21-modda. Tizim operatorining huquq va majburiyatlari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Tizim operatori quyidagi huquqlarga ega:
real vaqt rejimida yagona elektr energetikasi tizimini va unga ulangan barcha elektr energetikasi obyektlarini tezkor boshqarish, ularning tezkor-texnik xodimlariga koʻrsatmalar berish;
tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼi nazar, barcha elektr energetikasi korxonalari hamda yirik isteʼmolchilarning tezkor xodimlariga yagona elektr energetikasi tizimidagi elektr energiyasi va quvvat muvozanatini taʼminlash, avariya holatlarining oldini olish, ularni bartaraf etish va avariyadan keyingi ishlash rejimlarini tiklash zarur boʻlgan hollarda, bajarilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar berish;
tezkor-dispetcherlik boshqaruvida favqulodda vaziyatlar bartaraf etilishi choʻzilishiga olib keluvchi dispetcherlik intizomining, texnika xavfsizligi qoidalarining, texnikadan foydalanish qoidalarining buzilishi aniqlansa, Energetika bozori regulatoriga qoidalarni buzgan tarafning litsenziyasini toʻxtatib turish yoki tegishli choralar koʻrish uchun murojaat qilish;
avariya rejimini bartaraf etish uchun yagona elektr energetikasi tizimida mavjud boʻlgan barcha zaxira quvvatlaridan foydalanish, elektr energetikasi obyektlarida rejali-joriy taʼmirlash ishlarini bekor qilish, shuningdek elektr energiyasi isteʼmoliga cheklovlar joriy etish;
yagona elektr energetikasi tizimini rivojlantirish, isteʼmolchilarning elektr taʼminoti xavfsizligini oshirish, tizimning ishonchli ishlashini taʼminlash boʻyicha takliflar berish hamda elektr energetikasi tizimini rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha elektr energetikasi obyektlariga kirish va tezkor-dispetcherlik boshqaruvi, shuningdek rele himoyasi va avariyaga qarshi avtomatikasi masalalarining bajarilishi ustidan monitoring olib borish;
yagona elektr energetikasi tizimidagi vaziyatni va mavjud resurslarni hisobga olgan holda, boshqa davlatlar bilan elektr energiyasining importi va eksporti hajmlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflarni maxsus vakolatli davlat organiga kiritish.
Tizim operatori:
yagona elektr energetikasi tizimini tezkor boshqarishni belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirishi va uning ishonchli ishlashini taʼminlashi;
elektr energetikasi korxonalarining dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirishi;
elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash va uning isteʼmoli muvozanatini saqlab turishi;
