9-modda. Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (bundan buyon matnda Oʻzenergoinspeksiya deb yuritiladi) oʻz vakolatlari doirasida:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasida davlat nazoratini amalga oshiradi;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
binolar va inshootlarni, shu jumladan koʻp kvartirali uylarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va foydalanishga topshirishda ularda energiyani tejaydigan va energiya jihatidan samarador texnologiyalardan foydalanishning shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligini tekshiradi;
binolar va inshootlarni, shu jumladan koʻp kvartirali uylarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlashda issiqlik saqlovchi qurilish materiallarini, shuningdek konstruksiyalarni qoʻllashga hamda muqobil energiya manbalarini va energiyani tejaydigan qurilmalarni majburiy tarzda oʻrnatish talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, bundan yakka tartibdagi uylar qurilishi mustasno;
tovarlar (ishlar, xizmatlar), binolar va inshootlarning energiya samaradorligi va energiyani tejash, shuningdek energiyadan oqilona foydalanish normalariga hamda uning sifat koʻrsatkichlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
ushbu Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllash choralarini koʻradi.
