222-modda. Oliy Majlis deputatligiga nomzodlarni roʻyxatga olish uchun Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida (990-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Kuchini yo'qotgan
Siyosiy partiyaning, hokimiyat vakillik organining rahbari, saylovchilar tashabbuskor guruhining vakili deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olishni iltimos qilib Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
siyosiy partiya yuqori organining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlarining, saylovchilar tashabbuskor guruhining Oliy Majlis deputatligiga nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori;
siyosiy partiya yuqori organi majlisining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari sessiyalarining, saylovchilar tashabbuskor guruhi yigʻilishining Oliy Majlis deputatligiga nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi bayoni, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va tartib raqami koʻrsatiladi;
deputatlikka nomzodning oʻz nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qoʻyilishiga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi arizasi;
ushbu Qonun 23-moddasining ikkinchi qismida aytib oʻtilgan shaxslar uchun, basharti ular Oliy Majlis deputati etib saylangudek boʻlsalar, egallab turgan lavozimlaridan boʻshash toʻgʻrisidagi arizalari.
Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni yetti kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Qonun talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi.
Markaziy saylov komissiyasi roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Qonun talablaridan chetga chiqish hollari toʻgʻrisida tegishli siyosiy partiyalarning, hokimiyat vakillik organlarining rahbarlariga va saylovchilar tashabbuskor guruhlarining vakillariga belgilangan tartibda maʼlum qiladi.
