Bolalarni vaksinalar bilan taminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (562-son)
22.11.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bolalarni vaksinalar bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, 1995-yildan boshlab, respublikaning budjet istiqbollarida va valyuta rejasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xalqaro bolalar fondi (YUNISEF) oʻrtasida tuzilgan Bitimga muvofiq Oʻzbekistonning hissa qoʻshib qatnashishi hajmlarida bolalarni immunizatsiyalash uchun xarajatlarni nazarda tutsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasini, Bosh bojxona boshqarmasini va “Oʻztashqitrans”ni vaksinaning kelib tushish muddatlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilsin;
vaksinalarni sovutish talablariga rioya qilgan holda, ularning samarali taqsimlanishini, foydalanilishini, shuningdek, yetkazib berilishini va saqlanishini taʼminlasin;
vaksinadan qanday foydalanilayotgani va u bilan qancha bola emlanganligi toʻgʻrisida har oyda Vazirlar Mahkamasiga va YUNISEFning Oʻzbekiston Respublikasidagi Vakolatxonasiga axborot berib tursin.
3. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi:
vaksinani ortish-tushirish ishlari toʻxtovsiz amalga oshirilishini va uning aeroportda butun saqlash davrida sovutish kameralariga joylashtirilishini taʼminlasin;
yukning insonparvarlik xususiyatini hisobga olib, vaksinaning ichki havo yoʻllarida aviakompaniya samolyotlari bilan bepul tashilishiga ruxsat etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi:
insonparvarlik vaksinalarini bojxonada tekshirish va ularni Respublikaga oʻtkazish masalalarini tezkorlik bilan hal qilsin;
yuqorida koʻrsatilgan yuklarni va kuzatib keluvchi shaxslari bojxona poshlinalari, yigʻimlar va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlardan ozod qilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi insonparvarlik vaksinalarini yetkazib beruvchi tashkilotlarning viza olishlariga yordam koʻrsatsinlar va ularni konsullik va viza yigʻimlaridan ozod qilsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va madaniyat boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 22-noyabr,
562-son
