12-modda. Elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori konsepsiyasi
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori konsepsiyasi (bundan buyon matnda bozor konsepsiyasi deb yuritiladi) elektr energiyasi bozorini va uning alohida segmentlarini tashkil etishning hamda ular faoliyat koʻrsatishining batafsil tartibini va prinsiplarini belgilaydi.
Bozor konsepsiyasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
elektr energiyasi bozorining umumiy tuzilishi va chegaralarini;
elektr energiyasi bozoriga oʻtish bosqichlarini va har bir bosqichda amalga oshirilishi kerak boʻlgan chora-tadbirlarni;
bozor ishtirokchilarining har bir bosqichdagi vazifalarini;
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish chora-tadbirlarini;
taʼminotchini tanlash imkoniyatiga ega boʻlmagan isteʼmolchilarni yoki isteʼmolchilarning toifalarini aniqlashni.
Bozor konsepsiyasi qonunchilikka muvofiq boshqa tartib va prinsiplarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Bozor konsepsiyasi Energetika bozori regulatori tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
