55-modda. Litsenziatlar tomonidan qonunchilik, litsenziya talablari va shartlarining buzilishi oqibatlari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Litsenziat ushbu Qonunni yoki qonunchilikda belgilangan litsenziya talablari va shartlarini yoxud Energetika bozori regulatori tomonidan belgilangan qoidalarni buzgan taqdirda, Energetika bozori regulatori quyidagi choralarni koʻrishga haqlidir:
litsenziatni jarimalar qoʻllanilishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirgan holda oʻz majburiyatlarini bajarishini va belgilangan muddatlarda qoidabuzarliklarni bartaraf etishini talab qilishga;
qonunda belgilangan tartibda jarimalar qoʻllashga;
ushbu moddaga va Energetika bozori regulatorining qaroriga muvofiq jarimaning qoʻllanilishiga qaramay, litsenziat qoidabuzarlikni bartaraf etish choralarini koʻrmasa, litsenziya shartlarini oʻzgartirishga yoki uning amal qilishini toʻxtatib turishga.
Energetika bozori regulatori quyidagi hollarda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga haqlidir:
agar litsenziat elektr stansiyasi yoki boshqa elektr energetikasi obyektini elektr energiyasi taʼminoti xavfsizligiga, aholi salomatligi va xavfsizligiga, elektr energetikasi obyektining xavfsiz ishlashiga yoki atrof-muhitga jiddiy tahdid soladigan tarzda ishlatsa;
agar litsenziat Energetika bozori regulatori tomonidan belgilangan muddatdan keyin ham litsenziya talablari va shartlariga rioya etmasa;
agar litsenziya notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar asosida berilgan yoki qonunchilikni buzgan holda boshqa yoʻl bilan olingan boʻlsa.
Energetika bozori regulatori ushbu Qonunga muvofiq elektr energiyasini ishlab chiqarish litsenziyasiga ega boʻlishi shart boʻlmagan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi obyektlar operatorlariga nisbatan ushbu moddada nazarda tutilgan jazo choralarini qoʻllashi mumkin.
Litsenziatlar elektr energiyasini yetkazib berish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻz faoliyatini ushbu moddada va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-taomillar bajarilguniga qadar davom ettirib turadi.
Agar jismoniy yoki yuridik shaxs elektr energetikasi sohasidagi faoliyatni tegishli litsenziyasiz amalga oshirayotgan boʻlsa, Energetika bozori regulatori ushbu faoliyatni toʻxtatish choralarini koʻradi hamda ushbu Qonunning 57-moddasida nazarda tutilgan tartibda moliyaviy sanksiyalarni qoʻllaydi.
