet yoki kompyuter texnik qurilmalari bilan taʼminlanadi.
22. “Raqamli mahalla” platformasida “mahalla yettiligi” vakillarining har biri uchun alohida shaxsiy kabinet ochiladi.
23. “Mahalla yettiligi” vakilining shaxsiy kabinetida oʻzining va fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlari koʻrinadi.
24. “Raqamli mahalla” platformasidagi yagona savolnoma moduli:
shaxsga doir maʼlumotlar boʻyicha yagona savolnomani toʻldirish va tahrir qilish;
“mahalla yettiligi” vakillariga yoʻnaltirish;
“mahalla yettiligi” vakillari tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlariga yuboriladigan buyurtmani shakllantirish va yuborish hamda uning ijrosi ustidan real vaqt rejimida nazorat (monitoring) qilish imkoniyati yaratiladi.
25. “Raqamli mahalla” platformasidagi “mahalla yettiligi” vakillariga tegishli idoraviy maʼlumotlar, hisobotlar shakllari, shuningdek, ular tomonidan kiritiladigan maʼlumotlar toʻplami ushbu “mahalla yettiligi”ning yuqori turuvchi tashkiloti bilan kelishilgan holda shakllantiriladi.
26. “Raqamli mahalla” platformasidagi shaxsga doir maʼlumotlar xizmat doirasida foydalaniladigan maʼlumotlar toifasi hisoblanadi va ushbu maʼlumotlarni saqlash, qayta ishlash hamda ularga ishlov berish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
27. “Mahalla yettiligi” vakili “Raqamli mahalla” platformasidan faqat oʻziga tegishli maʼlumotlar (yagona savolnoma natijasi, buyurtmalar va boshqa) bilan ishlashi hamda uning hisobotlarni shakllantirishi mumkin.
28. “Raqamli mahalla” platformasidagi moduldan “mahalla yettiligi” vakillari bepul foydalanadi.
29. “Raqamli mahalla” platformasidagi shaxsiy kabinet faqat bir shaxsga ochiladi, uni uchinchi shaxsga vaqtincha yoki doimiy foydalanishga berish taqiqlanadi, bunda “mahalla yettiligi” vakilining yuqori turuvchi tashkilotlari bundan mustasno.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. “Mahalla yettiligi” vakillari aholining aniqlangan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini oʻz vaqtida “Raqamli mahalla” platformasiga kiritilishini taʼminlash uchun javobgar hisoblanadi.
31.Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yagona savolnomaga asosan aniqlash va bartaraf etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yagona savolnomaga asosan aniqlash va bartaraf etish boʻyicha
SXEMA
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-avgustdagi 486-son qaroriga 2-ILOVA
