14-modda. Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
uzatish tizimining xavfsizligini taʼminlash uchun talablarni;
uzatish tizimiga ulanish hamda undan foydalanish tartibi va shartlarini;
elektr taʼminoti xavfsizligini hisobga olgan holda uzatish tizimining normal va noodatiy sharoitlarda, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda ishlashi tartibini;
tizim operatori tomonidan xizmat koʻrsatish shartlarini oʻz ichiga olgan tezkor-dispetcherlik boshqaruvini;
taqsimlash tizimiga yoki uzatish tizimiga ulangan foydalanuvchilarning tarmoqlariga ulanish va ulardan foydalanish shartlarini;
yagona elektr energetikasi tizimining barqarorligini eng kam xarajatlar hisobidan taʼminlashni;
transchegaraviy elektr energiyasi almashinuvini tartibga solishni;
uzatish tizimidagi oʻta yuklanishlarning oldini olish va yuklamalarni boshqarish shartlarini;
tizim xizmatlari va qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish mezonlari, usullari va shartlarini;
uzatish tizimining ishonchli ishlashini hamda uni uzoq muddatli rivojlantirishni rejalashtirish mezonlari va tartib-taomilini;
foydalanuvchilarni uzatish tizimidagi elektr taʼminotidan uzish tartibini;
elektr energiyasini uzatish tizimiga ulanish va undan foydalanish bilan bogʻliq nizolarni hal qilish tartibini;
tizimning ishlashi bilan bogʻliq axborotni yigʻish, boshqarish va tizimdagi boshqa operatorlar oʻrtasida maʼlumotlar almashish usullarini;
elektr energiyasini uzatish tizimining ishlashi va boshqaruvi uchun zarur boʻlgan axborotni uzatish tizimi operatoriga taqdim etishga doir talablarni;
tizim xavfsizligini taʼminlash talablarini bajarish yuzasidan uzatish tizimi operatorining va tizim operatorining javobgarligini.
Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar va texnik talablarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
