21-modda. Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
kreditlashdan va jamgʻarmaning boshqa moliya-xoʻjalik faoliyatidan olingan foyda;
energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi milliy, tarmoq va hududiy dasturlarni hamda loyihalarni amalga oshirishdan olingan foydaning ulushi;
xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlar tomonidan ajratiladigan grantlar va kreditlar;
davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisobidan neft-gaz va elektr energetikasi tarmoqlari korxonalarining sof foydasidan ajratiladigan transfertlar;
yoqilgʻi-energetika resurslarini shartnomada belgilangan normalardan ortiq isteʼmol qilganlik uchun qoʻshimcha toʻlovlardan olingan tushumlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
