24-modda. Sanoat korxonalarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Sanoat korxonalarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yangi zamonaviy, innovatsion, energiyani tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan energiyani tejaydigan xorijiy texnologiyalarini jalb etish orqali sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya va rekonstruksiya qilish;
texnik jihatdan qayta jihozlashga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
sexlarning alohida uchastkalarida yoqilgʻi-energetika resurslari hisobini yuritish;
ichki energiya auditi natijalari boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini taʼminlash;
rahbarlar va mutaxassislarning energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi bilimlari hamda koʻnikmalarini oshirib borish;
foydalanilayotgan ayrim asbob-uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining eng yuqori normalarini belgilash;
korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulot birligi uchun sarflanadigan yoqilgʻi-energetika resurslari normalarini belgilash;
xalqaro standartlarga muvofiq energetika menejmenti tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining, xorijiy va mahalliy investorlarning mablagʻlarini jalb etish.
