11-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida (990-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Kuchini yo'qotgan
Markaziy saylov komissiyasi:
1) respublikaning butun hududida ushbu Qonunning ijrosini nazorat qiladi va uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi, saylovni tashkil etishga doir masalalar yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida yoʻriqnomalar chiqaradi va izohlab berib boradi;
2) saylov okruglari tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi;
3) okrug saylov komissiyalarini tuzadi va ularning joylashgan manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;
4) saylov komissiyalarining faoliyatini yoʻnaltirib boradi, ularning tarkibiga oʻzgartishlar kiritish tartibini belgilaydi. Oliy Majlisga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining qarorlarini, basharti bu qarorlarni ushbu Qonunga zid boʻlsa, mustaqil tarzda yoki respublika Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qilishi mumkin;
5) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini qaysi saylov okrugiga birkitish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi;
6) deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalarning, hokimiyat vakillik organlarining, saylovchilar tashabbuskor guruhlarining tegishli hujjatlarini qabul qilib oladi;
7) deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga oladi;
8) deputatlikka nomzodlar saylov kompaniyasida ishtirok etishlari uchun teng sharoitlar taʼminlaydi;
9) mablagʻlarni saylov komissiyalariga taqsimlaydi, saylov komissiyalari binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnika jihatidan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;
10) Oliy Majlis deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar roʻyxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonlarining, saylovlarga doir boshqa hujjatlarning namuna va shakllarini, saylov qutilari va saylov komissiyalari muhrlarining namunalarini, saylovga doir hujjatlarni saqlash tartibini belgilaydi;
11) Oʻzbekiston Respublikasi siyosiy partiyalari, vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari, davlat hokimiyati mahalliy organlari, davlatning boshqa organlari va jamoat birlashmalari organlari vakillarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotlarni tinglaydi;
12) saylovning respublika boʻyicha umumiy yakunini chiqaradi, saylangan deputatlarni roʻyxatga oladi, Oliy Majlisga oʻtkazilgan saylov yakunlariga doir maʼlumotlarni va saylangan deputatlarning roʻyxatini matbuotda eʼlon qiladi;
