3-modda. Asosiy tushunchalar
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avariya rejimi — elektr energetikasi obyektlari ishlashining texnologik parametrlari yagona elektr energetikasi tizimi ishonchli tarzda ishlab turishining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holat;
bozor ishtirokchisi — elektr energiyasini sotish va (yoki) sotib olish bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek tegishli tizim operatori;
vakolatli isteʼmolchi — elektr energiyasi taʼminotchisini tanlash yoki oʻzgartirish huquqiga ega boʻlgan isteʼmolchi;
ijtimoiy xizmatlar — elektr energetikasi korxonalari tomonidan umumiy ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarni koʻzlab koʻrsatiladigan xizmatlar;
ishlab chiqaruvchi — elektr energiyasini ishlab chiqarishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
yirik isteʼmolchi — elektr energiyasining ulgurji bozorida ishlab chiqaruvchilardan yoki elektr energiyasining chakana bozoridagi bir va undan ortiq taʼminotchilardan elektr energiyasini sotib olish huquqiga ega boʻlgan isteʼmolchi;
markaziy xarid qiluvchi — elektr energiyasini markazlashgan tarzda sotish va sotib olish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
muvozanatlash — yagona elektr energetikasi tizimidagi elektr energiyasiga boʻlgan talab va taklif oʻrtasidagi muvozanatni barcha omillarni inobatga olgan holda saqlab turish hamda real vaqt rejimida kuchlanish va chastotani tartibga solish jarayoni;
tayinlangan taʼminotchi — taʼminotchini tanlash imkoniyatiga ega boʻlmagan isteʼmolchilarga kafolatlangan tarzda yoki vakolatli isteʼmolchining murojaatiga koʻra elektr energiyasini yetkazib berish (sotish) bilan shugʻullanadigan korxona;
taqsimlash tizimi — uzatish tizimidan yoki ishlab chiqaruvchilardan to yakuniy isteʼmolchilarning ulanish nuqtasigacha boʻlgan past kuchlanishli elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari majmui;
taʼminotchi — elektr energiyasini isteʼmolchilarga yetkazib berish (sotish) bilan shugʻullanadigan korxona;
tegishli tizim operatori — foydalanuvchi ulangan uzatish, taqsimlash va berk taqsimlash tarmoqlarining tegishli operatori;
tezkor-dispetcherlik boshqaruvi — yagona elektr energetikasi tizimini real vaqt rejimida tezkor boshqarish orqali uning barqaror ishlashini taʼminlash va boshqa davlatlarning elektr energetikasi tizimlari bilan parallel ravishda ishlash rejimini boshqarish;
