11-modda. Energiya servis kompaniyalari
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Energiya servis kompaniyasi energetika xizmatlarini koʻrsatish shartnomasiga muvofiq energiya tejamkorligi va energiya samaradorligini oshirish maqsadida qurilish, qurilish-montaj va sozlash ishlarini bajarish, energiya qurilmalarini ishga tushirish hamda bunday qurilmalar mavjud boʻlgan obyektlarda energiya auditini oʻtkazish, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish bilan kompleks ravishda shugʻullanadigan yuridik shaxsdir.
Maxsus vakolatli davlat organi energiya servis kompaniyalari faoliyatini rivojlantirishning strategik rejasini ishlab chiqadi va kelishadi, mazkur reja quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
iqtisodiyot tarmoqlarining hamda ijtimoiy soha obyektlarining binolari va inshootlarida energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish boʻyicha talablarni belgilashni;
energiya servis kompaniyalarini moliyalashtirish va rivojlantirishga koʻmaklashishni.
Maxsus vakolatli davlat organi energiya servis kompaniyalarini akkreditatsiya qilish jarayonini (arizalarni koʻrib chiqish, baholash, energiya servis kompaniyalarini akkreditatsiya qilish va ularning roʻyxatini yuritish) qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etadi va amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha energiya servis shartnomalariga doir talablarni ishlab chiqadi. Unda quyidagilar koʻrsatiladi:
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar hamda energiya servis kompaniyalarining ularni amalga oshirish borasidagi majburiyatlari;
energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha ishlar rejasi, shu jumladan maqsadli dasturni amalga oshirish bosqichlari;
har bir chora-tadbirga doir investitsiyalar qiymatini baholash hamda energiya hajmlari va xarajatlarini aniqlash;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini baholash;
shartnomani tuzish va bekor qilish shartlarini koʻrsatgan holda, shartnomaning mezonlarini, shuningdek boshqa qoidalarini belgilash;
energiya servis kompaniyalariga rejadagi ishlarni bajarishda koʻmaklashadigan pudrat va yordamchi pudrat tashkilotlarining yoki boshqa servis tashkilotlarining ishtirokini baholash;
