29-modda. Markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimlarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
issiqlik taʼminoti markazlariga ulangan ijtimoiy soha obyektlari, xususiy sektor binolari va yangi qurilgan turar joy majmualarini issiqlik taʼminoti tizimlaridan ajratish;
konditsioner yoki issiqlik nasosi va issiq suv taʼminoti uchun mustaqil sovitish (isitish) tizimini joriy etish;
ijtimoiy soha obyektlarida, xususiy sektor binolarida va yangi qurilgan uylarda lokal qozonxonalardan foydalanish hisobiga tabiiy gaz isteʼmolini tejash;
ijtimoiy soha obyektlaridan, xususiy sektor binolaridan va yangi qurilgan uylardan iborat yangi majmuani qurishda binolar hamda inshootlar uchun maxsus issiqlik taʼminoti tizimini oʻrnatish;
mavjud binolar va inshootlarni mukammal taʼmirlashda ularni yangi binolar va inshootlarga nisbatan qoʻllaniladigan talablarga muvofiq markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimidan ajratish.
Yoqilgʻi-energetika resurslarining boshqa manbalariga ulanish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda issiqlik qabul qiluvchi va issiqlik taʼminoti tizimida issiqlik yoʻqotilishining oldini olish boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrilganidan keyin markazlashtirilgan issiqlik taʼminotiga ulanishga ruxsat beriladi.
