64-modda. Elektr energiyasi bozori uchun oʻtish qoidalari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Markaziy xarid qiluvchi elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozori toʻliq tashkil etilguniga qadar elektr energiyasi bozori operatori vazifasini bajaradi.
Elektr energiyasi bozori qoidalariga muvofiq elektr energiyasi bozori faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilganidan keyin markaziy xarid qiluvchi ushbu Qonunning31-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni bajarishni toʻxtatadi (bundan uzoq muddatli elektr energiyasini sotib olish bitimlari boʻyicha huquq va majburiyatlar mustasno). Bunda elektr energiyasi bilan savdo qilish faoliyatini amalga oshirish uchun markaziy xarid qiluvchi Energetika bozori regulatoridan belgilangan tartibda litsenziya oladi.
Markaziy xarid qiluvchining Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilguniga qadar tuzilgan elektr energiyasining barcha oldi-sotdi shartnomalaridan (bitimlaridan) kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar markaziy xarid qiluvchiga oʻtadi. Bunda majburiyatlar markaziy xarid qiluvchiga oʻtganida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararlarning oʻrni bitimlar taraflariga qoplanishini talab qilish, bitimlarni qisman yoki toʻliq bekor qilish, majburiyatlarni muddatidan oldin bajarish toʻgʻrisida boshqa tarafga talablar qoʻyish taqiqlanadi.
Markaziy xarid qiluvchi ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida Energetika bozori regulatoriga ushbu Qonunda nazarda tutilgan namunaviy shartnomalarni tasdiqlashni taʼminlash uchun taqdim etadi. Elektr energiyasi bozori qoidalari qabul qilinganidan keyin markaziy xarid qiluvchi tomonidan belgilangan huquqiy munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Elektr energiyasi bozori qoidalari tasdiqlanganidan keyin markaziy xarid qiluvchi uch oy ichida tegishli litsenziyalarga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchilar va taʼminotchilar bilan shartnomalar tuzadi.
Maxsus vakolatli davlat organi birinchi xaridlar rejasini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Uzatish tizimi operatori va taqsimlash tizimi operatori ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida uzatish va taqsimlash tizimlari xizmatlari uchun namunaviy shartnomalarni ishlab chiqadi. Ushbu namunaviy shartnomalar ushbu Qonunga muvofiq namunaviy shartnomalar tasdiqlanganidan keyin tegishli tizim operatorlari tomonidan belgilangan huquqiy munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Energetika bozori regulatori tartibga solinadigan tariflar va yigʻimlarni belgilash uslubiyati ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy ichida tasdiqlanishini taʼminlaydi.
